600 million yillik evolutsiyani bosib o’tgan “mo’jiza”..! Essiz, hech kim e’tibor bermaydi-ya…

600 million yillik evolutsiyani bosib o’tgan “mo’jiza”..! Essiz, hech kim e’tibor bermaydi-ya…

Sarvarbek Sulaymonov
Andijon davlat tibbiyot instituti
davolash ishi fakulteti 2-bosqich talabasi

Nafaqat insoniyat, balki bu yorug’ olamning deyarli barcha jonzotlari hayotida o’zining beminnat xizmati bilan tanamizning bir bo’lagi sifatida asosiy ko‘makdosh bo’lgan “javohir”. Berilgan ne’matlar ichida ulug‘i! Bu ne’matni qadrlash uchun ko’zingizga surtishingiz shart emas! Buning iloji ham yo’q!

Bu judayam muhim narsa nima ekan, deb qiziqyapsizmi? Unda hoziroq ko’zguga qarang! Menimcha, topdingiz, axir bu chaqnab turgan 2 ta chiroyli narsani topish qiyin emas-ku.

Ko’zlar..! Biz ko’rayotgan predmetlardan kelayotgan yorug’lik nurlarini qabul qilib, oliy nerv markazimiz taniydigan holatga – nerv impulslariga aylantirib berayotgan mana shu bir juft a’zoning evolutsiyasi bor-yo’g’i 600 million yillik tarixga ega.  Ularning kelib chiqishi va rivojlanishi haqida evolutsion nazariyaning asoschisi Charlz Darvin “agar ko’plab gradatsiyalarda oddiy va sodda ko’zlar bilan bir vaqtda murakkab va mukammal ko’zlar mavjud bo’lsa, ularning egalari uchun foydali, bu shubhasiz haqiqat, vaqt o’tishi bilan tabiiy tanlanish natijasida oddiylari mukammal ko’zlar shaklini oladi, bularni faraz qilish mushkul bo’lsa ham, bu – nazariyaning halokati deb o’ylamasligimiz kerak” kabi chuqur mulohazali so’zlarni aytgan edi.

Paleontologlarning izlanishi natijasida eng birinchi dastlabki ko’zlarning toshqotmalari yoshi uglerod izotopining yarim yemirilish davri bo’yicha hisoblanganda, taxminan, 600 million yil ekanligi aniqlangan.

Ko’zlarning eng sodda tipini xivchinlilardan qizil rangli stigmaga ega yashil evglenada ko’rishimiz mumkin. Uning yorug’lik tomon harakatlanishi(fototaksisga misol) barchaga ma’lum. Uning stigmasida barcha ko’zlarda bo’ladigan opsin oqsili aniqlangan.

Biolog, professor D.E.Nilsson o’zining “Ko’z evolutsiyasi va uning funktsional asosi” (Eye evolution and its functional basis) nomli ilmiy maqolasida yozishicha, taxminan, 530 million yil ilgari “Kembriy portlashi”(evolutsiya shiddat bilan tezlashgan davr) vaqtida sodda ko’zlardan murakkab tipdagi ko’p hujayrali ko’zlar rivojlangan

Ko’zlarimiz o’sha davrdan hozirgacha ko’plab “chig’iriqlar”dan o’tib, ayni paytda biz ko’rib turgan mukammal tuzilishga ega bo’ldi. Hozir ushbu oddiy so’zlar orqali ko’zimiz naqadar murakkab va mukammal tuzilma ekanligiga guvoh bo’lamiz…

Ko’z a’zosi – miyadan keyingi eng murakkab tuzilishga ega a’zo bo’lib, ko’ruv analizatorining periferik qismi, distant sezuvchi organ hisoblanadi. Anatomik jihatdan ko’z soqqasi(olmasi) va uning yordamchi apparatidan iborat bo’lib, yordamchi apparat tuzilmalari ko’z harakatini ta’minlash(ko’z muskullari), asosiysi himoya qilish(qovoqlar, kipriklar, ko’z-yosh bezlari va ularning xaltachasi) vazifalarini bajaradi.

Ko’z olmasining oldingi va orqa qutbi mavjud bo’lib, old qutbini ko’zguda ko’rishimiz mumkin(to’liq emas albatta), orqa qutbida esa markaz va periferiyani bog’lab turuvchi ko’ruv nervi bor.
Ko’z olmasi qobig’i(kapsulasi) uch qavatdan iborat:

1. Zich tolali tashqi yoki  fibroz parda. Bu qavat ko’z olmasining tashqi zich pardasi bo’lib, himoya qobig’ini tashkil qiladi. Ko’zning orqa qutbida  tiniq bo’lmagan oqsilli parda – sklera, oldingi qutbida esa o’ta tiniq – muguz(shox) pardadan iborat. Muguz parda ko’zning optik sistemasi tarkibiga kirib, tashqaridan kelayotgan yorug’lik nurlarini sindiruvchi “birinchi linza” vazifasini bajaradi. Uning zararlanishi natijasida astigmatism(bunda muguz parda turli yo’nalishda har xil nur sindiradi)rivolanishi mumkin, kuchli zararlanganda ko’rlikka olib keladi. Bu ko’rlikni davolash uchun donordan bemorga muguz parda transplantatsiyasi amalga oshiriladi. Ushbu murakkab operatsiyaning metodikasini sobiq SSR ning buyuk oftalmologi, xirurg akademik Filatov tomonidan ishlab chiqilgan.

2. Tomirli parda – xususiy tomirli parda(qon bilan ta’minlaydi),kiprikli tana hamda kamalak(yoy) pardadan iborat.  Kiprikli tanada kipriksimon muskullar va gavharni o’rab turgan kiprikli o’simtalardan tashkil topgan. Kamalak pardaning old yuzasi bizga ko’rinib turadi va uning hujayralari tarkibidagi melanin pigmenti miqdori ko’z rangini belgilab beradi.

3. Mana endi ko’zning eng murakkab qismi to’r parda haqida so’zlaymiz. To’r parda pigmentli epiteliy, fotoretseptorlar (neyrosensorlar – kolbacha va tayoqchalar bizga ma’lum) hamda nerv tolalari – aksonlari qavatlaridan iborat. Quyidagi rasmga e’tibor bering.

Fotoretseptorlar boshqa retseptordan farq qilib teskari mexanizm bo’yicha ishlaydi, ya’nikim yorug’lik ular uchun qo’zg’atuvchi emas, balki tormozlovchi ta’sir ko’rsatadi. Demak qorong’uda ular qo’zg’algan holatda bo’ladi.

Ko’z olmasining ichi bo’shliqdan iborat bo’lib, uni shishasimon tananing tiniq yopishqoq massasi to’ldirib turadi. Undan oldiroqda ko’z gavhari mavjud bo’lib, uning atrofidagi cho’zilmaydigan Sinn boylami tolalari kipriksimon muskullar bilan tutashgan. Muskullar bo’shashida gavhar qalinlashadi, qisqarganda esa, aksincha, yupqalashadi, bu akkomodatsiyani ta’minlaydi. Gavhar va muguz parda orasidagi bo’shliqda ko’z ichi suyuqligi bo’ladi, uning yo’nalishli harakati natijasida u yerdagi borliq oziq moddalar bilan ta’minlanadi. Ko’z ichi suyuqligining so’rilish mexanizmi buzilsa, glaukoma kasalligi kelib chiqadi.

Ayni vaqtdagi izlanishlarda ko’z taraqqiyoti va evolutsiyasining bizga pinhon genetik mexanizmlari olimlar tomonidan o’rganilmoqda.

Butun dunyo mo’jizalarini ko’rib turganimizning o’zi katta bir mo’jiza! Mana shu ma’lumotlar orqali o’zingiz uchun qandaydir foydali bilimlarga ega bo’lgan bo’lsangiz, demak, ko’zingiz nurini bekorga ketkazmabsiz, e’tiboringiz uchun tashakkur! Ko’zlaringizni ko’z tegishidan asrang… (tanlov qatnashchilariga: – yo’qsa, tanlovga qo’yilgan mikroskopning ham keragi bo’lmay qoladi!!!)

Atamalar: ko'z, kolbacha, Tayoqcha

Izohlar

  1. Kayhon Atoev
    Kayhon Atoev 22 Sentabr, 2021, 07:39

    Saytdagi malumotlar ajoyib sayt tashkilotchilariga kattakon rahmat ishlariga rivoj men malumotlar bazasi yanada kengayib shunaqa ajoyib faktlar bòlishini xohlardim

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.