Afsonalarda yashiringan haqiqatlar…

Barno Sharipova
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani
54-maktab biologiya fani o’qituvchisi

Hammamizga ma’lumki xalq orasida juda ko’p afsonalar va naqllar yuradi. Ushbu afsona va naqllar xalqlarning necha asrlik ma’naviy durdonalari bo’lib, ularni rost yoki yolg’nligi qorong’u bo’lib, lekin ularning zamirida bir chimdim bo’lsa ham haqiqat, ishonishga arzigulik asos bo’ladi. Bunday naqllar ko’pchilik hayvonlar va o’simliklar haqida ham bo’lib, ushbu maqolada ularning ayrimlari haqidagi ma’lumotlar bilan o’rtoqlashmoqchiman. Bu naqllarning rost yoki yolg’onligini ilmiy jihatdan isbotlay olmayman albatta. Lekin ularning nima sababdan paydo bo’lgani haqida fikrlar oydinlashadi deb o’ylayman.

Ushbu maqolada vampirlar, chumolilar va odamsimon maymunlar haqidagi afsonalar to’g’risida fikr yuritamiz.

Birinchi afsona vampirlar haqida… Qachonlardir Sharqiy Yevropada vampirlar to’g’risida ko’p afsonalar to’qilgan. Ularda tunda vaxshiylik qiyofasiga kiruvchi marxumlarning arvohlari vampirlar sifatida ifodalangan. Ular tеvarak-atrofda daydib, qon so’rish niyatida kuzatib yurar emish. XVIII asr boshida Janubiy va Markaziy Amеrika bo’ylab sayohatga chiqqan tadqiqotchilar qon bilan oziqlanuvchi ko’rshaplaklarni aniqlashgan. Ular uylariga qaytib kеlgach, qo’rquvdan bo’rttirilgan tasavvurlarini oshirib-toshirib so’zlaydigan bo’lganlar va shundan so’ng vampirlar to’g’risidagi eski afsonalar ko’rshapalaklar bilan bog’lana boshlagan.Ko’rshapalaklarning (qo’lqanotlilar) ultratovush signallar chiqarishi va ularning aks sadosini qabul qila olish qobiliyati juda mashhur. Odamlar quloqlari bunday tovushlarni eshita olmaydi. Lekin qo’lqanotlilarning hammasi ham ideal eshitish qobiliyatiga ega emas. Masalan, kamharakat hasharotlar va mayda umurtqalilar bilan oziqlanuvchi soxta vampirlarga kuchli ta’sirchan sonorning keragi yo’q. O’txo’r jonivorlar va katta hayvonlar qoni bilan oziqlanuvchi haqiqiy vampirlar ham kuchsiz signallar chiqaradi. Ko’rshapalaklar kechqurunlari ov qilib, kunduzi g’orlarga, binolarning shifti ostiga, daraxtlarning kovagiga va boshqa joylarga kirib uxlaydi. (E’tibor bering. Ular zamonaviy “afsonalar”da aytilayotgan uyaga ega emaslar!!!)

Vampirlar (ayrim qo’rqinchli filmlarda tasvirlangan dahshatli hayvon emas, qo’lqanotlilarga mansub ko’rshapalak turi) faqat Markaziy va Janubiy Amеrikada, Janubiy Afrikada yashaydi. Yoyilgan qanotlari 30 san­timеtr, tanasining uzunligi  10 santimеtrdir.

Ilgarilari vampirlar qonni suradi dеb hisoblanardi, ammo aslini olganda ular oqayotgan qonni yalaydi. Ular ustaradek o’tkir tishlari bilan hayvonning terisida jarohat hosil qiladi, keyin esa qonni yalay boshlaydi.Vampirlarning so’lagida yaradagi og’riqni qoldiradigan va qonning qotib qolishiga (ivishiga) yo’l qo’ymaydigan modda bor dеb hisoblanadi. Vampirlar odamga yaqinlashishdan qo’rqadi. Ular sigir, ot, echki va hatto jo’jalar qonidan oziq. sifatida bеmalol foydalanadi. Vampirlarning chaqishi aslida jonivorlar uchun bezarar, lekin ularning boshqa xavfli tomoni vampirlar qurbonlari uchun halokatli bo’lgan kasalliklarni tashuvchilar hisoblanadi.

Ikkinchi afsona esa O’rta Osiyo xalqlari orasida tarqalgan bo’lib, unda aytilishicha buyuk sarkarda bobomiz Amir Temur davlat boshqaruvini tartibga solishda chumolilar oilasidagi tartib qoidalarni asos qilib olgan deyiladi. Bu qanchalik haqiqat ekanligini bilmadim-u, chumolilar yashash tarzini o’rgangan odam balki to’g’ridir degan fikrga borishi aniq…

Chumolilar keng tarqalgan va jamoa bo’lib yashaydigan hasharotlar. Nashtari juda qisqa bo’lganidan chaqa olmaydi. Chumolilar oilasida individlar soni bir necha yuzdan mingga, ayrim turlarida esa bir necha millionga yetadi. Chumoli oilasi qanotsiz ishchi chumolilar, yirik boshli va jag’i kuchli rivojlangan navkarlar, qanotli erkaklar va bir necha ona chumolilardan iborat.

Ona chumoli (ayrim adabiyotlarda “malika” deb ataladi) ning qorin qismi juda katta bo’lib, uyasidan chiqmaydi. U tuxum qo’yib, nasl qoldirish vazifasini bajaradi. Ona chumolini ishchi chumolilar parvarish qilib boqadi. Ishchi chumolilar oziq yig’ish, qurtlarni parvarish qilish va ko’chirib yurish, uyani ozoda saqlash vazifasini bajaradi. Shuningdek, ular jig’ildonida chala hazm bo’lgan oziq bilan qurtlari, navkarlari, lichinkalari va ona chumolini oziqlantiradi. Navkar chumolilar esa uyadan tashqariga chiqmaydi. Ular chumoli uyasini dushmandan himoya qiladi. Ular uyaga kiradigan teshiklarni boshlari bilan yopib oladi.

Uyaga kiradigan ishchi chumolilar mo’ylovlarini navkarlar boshiga tekkizadi. Shundan keyin navkarlar ularni uyaga kirishiga ruxsat beradi. Chumolilar tuproqqa, toshlar orasiga, chiriyotgan to’nkalarning ichiga juda ko’p xona va yo’laklardan iborat uya quradi. Chumoli uyasi shoxchalardan iborat gumbazdan iborat bo’ladi. Usti tuproq bilan qoplangan. Gumbazning ko’plab kirish yo’llari bor. Bu yo’llar ob-havo va (sutka davomida) vaqt o’zgarishiga ko’ra navkar chumolilar tarafidan ochilib yopilib turadi…

Uchinchi naql, uni naql deb ham bo’lmaydi. Chunki bu hozirgi kungacha ham ko’plab olimlar tomonidan ko’plab bahs munozaralarga, yondoshuvlarga sabab bo’lib kelayotgan mavzuda….Odamlar maymunlardan kelib chiqqanmi???

Alhamdulillah, musulmonmiz, odamni olloh yaratganligini inkor etish fikridan yiroqmiz albatta. Lekin bunday qarashlarning yuzaga kelishining ham ma’lum sabablari bor albatta…

Xayoliy biologik zina bo’ylab ko’tarilsak, oxiridan bitta oldingi pog’onada shimpanzeni ko’ramiz. Aynan shimpanze tuzilishi odamga yaqin bo’lgan odamsimon maymundir.

Shimpanze Afrikaning nam tropik o’rmonlarida va savannaning siyrak o’rmonlarida 30-80 ta a’zodan iborat katta guruh bo’lib yashaydi. Albatta guruhda raqobat mavjud, kimdir yo’lboshchilik qiladi, lekin shimpanzelarda qat’iy tabaqalanish mavjud emas. Shimpanzelar va boshqa maymunlar insoniyatni ko’plab xastaliklardan qutqarib qolgan. Ko’pincha biror kasallikni qanday davolashni aniqlash uchun aynan shimpanzelardan foydalaniladi. Chunki odamlar bilan shimpanzelar deyarli bir xil kasalliklarga chalinadi. Hattoki maymunlarda barmoq izlari ham odamlarniki kabi individual bo’ladi. Odamsimon maymunlar orasida shimpanzelarning bo’yi eng kichik. Ularning bo’yi 130 sm dan 150 sm.gacha bo’ladi, vazni esa 45 kg dan 70 kg gacha. Shimpanze aqlining yuksak darajada rivojlanganligi ularning bir-biri bilan o’zaro aloqasida ham aks etadi. Shimpanzening miyasi odamnikiga o’xshab yaxshi rivojlangan. Shimpanze- dunyodagi kula oladigan yagona hayvon. U mimikadan foydalanadi. Lekin mazkur mimika ifodalagan ma’no ko’pincha biz odamlarda ko’rishga o’rgangan mimika ma’nosidan farq qiladi. Masalan, odamning xotirjam, e’tiborli, beozor nigohi maymunlarda kuchli adovatni bildirishi mumkin. Shimpanze mimikaga qo’shimcha ravishda turli ishoralar, gavda harakatlari va 30 dan ortiq tovushlar yordamida muloqat qiladi. Ularning ma’nosini olimlar hali aniqlagani yo’q. Ko’plab imo-ishoralar odamlarnikiga juda ham o’xshaydi. Maymunlar ko’rishganda “salomlashadi”, bir-birining kuragiga yoki yelkasiga qoqib qo’yadi, quchoqlashadi, qo’l berib ko’rishishga o’xshash harakatlar qiladi. Agar murakkab holatga tushib qolsa, nima qilarini bilmay yelka qisib, gardanini qashlaydi. Shimpanze jahli chiqqanida qasddan tayoq bilan ilonni o’ldira olgan yagona hayvon.

Shimpanzelar- barcha primatlarning eng zakovatlisi. Ular avval duch kelmagan muommolarni hal qila oladi. Shimpanzelar hatto oddiy ish quroli ham yasay oladi. Holbuki bu ish faqat odamni qo’lidan keladi deb hisoblanar edi. Shimpanze tishlari va qo’llari yordamida taxtadan o’tkir cho’plar ko’chirib olib ularning yordamida termitlarni inidan chiqaradi. Qolaversa ular bargdan piyola yasab, undan faxr bilan suv ichishi mumkin.Ana shunaqa… Ushbu maqola bilan kimlargadir nimanidir uqtirmoqchi emasman. Faqatgina bizni o’rab turgan bioolam shunchalik mo’jizakorki, ular qadim zamonlardan to hozirgi kungacha insonlarni hayratlantirib kelmoqda, biolog olimlarni turli ilmiy tadqiqotlar qilishga ilhomlantirmoqda …

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.