Aniqlagich bilan ishlash metodikasi

Aniqlagich bilan ishlash metodikasi

Biror noma’lum hayvon yoki o’simlik turini aniqlash uchun avvalo shu sohaga oid bog’lang’ich bilimlar zarur bo’ladi. Masalan, o’simliklarni aniqlash uchun siz gulo’rin, gulqo’rg’on, changchi, urug’chi, gulo’rin, murakkab barg, ostgulkosachabarg, gipantiy, barg qo’ltig’i, dixotomik shoxlanish, sinpodial/monopodial shoxlanish, sporali o’simliklar, gulli o’simliklar va shunga o’xshash botanikaning asosiy tushunchalarini bilishingiz lozim bo’ladi. Yoki hayvonlar haqidagi aniqlagich bilan ishlashdan oldin hech bo’lmaganda hayvon tiplari haqida tushunchaga ega bo’lishingiz lozim bo’ladi. Masalan, o’rgimchaksimonlar sinfi vakillarini hasharotlardan ajratishni bilishingiz kerak bo’ladi yoki shunga o’xshash elementar bilimlarni bilish talab etiladi.

Qachon olim yangi turlarni kashf etadi? Qachonki u avval kashf etilgan turlarning barchasini bilsa va ularni farqlay olsa!

Xuddi mana shuning uchun aniqlagich bilan ishlashdan avval Siz aniqlamoqchi bo’lgan hayvon yoki o’simligingiz haqida ma’lumotga ega bo’lishingiz kerak, hech bo’lmaganda oila va turkum darajasida!

Aniqlagich kitoblarni ochib ko’rsangiz u yerda quyidagi tamoyilni uchratasiz:
1) avvalo yuqori taksonik birliklar aniqlanadi, ana undan keyin pastdagi taksonomik birlikka tushib boriladi.
2) har bir aniqlagich teza (ma’lum bir belgilar yig’indisi) va antitezadan (qarama-qarshi belgilar yig’indisi) tashkil topgan bo’ladi.
3) tezaning oldiga raqam qo’yilgan bo’ladi, oxirida yoki boshida qo’yilgan raqamning oldida qavs ichida ikkinchi raqam turadi, bu antitezaning raqami.
4) tezadagi ma’lumot qo’lingizdagi turning belgilari bilan bir xil tushsa, Siz pastdagi tezaga tushasiz, agar tezadagi ma’lumot to’g’ri kelmasa, demak antitezaga qaraysiz.

Amaliy misol

Tasavur qilaylik qo’lingizda o’rmondan uzib olingan ko’p yillik o’t o’simlik turibdi. Barglari uchta, murakkab. Gulida 5 ta erkin holdagi kosachabarg, 5 ta oq rangli tojibarg, ko’p sonda changchi va urug’chisi bor. Kosachabarglari ostida ostkosachabarglari ko’rinib turibdi.

O’simliklar aniqlagichida “Daraxtlar va butalar…” qismidan o’tib ketamiz, chunki qo’limizdagi o’simlik o’t. “O’tlar” qismini ochamiz. U yerda quyidagicha yozilgan:

“O’tlar”
. . .
34 – Sporali o’simlik – 40
. . .
40 – Gulli o’simlik – 34
. . .

34 raqamni o’qiganimizda sporali o’simlik haqida yozilmoqda, lekin qo’limizdagi o’simlikning guli bor, shu bois biz antitezaga, ya’ni 40 raqamga qaraymiz, u yerda gulli o’simlik yozilgan. Demak to’g’ri joydamiz. Agar 40 to’g’ri bo’lsa to’g’ridan to’g’ri uning ostidagi raqamni o’qib ketaveramiz. Agar 41 ham mos tushsa 42 ga o’tamiz, mos kelmasa 41 ning oxirida antiteza sifatida nechanchi raqam ko’rsatilsa o’sha yerga o’tiladi.

Qo’limizdagi o’simlik bilan taxminan mana bunday raqamlarni ko’rib chiqamiz 40-81-86-101-106-107-108-100

. . .
110 – Gullari ikki jinsli, to’g’ri. (Ra’nodoshlar oilasi)

Mana oilasigacha yetib keldik. Endi kitobning aynan Ra’nodoshlar oilasiga yozilgan sahifasiga o’tiladi.

Aniqlagichda, masalan u “O’zbekiston o’simliklar aniqlagichi” bo’lsa, faqat O’zbekistondagi ra’nodoshlar haqida yozilgan bo’ladi xolos. Ya’ni qo’lingizdagi o’simlikni O’zbekistondan olgan bo’lsangiz aniqlagichdan qiyinchiliksiz topib olasiz. Oilaning aniqlagichidan ham xuddi yuqoridagi qoidalarga amal qilingan holda yurilsa, oxiri qaysidir raqamga (tezaga) borganda, teza oxirida o’simlikning lotincha va o’zbekcha nomi chiqadi.

O’simlikning nomi aniqlangach, shu nom bilan berilgan o’simlikning rasmini topib qo’lingizdagi namuna bilan solishtirib ko’rasiz, belgilar bir xil bo’lsa demak Siz turni to’g’ri aniqlagan bo’lasiz.

Bo'limlar: Botanika
Atamalar: aniqlagich, antiteza, teza

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.