APG sistemasi nima?

APG sistemasi nima?

Botanikada o’simliklar filogeneyasi bilan shug’ullanayotganlar APG tizimi (APG system) degan jumlaga tez-tez ro’baro’ bo’lib turishadi. Bugun mana shu mashhur APG nima ekanligi haqida gaplashamiz.

APG (Angiosperm Phylogeny Group) bu yopiq urug’li (gulli) o’simliklarning filogeneyasini o’rganuvchi xalqaro botanik-sistematiklar jamoasidan tashkil topgan guruhning nomi. Ushbu botanik-sistematiklar o’z oldilariga qo’ygan asosiy maqsad – ulargacha bo’lgan tadqiqotchilar, jumladan, Kronkvist (1981), Torn (1992 va 2001) hamda Taxtadjiyan (1997) tomonidan yaratilgan yopiq urug’li o’simliklarning klassifikatsiyasidagi kamchiliklar, mavhumlik va ixtiloflarni bartaraf etishdan iborat bo’lgan. APG jamoasi yopiq urug’li o’simlik klassifikatsiyani yaratishda aynan kladistik metoddan foydalanishgan, ya’ni gulli o’simliklarning klassifikatsiyasi aynan DNK molekulasidagi nukleotidlar ketma-ketligidan foydalangan holda tekshirilgan. Bunda ular 2 ta xloroplast va bitta ribosoma genidan foydalanishgan.

APG ishining boshqa botanik-sistematik ishlaridan farqi shundaki, ular avvalo klassifikatsiyalashda kladistik usuldan foydalangan bo’lsalar, ikkinchidan jamoada dunyoning eng kuchli botanik-sistematiklari yig’ilgan va ular har bir xulosani o’zaro konsessusga kelishgan holda ifodalashgan, natijada 1998-yilda APG I, 2003-yilda APG II, 2009-yilda APG III va 2016-yilda APG IV sistemalari yuzaga keldi.

Barcha sistemalarda botaniklar qabila (ordo) dan yuqori bo’lgan sistematik birliklarga ilmiy nom berishmaydi, ularni shunchaki ingliz tilidagi nomlarda ifodalab ketishadi. Bu holni ular “qabiladan yuqoridagi taksonlarda deyarli ixtiloflar yo’q va ularga to’xtalishni joiz deb bilmadik” deb izohlashadi. Mazkur klassifikatsiyada ungacha bo’lgan klassifikatsiyalardan farqli ravishda juda ko’plab taksonlar jalb qilingani ishning nufuzi oshishiga sabab bo’lgan.

APG I

Ushbu sistema 1998-yilda e’lon qilindi. Unga o’simliklarning 40 qabilaga oid 462 oilasi kiritildi.

APG II

Oradan biroz vaqt o’tgach 2003-yilda tadqiqotchilar avvalgi sistemani to’ldirgan holda yangi APG II ni e’lon qildilar. Unda avvalgi sistemaga qo’shimcha ravishda yangi 5 ta qabila qo’shildi, sistema jami 45 qabilaga oid 457 oilani qamrab oldi.

APG III

Jamoaning 2009-yilda e’lon qilgan navbatda sistemasiga 14 ta yangi qabila (jami 59 qabila) qo’shilgan bo’lib, ular 413 oilaning filogenetik o’rnini kladistik usulda ko’rsatib berganlar. Shunday bo’lsada ishda bir necha oila va turkum vakillari incertae sedis maqomida qoladi (buning nima ekanligini ushbu maqolada o’qishingiz mumkin).

APG IV

Vanihoyat xalqaro jamoa tomonidan 2016-yilda gulli o’simliklar klassifikatsiyasini ifodalaydigan navbatdagi APG IV sistemasi e’lon qilindi. Yangi sistema o’z ichiga 64 qabila 416 oilaga mansub o’simliklarni qamrab oldi.

APG loyihasi asosida juda ko’plab o’simlik oilalarining sistematik o’rni aniqlandi. Ilgari incertae sedis maqomidagi ko’plab oila va turkumlar bu maqomdan chiqarildi. Jarayon hali yana davom etadi, chunki ko’plab o’simlik oilalari, turkumlari klassifikatsiyada o’zlarining aniq o’rni aniqlanishini kutib turibdi

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izohlar

  1. Nilufar Abdurahmonova
    Nilufar Abdurahmonova 11 Mart, 2020, 15:44

    Ajoyib ma’lumotlar va biologik yangiliklar bazasi uchun katta rahmat.

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.