Avokadoning biologik xususiyatlari

Avokadoning biologik xususiyatlari

Oramizda avokado so’zini eshitganlar ko’pchilikni tashkil etsada, ko’pchilik bu mevani ko’rmagan yoki tanimagan bo’lib chiqadi. Avokado (Persea americana) lavrdoshlar oilasi perseya turkumiga mansub doimiy yashil daraxt bo’lib, uni yana amerika perseyasi deb ham nomlashadi. Muhim mevali ekin sifatida ekiladi. Meva etida ko’plab vitaminlar va minerallar mavjudligi uchun ham qadrlanadi. Mevasidan tashqari uning yog’ochlik qismi ham qurulish materiali sifatida mahalliy aholi orasida mashhurdir.

Tarixi

Bugun mana bizga noma’lum bo’lgan shu o’simlik haqida sizlarga ma’lumot berishga harakat qilamiz. Avokado o’simligi bizning hududda o’smaganligi bois u ko’pchilikka noma’lum bo’lsa ajab emas. Rus tiliga avokado «alligator noki» yoki «agakat» nomi bilan kirib kelgan. Uni xitoylar ham shunday nomlashadi, tayvanliklar esa uni «luoli», ya’ni pishloqli nok deb nomlashadi.

Olimlar avokadoning vatanini Meksikadagi Teuakan vodiysi deb hisoblashadi, bois ushbu hududdagi qazilma ishlari davomida bir necha million yil avval yashagan xuddi avokadoga o’xshash o’simlikning toshga aylangan qoldiqlari topilgan. Ushbu hududda yashagan qadimgi odamlar avokado, qalampir, molluskalar, akula, qushlar va dengiz sherlari bilan oziqlangani ma’lum. Meksikadagi Kokskatlan g’oridan 9-10 ming yoshli avokado danaklari topilgani shundan guvohlik beradi.

Botanik tavsifi

Avokado tez o’suvchi daraxt bo’lib, uning bo’yi 20 metrgacha yetadi. Poyasi tik o’suvchi, juda ham keng shoxlanib o’sadi. Barglari ellipssimon, uzunligi 12-25 sm gacha yetishi mumkin. Barglarini yil davomida almashlab to’kadi.

Gullari ko’rimsiz, mayda, yashil, ikki jinsli, barg qo’ltig’ida joylashgan. Mevasi bir urug’li rezavor meva, shakli noksimon, ovalsimon yoki sharsimon bo’lishi mumkin. Pishgan mevasining diametri 5 sm dan 20 sm gacha boradi, og’irligi ham shunga yarasha 50 g dan 1,8 kg gacha yetadi. Meva po’sti qattiq, xom mevalarda uning po’stlog’i to’q yashil rangda bo’lib, meva pishib borgan sari qorayib boradi. Pishgan meva eti yashil yoki sarg’ish yashil rangda bo’ladi, tarkibida ko’p miqdorda yog’ bo’ladi. Meva o’rtasida yirik danagi mavjud.

Ayni vaqtda dunyoning juda ko’plab tropik va subtropik davlatlarida avokado yetishtiriladi. Bir tup daraxt 150-200 kg gacha hosil beradi. Avokadoning 400 dan ortiq navlari mavjud. Avokado eksporti bo’yicha Meksika dunyoda birinchi o’rinda turadi, meksikaliklar har yili 1 mln tonnadan ortiq avokadoni dunyo bozorlariga yetkazib beradi.

Qo’llanilishi

Avokado meva etida ko’p miqdorda yog’ mavjud bo’lib, bu uning o’sish sharoitiga qarab 40% gacha yetadi. Bundan tashqari yog’ kislotalar, glutation, oqsil, uglevodlar, karnitin, antioksidantlar, ko’plab vitaminlar (D, K, E, B1, B2, B6, B9) kaliy, magniy, mis, rux kabi mikro va makroelementlar mavjud. Avokado turli yaxna taomlar, salatlar tayyorlashda qo’llaniladi. Tibbiyotda esa xolesterin miqdorini pasaytirish miqdorida ham qo’llaniladi.

Avokado oshxonada

Avokado xona o’simligi sifatida ham o’stiriladi, uning yam-yashil barglari jozibadorligi bilan kishilarni o’ziga jalb qiladi. Ushbu o’simlik urug’idan, ildiz bachkisidan va payvand qilib ko’paytiriladi.

Zaharlilik xususiyati

Avokadoning barglarida, meva qobig’i va danagida zaharli fungitsid modda – persin mavjud, u hayvonlar va odamlar uchun xavfli hisoblanadi. Persin yog’da eruvchi modda bo’lib, tuzilishi bo’yicha yog’ kislotalariga o’xshaydi. Odam organizmiga tushgan persin individual holatdagi allergiyani keltirib chiqadi, shu bilan birga ovqat-hazm qilish funksiyasini buzadi. Hayvonlar organizmiga tushganda, ayniqsa qushlar, quyonlar, ot, yirik shoxli qoramol, echki organizmiga xavfli bo’lib, hayvonni o’limgacha olib boradi.

Avokado koevolutsiyada

1982-yilda evolutsionist biolog olim Daniel Jensen avokadoni evolutsion anaxronizmga misol bo’ladi degan xulosaga kelganligi haqida yozdi (evolutsion anaxronizm haqida alohida maqola chiqaramiz). Ya’ni avokadoning mevalari ayni vaqtda qirilib ketgan yirik sutemizuvchilar (jumladan, gigant yalqov va xartumli gomfoterlar) bilan ekologik jihatdan munosabatga kirishishga moslashgan deb tushuntiradi. Aksariyat holatda yirik, etli mevalar o’simlik urug’larining hayvonlar yordamida tarqalishiga xizmat qiladi. Avokado haqida bunday deb o’ylashga bir necha sabablar mavjud. Jumladan, o’rtasida zaharli bo’lgan yirik danakli meva Kaynazoy erasi, to’rtlamchi davri Pleystosen epoxasi megafaunasi vakillari tomonidan butunligicha yutilishga moslashgan. Bunda hayvon o’simlik meva etini hazm qilib, uning danagini go’ngi orqali tarqatadi va urug’ uchun o’sish sharoiti yuzaga keladi. Bunday deyilishiga sabab shuki ayni vaqtdagi ushbu o’simlik o’sadigan tabiiy hududlarda birorta ham uning mevasini butunligacha yutib yeya oladigan yirik hayvonlar mavjud emas.

Bundan avval noyob mevasi o’simliklardan non daraxti haqida xabar bergan edik.

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.