Baliqlarning eng so’nggi taksonomik holati qanday tekshiriladi?

Baliqlarning eng so’nggi taksonomik holati qanday tekshiriladi?

Avvalgi maqolalarimizda bir necha marotaba taksonomiya dinamik sistema ekanligi, u fan doirasida yig’ilib borayotgan ma’lumotlar asosida doimiy o’zgarib turishi haqida ko’p bora aytib o’tganmiz. Shu bois organizmlarning taksonomiyasi yoki biror bir hududning qaysidir bir organizmlar jamoasi haqidagi tadqiqotlar bilan shug’ullanayotgan tadqiqotchilar muntazam ravishda o’sha organizmlarning taksonomik o’rnini tekshirib turishlari lozim bo’ladi. Jumladan, baliqlar katta sinfiga oid organizmlarda ham deyarli har oyda sistematik o’zgarishlar kuzatiladi. Masalan, Turkiyada 2014-yilda D.Turan boshligidagi tadqiqotchilar tomonidan karpsimonlar turkumiga oid Alburnoides recepi nomi bilan yangi baliq turi fanga kiritiladi. Lekin 2017-yildagi molekulyar tekshirishlarda bu baliq aslida yangi tur emas, balki 1843-yilda Heskel tomonidan kashf etilgan Alburnus caeruleus ning aynan o’zi ekanligi ma’lum bo’ladi. Shu bilan fanga kiritilgan yangi baliq turi oradan 3 yil o’tib o’z maqomini yo’qotadi. Agar siz tadqiqot natijalari e’lon qilinganidan so’ng, ya’ni 2017-yildan keyin Alburnoides recepi baliq turini mavjud tur deb qayd etib ketsangiz, ilmiy jihatdan xatoga yo’l qo’ygan bo’lasiz. Ana shunday xatoliklarga yo’l qo’ymaslik uchun ham muntazam ravishda organizmlar taksonomiyasiga oid yangiliklarni kuzatib borish talab etiladi.

Bugungi maqolamizda baliqlarga oid taksonomik o’zgarishlarni qanday qilib kuzatib borish yoki tekshirish mumkinligi haqida so’z yuritmoqchimiz. Ko’pchilikka ma’lumki, ayni vaqtda baliqlarga oid bir nechta yirik masshtabli xalqaro kataloglar ishlamoqda, shulardan biri Uilyam Eshmeyer tomonidan tashkil etilgan “Eshmeyerning baliqlar katalogi” (Eschmeyer’s Catalog of Fishes) bo’lib, ushbu katalogda har bir turga oid eng so’nggi taksonomik o’zgarishlar ko’rsatib boriladi. Katalogning o’zi esa har oyda bir marotaba yangilanadi. Keling, ushbu katalog qanday ishlashini ko’rib o’tsak. Katalogga ushbu havola orqali kirilganda quyidagicha oyna hosil bo’ladi:

Bu yerda siz baliqlarni urug’ va turlari, shu bilan birga manbalar orqali qidirishingiz mumkin bo’ladi. Ayni holatda qidiruv tur darajasida amalga oshirilishi belgilab qo’yilgan (qizil to’rtburchak), qizil rangli ko’rsatkich ko’rsatgan joyda qidirish ko’zda tutilgan organizm nomi yoziladi. E’tibor bering, katalog oxirgi marotaba 4 kun avval, ya’ni 4-dekabr 2019-yilda yangilangan (sariq to’rtburchak).

Qidiruvni jonli bir misol asosida ko’rsatib beraman. K.F.Kesslerning 1872-yilda chop etilgan “Turkiston ixtiofaunasi” asarida Gobio fluviatilis lepidolaemus nomi bilan yangi kenja tur fanga kiritilgani haqida yoziladi. Ushbu kenja tur ayni kunda qanday taksonomik maqomga ega ekanligini katalog orqali tekshirib ko’ramiz. Buning uchun qidiruv manziliga ushbu baliq nomini yozib “qidiruv” (Search) tugmasini bosamiz.

Shunda bizda quyidagicha ma’lumotlar ko’rsatilgan oyna hosil bo’ladi:

Haqiqatdan ham, ushbu nomdagi baliqni Kessler 1872-yilda fanga kiritgan ekan (qizil chiziq). Qizil ko’rsatkichda ko’rsatilgan raqam aynan o’sha Kessler asarining katalogdagi maxsus raqami bo’lib, uning ustiga bosilganda quyidagi rasmda ko’rsatilganidek o’sha asarga oid ma’lumotlar taqdim etiladi. Ushbu baliqni Kessler qayerdan tutib, fanga kiritgani haqida ham ma’lumot mavjud (ko’k chiziqqa e’tibor bering). Oradan vaqt o’tib, Gobio fluviatilis lepidolaemus balig’ini nomi o’zgartirilgan, ya’ni u Gobio gobio lepidolaemus nomi bilan yuritila boshlangan (qizil to’rtburchak). Bu o’zgarish ilk marotaba L.Bergning 1949-yilda yozgan asarida qayd etilgan. E’tibor bersangiz bu narsa katalogda ko’rsatib berilmoqda, ya’ni Bergdan keyin kimlar o’z asarlarida, maqolalarida bu baliqni ayni Berg yozib ketgandek yozgan bo’lsa xronologik tartibda ko’rsatmoqda. Shundan so’ng, 2004-yilga kelib E.D.Vasilyeva tomonidan bu baliq aslida Gobio gobio ning kenja turi emas, balki Gobio lepidolaemus nomli mustaqil tur ekanligi yozilmoqda (yashil to’rtburchak). Bundan keyingi barcha adabiyotlarda bu baliq Gobio lepidolaemus nomi bilan yuritilgani ko’rsatilmoqda. Va oxirida ushbu baliqning ayni kundagi rasmiy taksonomik maqomi (Current status) ko’rsatilmoqda (qizil ko’rtburchak), ya’ni bu baliq rasmiy ravishda Gobio lepidolaemus hisoblanar ekan. Uni Gobio gobio ning kenja turi (Berg yozgandek) yoki Gobio fluviatilis ning kenja turi (Kessler yozgandek) sifatida yozish ilmiy jihatdan xatolik hisoblanadi.

Keling endi boshqa bir turni xuddi mana shunday tekshirib ko’raylik. Bu ko’pchilikka tanish va mashhur bo’lgan zog’ora baliq (Cyprinus carpio) bo’lsin. Biz ushbu baliqning nomini yozib qidiruvga berganimda bizga quyidagicha oyna taqdim etiladi.

E’tibor bering, Cyprinus carpio nomi bilan bog’liq 60 ta holatdagi baliq mavjud ekan. Yuqoridagi misolda esa atigi bir dona edi. Ro’yxatdagi birinchi baliqqa nazar solsak, uning nomi Cyprinus acuminatus bo’lib, 1846-yilda Richardson tomonidan fanga kiritilmoqda (qizil chiziq). Hozirgi rasmiy maqomi (Current status) esa Carassioides acuminatus ekan (qizil to’rtburchak). Bunday olib qaraganda uning Cyprinus carpio ga hech qanday daxli yo’qdek, lekin katalog taqdim etayotgan ma’lumotlarga e’tibor beradigan bo’lsak, ushbu tur 1989-yilda C.Y.Zheng tomonidan Cyprinus carpio ning sinonimi sifatida ko’rsatilgan va bu 2001-yilgacha davom etgan, 12 yil davomida u adabiyotlarda Cyprinus carpio ning sinonimi sifatida yuritilgan va shundan keyingina uning mustaqil, alohida tur ekanligini oydinlashgan.

Ikkinchi navbatda turgan xuddi shu nomli Cyprinus acuminatus baliq turi 1857-yilda Heskel va Kner tomonidan fanga kiritilmoqda (qizil chiziq) va bu turning hozirgi kundagi rasmiy maqomi (Current status) aynan Cyprinus carpio ekan. Bu degani Heskel va Kner avval boshdan aynan Cyprinus carpio ning o’zini boshqa nom bilan fanga kiritishgan.

Shundan so’ng ro’yxat bo’yicha pastroqqa tushsak, aynan K.Linney tomonidan 1758-yilda fanga kiritilgan baliqning o’zini topamiz.

E’tibor bersangiz 100 dan ortiq tadqiqotchilar bu baliqni o’z asarlarida eslab o’tishgan. Ko’rsatilgan har bir asar raqami ustiga bosib, uning qaysi asar ekanligini bilib olish mumkin.

Ro’yxatda davom etsak 1963-yilda H.W.Wu tomonidan Cyprinus carpio megalophthalmus nomi bilan yangi kenja tur fanga kiritilganiga duch kelamiz.

Biroq orginal holatda fanga kenja tur maqomida kiritilgan baliq aslida mustaqil Cyprinus megalophthalmus nomli mustaqil baliq turi ekanligi biroz keyinroq ayon bo’lganini ko’ramiz.

Xuddi mana shunday qilib, har bir baliq turini ushbu katalogdan foydalangan holda ularning taksonomik holatini tekshirish mumkin. Bu narsa sizning ilmiy ishingiz fanning eng so’nggi ma’lumotlari bilan hamohang ketishiga sabab bo’ladi. Lekin shunday bo’lsa-da, ayrim tadqiqotchilar tomonidan taksonomik holati o’zgarganiga bir necha o’n yillar bo’lgan turlarni hamon eski nomlari bilan qo’llanilishi kuzatiladi, bu esa ushbu tadqiqotchilarning o’z sohasiga oid yangiliklar, o’zgarishlardan biroz ortda qolib ketganini ko’rsatadi.

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.