Bebaho mavjudotlar

Dilbar Otamurodova
Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on shahar
12-maktab biologiya fani o’qituvchisi

Ona Tabiat – asriy mo’jiza makoni bo’lib, suv osti dunyosi ham ana shu tabiatning ajralmas, eng muhim biogeosenozi sifatida uzoq yillardan beri insoniyatni o’ziga shaydo etib kelmoqda.

Gidrosfera bag’ridagi g’aroyibotlar qanchadan qancha tadqiqotlarga asos bo’ldi, hali qanchasi hamon sir – sinoatligicha o’z navbatini kutmoqda…

So’z yuritmoqchi bo’lgan mavjudotimiz turlar xilma – xilligida, chaqqon harakatida, oziqni faol ovlashda, tashqi muhit ta’sirini qabul qilish va unga moslashishda namoyon bo’ladi. Yuqoridagi holatlarning bo’lishi ayrim organlarning, birinchi navbatda nerv sistemasining, sezgi a’zolarining va skeletining takomillashuviga bog’liq. Topdingiz, bu silur davrida chuchuk suvlarda paydo bo’lib, devonda barcha suv havzalarida hukmron hayvonlar guruhiga aylangan sovuqqonli mavjudot – baliqlardir. Ekotizimda baliqlar oziq zanjirini muhim qismi hisoblanadi.

Maktab biologiya darslarida baliqlarni morfo-fiziologik tuzilishi haqidagi dastlabki ma’lumotlarni o’rganganmiz. Keling birgalikda baliqlarni ahamiyatiga batafsil to’xtalib o’tamiz. Ozuqaviy qiymati, yumshoqligi va mazasiga ko’ra baliq mahsulotlari inson oziq ratsionida asosiy o’rinni egallaydi.

Baliq go’shti o’zining qimmati jihatidan faqat sut va tuxumdan orqada qolishi mumkin, lekin qo’y,mol va parranda go’shtidan ancha ustun turadi. Shu sababli dunyo xalqlarining o’rtacha iste’mol qiladigan balig’i 16,6 kg odam/yil. Bu ko’rsatgich O’zbekiston uchun 12 kg odam /yil qilib belgilangan.

Har bir inson organizmi sog’lom rivojlanishi uchun yil davomida 12 – 16 kg baliq is’temol qilishi kerak. Dunyo bo’yicha bu ko’rsatgich o’rtacha 22 kg, Yaponiyada -76 kg, Koreyada 68 kg, O’zbekistonda 2-4 kg ni tashkil etadi. Baliq go’shtining mazasi va kimyoviy tarkibi baliq turi, tayyorlanish uslubi va ovlanish muddatiga bog’liq bo’ladi. Yangi baliq go’shtida 15-22 % oqsil, 0,2 dan 30,8 % gacha yog’ va oz miqdorda uglevodlar bor. Baliq go’shtida ixtulin va silin oqsillari mavjud. Oqsilga boyligi jihatdan tunes va keta (23 %) boshqa turlardan yetakchilik qilib, inson organizmida 97% gacha o’zlashtiriladi. Energetik qiymatiga ko’ra semga va skumbriya rekordsmen turlar hisoblanadi.

Semga (100 gr – 205 kkal )
Skumbriya (100 gr – 191 kkal)

Baliq go’shti – qimmatli oqsilga boy parhezbop mahsulot.Baliq mahsulotlarida fosfor, kalsiy, magniy, rux va yod ko’p miqdorda uchraydi.

Yuqori ozuqaviy qiymati va oson hazm bo’lish xususiyati tufayli gipertoniya, ateroskleroz, jigar va me’da kasalliklaridan aziyat chekuvchi bemorlarga baliq go’shti tavsiya etiladi. Ixtulin oqsili trombotsitopeniyada, silin oqsili esa bepushtlikning oldini olishda qo’llaniladi.

Baliqlar jigari va uvildiriqlaridan A, D vitaminlariga boy baliq yog’i ishlab chiqariladi. Baliq yog’i murakkab efir glitserin bilan moy kislotasi aralashmasidan iborat.Uning tarkibida to’yinmagan moy kislotalarini katta miqdorda (84 % gacha) bo’lishi xarakterlidir. To’yingan moy kislotalari esa 16% ni taskil etadi. Baliq uvildirig’i tarkibidagi leytsitin qondagi xolesterin moddasini chiqarilib yuborilishda katta ahamiyatga ega. Baliq yog’ining yosh bolalarni o’sish va rivojlanishdagi ahamiyati barchamizga ma’lum. Oziq –ovqat sanoati, tibbiyot va texnik maqsadlarda qo’llaniluvchi bu yog’ treska, okun, skumbriya, akula jigarida eng ko’p hisoblanadi. Ayrim baliqlar terilaridan (akula va losossimonlar) sanoatda mahsulotlar tayyorlanadi.Ular terisidan yelimlar olishda ham foydalaniladi.

Baliq chiqindilaridan baliq uni tayyorlanadi va uy hayvonlari ozuqasiga qo’shib beriladi, o’g’it sifatida ishlatiladi.

Gambuziya, plotva kabi baliq turlaridan qon so’ruvchi pashshalar lichinkalariga qarshi “biologik kurash” da foydalaniladi. Do’ngpeshona, oq va qora amur baliqlaridan (fitoplankton) suv hafzalarini ortiqcha o’simliklardan (evtrofikatsiya) tozalash maqsadida foydalaniladi.

Guppi, barbus, kometa, teleskop kabi dekorativ baliq turlari akvariumlarda boqiladi.

Baliqlarning minglab turlari mavjud: uchar baliqlar, kamonchi baliqlar, quruqlikda yura oladigan, yirtqich, shaffof, zaharli, stressga tushganda koptok misol shishuvchi va hokazo.

Baliqlarning foydali xususiyatlari uchun insonlar qadimdanoq ularni ovlaganlar. Volga bo’yida olib borilgan arxeologik qazilmalar osetrsimonlar ko’proq ovlanganligini isbotlaganlar.

Gresiyada aholi orasida baliq timsollarini kiyimlariga tikish urf bo’lgan.

Kurill orollarida yashovchi tub aholi eulaxon balig’ini tutsalar xursandchiligidan boshlari ko’kka etgan. Chunki bu baliq rangi oq, ingichka va juda yog’li bo’lgani uchun uni quritib, bir uchidan yoqilib sham sifatida ishlatishgan.

Gavay, Marshal,Salomon orollarida maxsus akula sirklari tashkil etilib, gladiatorlar guruhu suvda akula bilan olishib, tomoshalar tashkil qilganliklari haqida ma’lumotlar mavjud.

Pyotr I baliqlarning ko’payish davrida uvildiriq tashlashiga salbiy ta’sir ko’rsatmasligi uchun cherkov qo’ng’iroqlari chalishni man qilgan.

Yaponlar ozuqasida guruch, baliq va dengiz suvo’tlari asosiy o’rinni egallagani uchun bugungi kunda uzoq umr ko’rish boyicha I o’rinda turadi. Darvoqe, fugu balig’i eng zaharli baliq.Stressga tushganda elastik cho’zilish xususiyatiga ega oshqozoniga ko’p miqdorda suv yig’ib, shar shakliga kiradi. Qorin pardasida tetrodotoksin moddasini to’playdi, bu odamga sianiddan 1200 marta kuchli ta’sir ko’rsatadi. Yaponiyada bu baliq delekates hisoblanadi. Yapon mohir oshpazlari baliqning zaharini mohirona tozalab, undan qimmatbaho taomlar tayyorlashadi. Malakasiz oshpaz esa baliqdan zaharlanishga sabab bo’lmasligi uchun oshpazlar shogirdlariga qunt bilan fuguni tozalash sirlarini o’rgatadilar.

Yana bir ma’lumot oltinchi xalqaro badiiy ko’rgazmaga qo’yilgan suratlar o’zining orinalligi bilan ajralib turgan.Chunki undagi suratlar bo’yoqda chizilmagan. Malevichning “Qora kvadrat” nomli surati baliqlarning qora ikrasi bilan chizilganligi tahsinga sazovor bo’ldi.

Sanoat, sport, havaskor baliq ovlovchilar, tadbirkorlar, tabiat ishqibozlari va albatta biz biologlar uchun eng muhim obyekt hisoblangan baliqlarning qiziqarli xususiyatlarini o’rganar ekanmiz, ular haqidagi qiziqarli ma’lumotlarnng juda ko’pligiga guvoh bo’lamiz.

Kelajakda O’zbekistonda ixtiologiya sohasidagi dunyo standartlariga mos laboratoriyalar faoliyati, yangi istiqbolli faoliyat turi – baliqchilik zavodlarining jadal rivojlanishi, aholimiz dasturxoni hamda eksportga mo’ljallangan xilma –xil tovarbop mahsulotlar ishlab chiqarilishini niyat qilgan holda biologik bilimlarni o’rganishda davom etamiz. E’tiboringiz uchun rahmat!

Izohlar

  1. Durdona_qiz
    Durdona_qiz 21 Yanvar, 2019, 07:40

    Assalomu alaykum.
    Maqolani o’qib chiqib, foydali va qiziqarli ma’lumotga ega bo’ldim. Sinf rahbarimiz g’olib bo’lganlari esa meni quvontirdi.

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.