Bergman qoidasi

Bergman qoidasi

Biologik qoidalar yoki biologik qonuniyatlar bu umumlashgan qonuniyat, tamoyil yohud qoidalar bo’lib, ular tirik organizmlarda kuzatiladigan turli qonuniyatlarni ifodalash uchun xizmat qiladi. Biologik qoidalar asosan o’simlik va hayvonlar turlarining ekologik va biogeografik tarqalishi haqidagi murakkab hodisalarni yoki aniq kuzatuvlarni tushuntirishda qo’llaniladi. Ekologiya va biogeografiyaning ushbu ko’pgina qonuniyatlari ularni birinchi marta tasvirlab bergan biologlarning sharafiga nomlanadi. Sizlarni ana shunday biologik qonuniyatlardan biri – Bergman qoidasi bilan tanishtiramiz.

Bergman qoidasiga ko’ra, biror bir taksonomik guruh, populyatsiya yoki turning sovuq iqlim sharoitida yashovchi vakillarining tana hajmi yirik, issiq iqlim sharoitida yashovchi vakillariniki esa nisbatan mayda bo’ladi.

Ushbu qoidani 1847-yilda nemis biologi Karl Bergman ta’riflagan va qoida uning sharafiga nomlangan. Bergman qoidasi odatda sutemizuvchi va qushlar kabi endotermik hayvonlarga nisbatan qo’llaniladi. Shunday bo’lsa-da, biologlar ektotermik organizmlar orasida ham Bergman qoidasiga bo’ysunuvchi turlar borligini aniqlashgan (masalan, Leptothorax acervorum chumolisida).

Bergman qoidasini hayotda yetarlicha organizmlar misolida ko’rish mumkin:

Shimoliy yarimsharga yaqin mintaqalarda yashovchi inuit, aleut va sami qabilalarining vakillari nisbatan o’rta mintaqalarda yashovchi odamlardan tana hajmining yirikligi va massasining og’ir bo’lishi bilan aynan Bergman qoidasiga mos keladi. Bundan tashqari Marshal Nyuman tadqiqotlarida Bergman qoidasi Yevroosiyo hududidagi aholi orasida yaqqol namoyon bo’lsa, Afrikaning Sahroi kabirdan janubda yashovchi odamlarda namoyon bo’lmasligi ma’lum bo’lgan.

O’tgan 2019 yilda qushlar morfologiyasiga oid ajoyib tadqiqot o’tkazildi. Bunda 1978-2016 yillar oralig’ida AQSH ning Chikago shtatidagi turli binolarga urilib halok bo’lgan qushlarning tanalari o’rganib borilgan. Tadqiqot natijasida qushlar boldir suyaklarining uzunligi (ushbu ko’rsatkich tana o’lchami indikatori hisoblanadi) mazkur yillar davomida 2,4% ga, qanotlarining uzunligi esa 1,3% ga qisqargani aniqlangan. Tadqiqotchilar qushlar morfologiyasida bunday o’zgarish Yerdagi global isish natijasida yuzaga kelgan deb xulosa qilishgan. Bu ko’rsatkichlarni Bergman qoidasiga bo’ysunuvchi evolutsion o’zgarish sifatida baholangan.

Bundan tashqari ko’plab organizmlarda aynan Bergman qoidasini ko’rish mumkin. Masalan, ayiqlar oilasi ichida nisbatan yirik vakillari – oq ayiq, qo’ng’ir ayiq asosan shimoliy mintaqalarda yasasha, nisbatan mayda bo’lgan ko’zoynakli ayiklar mo’tadil iqlim mintaqasida yashaydi.

Shunday bo’lsada, Bergman qoidasini rad etuvchi biologlar ham topiladi. Jumladan, kanadalik biologik Valeriy Gayst 1986-yilda o’tkazgan tadqiqotlari asosida Bergman qoidasining noto’g’ri ekanligini aytadi. Olimning ta’kidlashicha temperaturaga bog’langan korellyatsiya xato. Aslida hayvonlarning tana o’lchami ularning yillik hayot ritmi davomiyligiga hamda ozuqaga mavjudligiga bog’liq deb aytadi.

Quyidagi suratda Bergman qoidasiga bo’ysunuvchi qizil tulkining shimoliy (chapda) va janubiy (o’ngda) populyatsiyasi tasvirlangan.

Bundan avvalgi maqolamizda taksonomiyada keng uchraydigan incertae sedis holati haqida ma’lumot bergan edik.

Bo'limlar: Umumiy biologiya
Atamalar: Bergman qoidasi

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.