Qurbonova Feruzaxon Adxamovna
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani 21-maktab
oliy toifali biologiya fani o‘qituvchisi
Bioluminessensiya organizmlarning o‘zidan yoki simbiont organizmlar ishtirokida nur tarata olish qobiliyatidir.
Bunday qobiliyat uzoq evolyutsiya jarayonidagi tarixiy taraqqiyot natijasi hisoblanib, hozirgi kunda “tirik chiroqlar”ning 700 ga yaqin turlari fanga ma’lum. Ularning ko‘pchiligi okean va dengizlarda yashovchi bir hujayrali xivchinli suvo‘tlar, ayrim bakteriyalar bo‘lsa, quruqlikda ba’zi zamburug‘lar va hayvonot dunyosi vakillaridir. Masalan: sodda hayvonlardan – radiolariya (nurlilar), xivchinlilar, kovakichlilardan gidroid poliplar, meduzalar, sifonoforalar va aktiniyalar nur tarata oladi. Hatto “yonadigan” chuvachanglar, molluskalar, qisqichbaqasimonlar va bo‘g‘imoyoqlilardan ayrim hasharotlar ma’lum. Ninatanlilardan – ofiuralar nur sochsa, xordalilardan tubanlari va ko‘plab baliq turlari “tirik chiroqlar” hisoblanadi. Eng hayratlanarlisi odam ham qorong‘ida nur taratadi, lekin nurning kuchi juda past bo‘lganligi uchun bizga sezilmaydi.
Sodda hayvonlarda nur taratuvchi granulalar sitoplazma bo‘ylab bir xil tarqalgan bo‘lsa, ko‘p hujayralilarda bu vazifani yorug‘lik sezuvchi hujayralar yoki yorug‘lik tarqatuvchi organlar bajaradi. Barcha nur taratuvchi organizmlarda yog‘du hosil bo‘lishining umumiy jihatlari bor. Jarayonning asosini kimyoviy reaksiyalar tashkil qiladi. Shuning uchun ham bu hodisani xemiluminessensiya jarayonlari ham deyish mumkin. Bioluminessentlarning yog‘du taratuvchi organlari o‘zida ikki xil oqsil modda: lusiferin va lusiferaza fermentini saqlovchi hujayralardan tuzilgan. Lusiferin – lotinchada “lusifer” – yorug‘lik tashuvchi ma’nosini beradi. Nur hosil bo‘lishi uchun lusiferin moddasi lusiferaza fermenti ta’siriga uchraydi va ATF hisobiga faollashib, kislorod (ba’zan vodorod peroksidi) bilan reaksiyaga kirishadi, ya’ni oksidlanadi. Oksidlanish natijasida ajralib chiqqan energiyaning qariyib 92% gacha bo‘lgan qismi yorug‘lik energiyasiga aylanadi. Bunday nurlanish Luminodesmus sequoia ignatanlisi, Arachnocampa flava zamburug’i va barcha yonar qo‘ng‘izlarda uchraydi. Aequorea meduzasida maxsus ekvorin oqsili kalsiy ionlari bilan ta’sirlashib kislorod ishtirokisiz nur hosil bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda organizmlar nur sochish usullarining 30 dan ortiq mexanizmlari mavjud bo‘lib, ulardan 10 ga yaqin usuli yaxshi o‘rganilgan. O‘zidan nur tarata olish xususiyati organizmning xiliga qarab turlicha kelib chiqishga ega. Organizmning qay usulda ovqatlanishi, nasliy belgilariga bog‘liq bo‘lib, tabiiy tanlanish tufayli konvergensiya hodisasi natijasida paydo bo‘lishi mumkin
“Tirik chiroqlar”ni qorong‘i g‘orlarda ham uchratish mumkin. Bu yerda kam tukli chuvalchanglarning yog‘du taratuvchi turlari yashaydi. Halqalilarning 12 ga yaqin turlari: F.heliota, Diplokardia, Diplotrema, Fletcherodrilus, Octochaetus, Pontodrilus va Spenceriella shular jumlasidandir.
Rus olimlari N.A.Krasilnikov va A.N.Korenyakolar nur taratuvchi zamburug‘larni – aktinomitsitlarni o‘rganib, ular kuchli bakteriosid ta’sirga ega bo‘lgan moddalar hosil qila olishi mumkinligini aniqladilar.
“Tirik chiroqlar”ning eng muhim turlari quyidagicha tasnifga solinadi.
1. Bakteriyalar. Luminesent bakteriyalar ko‘proq dengizlarda, ba’zan oz miqdorda quruqlikda ham uchraydi. Ularni hatto laboratoriya sharoitida Petri idishida ham o‘stirish mumkin. Nur sochuvchi bakteriyalar ayrim baliqlar, kalmarlarning yog‘du taratuvchi organlarida simbioz holda ham yashaydi. Bunday bakteriyalar simbioz yashashdan tashqari yana parazit va saprofit holatda ham yashashi mumkin. Odatda ular havorang nur sochadilar.
Hujayra.uz saytidagi ma’lumotga qaraganda baliqlar sinfi, berikssimonlar (Beryciformes) turkumi, fonarko‘zlilar (Anomalopidae) oilasiga mansub ikki suzgichqanotli fonarko‘z (Anomalops katoptron) balig‘i ham mashhur bioluminessent organli baliqlardan bo‘lib, aynan mikroorganizmlar hisobiga nur sochadi. Ushbu baliqning ko‘zlari pastida bioluminessent organi bo‘lib, faqat kechasi nur taratadi. Bu esa unga ozuqa topishda yordam beradi. Baliqdan taralayotgan nur baliqchalar va qisqichbaqalarni o‘ziga jalb qiladi. Ushbu organda simbioz yashovchi bakteriyalar nur taratishda katta ahamiyatga ega. Agar baliq och qolsa ,undagi energiya zahirasi oz qoladi va baliqning “fonar”i xiralashib qoladi.
Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi organizmlarning bioluminessent organi faqat nur taratuvchi hujayralardan emas, balki, yorug‘likni qaytaruvchi hujayralardan ham tuzilgan bo‘ladi. Bunday murakkab tuzilgan organlar – projektorlarni eslatadi. Ayrimlari yana boshqa usulda “yonadi”. Huddi ikkiqanot suzgich fonarko‘zga o‘xshab tanasi sirtidagi mikroorganizmlar hisobiga nur taratadi. Odatda nur taratuvchi organlar tashqi muhit ta’sirida qo‘zg‘aladi va uzuq-yuluq yog‘du taratadi. Bu jarayonda organizmning nerv va gumoral sistemasi birdek vazifa bajaradi. Mikroorganizmlarning nur sochishi esa uzluksiz bo‘ladi.
2. Dinoflagellatalar – bir hujayrali suvo‘tlar bo‘lib, “dengiz chiroqlari” ham deyiladi. Ularda xivchinlar harakatlanishi energiyasi va hujayra sitoplazmasining maxsus organoidlari orqali nur hosil bo‘ladi. Bunday suvo‘tlar suv to‘lqinlari va baliqlar harakati ta’sirida qo‘zg‘aladi va tekis suv yuzasida ajoyib manzara hosil qiladi. Dengiz sohilining yuzlab kilometrlari birdaniga “yona boshlaydi”. Bunday ajoyib manzarani Karib dengizi qirg‘oqlarida ham kuzatish mumkin.
3. Qisqichbaqasimonlarning ayrim turlarida yorug‘lik taratishning yana bir usuli bor. Ularda nur hujayra ishida emas, balki tashqarisida hosil bo‘ladi. Masalan:Yapon dengizlarida yshovchi qisqichbaqa Vargula bir necha xil bezlaridan bir vaqtning o‘zida lusifer oqsilini va lusiferaza fermentini ishlab chiqaradi. Suvda ularning qo‘shilishidan yorug‘lik paydo bo‘ladi.
4. Kovakichlilar. Juda ko‘plab meduzalar, gidrod poliplar va aktiniyalarda ham bioluminessensiya kuzatiladi. Aequorea meduzasi o‘zidan yashil nur taratadi. Bu jarayonda Ca2+ ionlari ham muhim o‘rin tutadi.
5. Yonar qo‘ng‘izlar. Ularni Yer sharining juda ko‘p joylarida uchratish mumkin. Ayniqsa, yoz oylarida Shimoliy Amerika va Shimoliy-Sharqiy Osiyoning katta-katta kengliklarida, o‘rmonlarda uchratish mumkin.
Yog‘du taratish soniyalardan tortib bir necha soatgacha, rangi esa havorangdan tortib, qizilgacha bo‘lishi mumkin. Masalan: dengiz suvo‘tlari – dinoflagellatalar havorang, meduzalar – zangori, yonar qo‘ng‘izlar – sariq, Janubiy Amerika qo‘ng‘izi (Phrixothrix) – qizil nur sochadi.
Yog‘du taratish turli organizmlar uchun turlicha ahamiyatga ega. Masalan: yonar qo‘ng‘izlarga qorong‘u kechada o‘z turdoshini yoki juftini topishga sabab bo‘lsa, boshqalarida ov qilish, o‘zini himoya qilish, tur ichida aloqa qilish, maskirovka, dushmanni ogohlantirish, o‘ljaga hamla qilishga yordam beradi. Tabiat ajoyibotlarga boy. Uni o‘rganish cheksiz ummonga sho‘ng‘ishga o‘xshaydi. Hali biolog olimlar o‘rganadigan va kashf qilinishi kerak bo‘lgan minglab turlar o‘z kashfiyotchisini kutmoqda.
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.