Bolalarda qandli diabet

Muhayyo Minojova
Farg’ona shahar 3-maktab
biologiya fani o’qituvchisi

Qandli diabet organizmda insulin gormoni absolyut yoki nisbiy yetishmovchiligi tufayli qonda qand miqdorining ortishi bilan namoyon bo’luvchi endokrin kasalligidir. “Diabet” so’zi grek tilidan olingan bo’lib, “oqib o’tish” degan ma’noni bildiradi. Qandli diabet o’lim va nogironlik ko’rsatkichi yuqoriligi sababli nafaqat tibbiy, balki dolzarb muommo ham hisoblanadi. Hozirgi kunda kasallikning asosan ikki turi mavjud:

1) Qandli diabet birinchi tip – insulinga bog’liq turi
2) Qandli diabet ikkinchi tip – insulinga bog’liq bo’lmagan turi.

Bolalarda qandli diabet kasallik sifatida qadimdan ma’lum bo’lgan. Insulin kashf etilmaguncha qandli diabetga uchragan bolalarning tezda nobud bo’lishi ko’p kuzatilgan. Ma’lumotlarga qaraganda yer yuzida har 10 daqiqada 2 ta inson qandli diabet bilan kasallanmoqda. Qandli diabet bilan 20 yoshgacha bo’lgan aholining 0,25% aziyat chekadi. Ularning 54% bolalarni tashkil etadi.

Qandli diabet birinchi tipi asosan bolalar va o’smirlarda uchrab, oshqozon osti bezining Langergans orolchalaridagi beta hujayralarida insulin gormonining ishlab chiqarilishi buzilishi bilan xarakterlanadi. Kasallik kelib chiqish sababi to’liq o’rganilmagan. Kasallikning asosiy sababi bo’lib immun sistema faoliyatining buzilishi hisoblanadi. Hosil bo’lgan antitelalar beta hujayralarni yemiradi. Virusli infeksiya, qo’rquv, nasliy moyillik, organizmdagi surunkali infeksiya kabi omillar kasallik rivojlanishida muhim rol o’ynaydi. Kasallikka xos erta belgilar: qondirib bo’lmas chanqoq hissi, og’iz qurishi, ko’p siyish (tunda ham), och qolish yoki ishtaxa buzilishi, keskin ozib ketish, badandagi qichishishlar, umumiy holsizlik, uyquchanlik, kayfiyatni tez-tez buzilishi. Kasallik uzoq davom etganda barcha a’zolarda o’ziga hos o’zgarishlar yuzaga keladi: yurak va qon tomirlardagi, ko’zdagi, buyraklardagi, nerv sistemasidagi o’zgarishlar infeksion asoratlar, jarohatlarni qiyin bitishi kabilardir.

Qandli diabet birinchi tipini davolashda uch muhim yo’nalish mavjud:

1) Insulinoterapiya
2) Parhez
3) Muntazam sport bilan shug’ullanish

Insulinoterapiya –birinchi tip qandli diabetda yagona davolash usulidir. Organizmda yetishmayotgan insulin o’rnini tabiiy va sun’iy usulda olingan insulin preparatlari ineksiyasi bilan to’ldiriladi. Insulin dozasi bola yoshiga, og’irligiga, ovqatlanish xarakteriga va jismoniy faolligiga qarab belgilanadi. Shu bilan birga insulinga bo’lgan ehtiyoj turli kasalliklar, stresslar kabi omillarda ortishini unutmaslik lozim. Insulin preparatlari o’ta qisqa ta’sirli, qisqa ta’sirli, uzaytirilgan ta’sirli va aralash ta’sirli bo’lishi mumkin. Hozirgi kunda davolashda bazis-bolyus rejimida insilinoterapiya o’tkazish keng tarqalgan. Bunda 1-3 mahal uzaytirilgan ta’sirli va 3 mahal qisqa ta’sirli insulin preparatlari ineksiyasi o’tkaziladi. Shuni e’tiborga olish kerakki qandli diabet 1-tipda insulinni hech qachon to’xtatmaslik kerak. Shu bilan bir qatorda insulin dozasi har doim bir xil bo’lmaydi. Bolani ishtahasi buzilgan paytda insulinni kamroq, turli ziyofatlarda esa aksincha qo’shimcha dozada insulin qilish mumkin. Hozirgi kunda in’eksiya jarayonini osonlashtirish maqsadida programmalashtiriladigan insulin pompalari yaratilgan.

Qandli diabet bilan kasallangan bolalarning to’g’ri ovqatlanishi juda muhim sanaladi. Chunki iste’mol qilinadigan mahsulotning tarkibi va qanday tayyorlanganligi qondagi qand miqdorining o’zgarishiga sabab bo’ladi. Shuning uchun bemor va uning yaqinlari iste’mol qilinadigan mahsulot tarkibini bilishi lozim. Diabetik bolalar o’z-o’zini nazorat qilishi, gipoglikemiya va ketoatsedozga shubha qilinganda qondagi glukozani aniqlashni bilishi kerak. Bola yaxshi o’sib ulg’ayishi uchun lozim bo’lgan oqsil, yog’, uglevod, vitamin va mikroelementlar kundalik ratsionga kiritilishi lozim. Uglevodlarni iste’mol qilishda ularning glikemik indeksiga e’tibor beriladi. Glikemik indeksi past bo’lgan mahsulotlar (dukakklilar, suli, sabzavotlar) qondagi qand miqdorini sekin ko’taradi. Uglevodlarni hisoblash oson bo’lishi uchun kaloriyalar ekvivalenti- Non birligi (NB) qabul qilingan. 1 NB 10-12 gr uglevodga teng. Diabet bilan og’rigan bolalar kun davomida 5-6 mahal ovqatlanishi kerak. 3 mahal asosiy ovqatlanish va oraliq vaqtda qo’shimcha ovqatlanish tavsiya etiladi. Qandli diabet bo’lgan bolalarda shirinliklarni cheklash juda qiyin masaladir. Parhezga rioya qilinganda qondagi qand miqdorini keskin ortishi va shu bilan birga qandning turli a’zo va to’qimalarga nojo’ya ta’siri oldi olinadi, qabul qilinayotgan insulin dozasini korreksiyalash oson bo’ladi. Shuning uchun bolalar va ularning ota-onalari iste’mol qilinayotgan uglevodlarni hisoblashni bilishlari lozim.

Sport – diabetik bolalar hayotining ajralmas qismi bo’lishi lozim. Jismoniy faollik organizmdagi qandning o’zlashtirilishini yaxshilash bilan birga kasallikda turli asoratlar rivojlanishining oldini oladi. Sport turi shifokor tavsiyasiga ko’ra bola yoshi, kasallik darajasini inobatga olgan holda belgilanadi. Ko’pincha yengil atletika, gimnastika, suzish tavsiya etiladi.

Ma’lumot o’rnida shuni ta’kidlab o’tish mumkinki, 1891-yil kanadalik olim Frederik Banting tomonidan insulin moddasi kashf etilgan. U 1922-yilda insulin moddasini in’eksiya qilib, 14 yoshli og’ir ahvoldagi bolaning hayotini saqlab qolgan. Garchi qandli diabet bugungi kunda to’liq davolanmasada, insulin yordamida bu kasallikni nazoratda ushlab turilishi mumkin. Bu buyuk kashfiyot millionlab insonlarning hayotini asrab qolishga imkon yaratdi. Xulosa qilib aytganda, qandli diabet xastalik emas, balki turmush tarzini o’zgarishidir. To’g’ri korreksiyalangan insulinoterapiya, muvofiqlashtirilgan parhez, adekvat jismoniy faollik uzoq va sog’lom umr kafolatidir. Bunga erishish yo’lida davolash-profilaktika muassasalarida qandli diabet bilan og’rigan bolalar va ularning ota-onalari uchun diabet maktablari tashkil etilgan.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.