Botanika darslarida ishlatiladigan gerbariylarning ahamiyati va ularning tayyorlanishi
Ko’rgazmalilik asosida tashkil etiladigan botanika darslari o’quvchilar tomonidan yaxshi o’zlashtirilishi, bilim, ko’nikma va malakaning yuqori samaradorlik asosida hosil bo’lishi bilan ajralib turadi. Mamlakatimiz hududida tuban va yuksak o’simliklarning 11 000 turi o’sadi. Shulardan 4 500 tasini yuksak o’simliklar tashkil etadi. Shuncha o’simlik turining barchasini bir viloyat yoki tuman hududida uchratish anchayin mushkul ish ekanligini hisobga olsak, shu bilan birga, o’simliklarning mavsumiy bioritmga ega ekanligini hisobga olgan holda botanika darslarida gerbariy va quritilgan o’simliklardan foydalanish anchayin qulay ekanligi ma’lum bo’ladi.
Botanika darslarida, ayniqsa, o’simliklarning vegetativ organlari va o’simlik oilalariga bag’ishlangan mavzularda gerbariylardan foydalanish ancha samarali hisoblanadi. Mavzuni mustahkamlash chog’ida Venn diagrammasidan foydalangan holda o’simlik turlarini o’zaro taqqoslash jarayonida gerbariylardan foydalanish o’quvchilarni abstrakt fikrlash va taxminiy qaror qabul qilishdan ko’ra aniq, ma’lumotlarga asoslangan holda ish olib borishlarini ta’minlaydi. Shunday ekan, avvalo o’quvchilarni gerberiy tayyorlash, uni saqlash va ishlatish tartib qiodalari bilan tanishtirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Gerbariy tarixi haqida qisqacha
Gerbariy so’zi lotincha “herbarium” so’zidan olingan bo’lib, “o’t, o’tli” degan ma’noni bildiradi. Ilk marotaba ilmiy asosda gerbariylar tayyorlash XVI asrda Italiyada paydo bo’lgan. 1490-1556 yillarda yashagan italiyalik vrach va botanik Luka Ginni ilk marotaba o’simlik qismlarini kitoblar orasiga solib quritishni va keyinchalik ular asosida o’simliklarning botanik xususiyatlarini o’rganishni taklif etgan, lekin u tayyorlagan gerbariylardan shu kungacha hech qaysi biri saqlanib qolmagan. Shunday bo’lsada, u gerbariy tayyorlash metodikasini ishlab chiqqan shaxs sifatida botanika tarixidan o’chmas joy oldi.
Gerbariy so’zini keng va tor ma’noda tushunish mumkin. Tor ma’noda uni ma’lum tarzda ishlangan, rasmiylashtirilgan va quritilgan o’simliklar kolleksiyasi deb qaralsa, keng ma’noda uni ilmiy laboratoriya yoki muassasa deb tushuniladi. Chunki bunday ilmiy laboratoriya o’z faoliyatida ana shunday kolleksiyalardan foydalanib ish ko’radi. Gerbariy ma’lum talabga javob beradigan darajada yig’ilgan va quritilgan bo’lishi kerak. Belgilangan talabga javob beradigan gerbariy, ya’ni to’g’ri yig’ilgan, presslangan, quritilgan, rasmiylashtirilgan o’simlik haqiqiy gerbariy hisoblanadi.
Gerbariy yig’ish uchun kerakli asboblar
O’simlikni kovlab olish uchun har xil asboblardan foydalaniladi. Ular ekskursiyada olib yurish uchun qulay bo’lishi kerak. Umumiy kovlagich sifatida eni 25-34 mm li iskana, diametri 25-30 mm va uzunligi 30-40 sm keladigan trubadan tayyorlangan kovlagichdan foydalanish mumkin. Kovlagich bilan birga yig’ma pichoq hamda maxsus tok qaysi bo’lishi lozim. Ular yordamida tikanli o’simliklar (maymunjon, na’matak va boshqalar) hamda daraxtlarning shoxlari qirqiladi. Uch tomonida ilmog’i bo’lgan tayoqdan esa suv tubidagi va yurib bo’lmaydigan botqoqliklardagi o’simliklarni yig’ishda foydalaniladi. Yig’ilgan o’simliklar qog’oz yoki gazeta solingan papkaga joylanadi.
Papkani pishiq karton yoki fanerdan yasab olish mumkin. U ikki bo’lakdan iborat bo’lib, o’lchami 42-44×30 sm. Karton yoki faner bo’laklarini tasma bir-biriga tortib turishi uchun ularda tirqish ochiladi. Papkaning ikkinchi tomonidan tasma o’tkazilib, uni yelkaga osib yuriladi. Papkaga kovlagich va yorliqlarni solib yurish uchun qo’shimcha qo’shimcha cho’ntaklar qilinsa ham bo’ladi.
Gerbariy uchun o’simlik yig’ish
O’simliklar yig’ish jarayonida xavfsizlik texnikasi qoidalariga to’liq amal qilish zarur. O’simlikni yaxshi bilmaslik natijasida ba’zi zaharli o’simliklarga qo’l urilganda teri kuyadi yoki bargi iste’mol qilinganda zaharlanish hodisasi kuzatiladi. O’simliklarning gul changi ta’sirida ba’zan allergiya ro’y beradi. Qo’riqxonalar, botanika bog’lari va shunga o’xshash joylarda ma’muriyat ruxsatisiz gerbariy uchun o’simliklar yig’ish mumkin emas. Gerbariy uchun singan, yulib ketilgan, chaynalgan, kasallangan va nimjon o’simlik olinmaydi. Gerbariy uchun yig’iladigan o’simlikning organlari – ildizi, bargi, poyasi, mevasi, gul va urug’lari bo’lishi shart. Har xil tipdagi daraxtlar uchun novdalar bargi bilan, gullagan novdalar mevalari va qishlovchi kurtaklari bilan yig’ib olinadi. Bundan tashqari daraxtning asosiy tanasidan bir bo’lak po’stloq ham olinsa gerbariy to’liq olingan hisoblanadi. Shunday qilib, to’liq materialga ega bo’lish uchun ayni o’simlik turidan har xil mavsumiy muddatlarda takror material yig’ish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
O’simliklarni presslash va quritish
O’simliklarni quritish uchun zarur miqdorda qog’oz zahira bo’lishi kerak. Shuningdek, varaq orasiga qo’yiladigan qog’oz ham talab etiladi. Bunday qog’oz pressdagi bosimni va suv namini shimish uchun xizmat qiladi. Qog’oz sifatida yumshoq, namat, 4-8 qavatli sukno yoki bosma filtr qog’ozdan foydalaniladi. Bulardan tashqari paxta, lignindan tayyorlangan yostiqchalar ham ishlatiladi. Qog’ozning o’lchami montirovka uchun ishlatiladigan o’lchamda bo’lishi kerak.
O’simliklarni pressga joylash
O’simlik quritilayotgan vaqtda ezilib qolmasligi uchun ular to’g’ri presslangan bo’lishi kerak. Yaxshi presslanmagan o’simlik uzoq saqlanmaydi, sinib, maydalanib ketadi. Presslashning muvaffaqiyatli chiqishi uchun o’simlikni to’g’ri joylash, yetarli qog’ozlar qo’yish va shnurni optimal taranglikda tortish kerak. O’simlik pressga joylanayotganda, odatda u quruq qog’ozga olinadi. Bu vaqtda o’simlikning bukilib qolgan qismlari tekislab qo’yiladi, bir-birga tegib turgan yoki ustma-ust tushib qolgan yirik barglar orasiga gigroskopik qog’oz qo’yiladi.
Quritish usullari
Bu ish nam tortib qolgan qog’ozlarni quruqlari bilan almashtirib, shamollatish va qizdirish orqali amalga oshiriladi. Statsionar presslarda odatda faqat qog’oz almashtirish usulidan foydalaniladi. Gerbariy setkalari yordamida quritish ancha qulay hisoblanadi. Bunda har qaysi setkaga 15-20 ta o’simlik joylanib, uni shamollatish va bir oz isitish ham mumkin. Bu usulda qog’ozlar almashtirilmaydi, balki har kuni o’simliklarni teskari joylash bilan cheklaniladi. Bunda eng ustidagi o’simlik o’rtaga, o’rtadagilar ustiga olinadi. Quritilgan o’simliklar esa pressdan olinib alohida joyga qo’yiladi. Gerbariy uchun tayyor bo’lgan o’simlikni 2 usulda tekshirib ko’rish mumkin: birinchisi, to’la quritilgan o’simlikni bandidan ushlab turganingizda, u tik turadi va egilmaydi, ikkinchisi, o’simlikning kichik bir qismi sindirib ko’rilganda u “qirs” degan tovush chiqaradi.
Montirovka
Foydalanish uchun yig’ilgan gerbariy montirovka qilinadi. Quritilgan o’simlik oq qog’ozga tikiladi va yorlig’i shu qog’ozga biriktirib qo’yiladi. Buning uchun 42×28 sm li o’lchamda qog’oz tayyorlanadi. Montirovka uchun uchi o’tkir qaychi va pinsetlar ishlatiladi. Montirovkalashdan maqsad gerbariyga shakl berish, kelgusida uni yaxshi saqlash va to’g’ri foydalanish uchun qulaylik yaratishdan iborat. Odatda gerbariy uzoq muddat saqlanadi. Shuning uchun ham gerbariy tayyorlashdan sifatli materiallardan foydalanish kerak. Montirovka uchun eng yaxshi vatman qog’ozi va shunga o’xshash yumshoq qog’ozlardan foydalanish mumkin. O’simlikni qog’ozga biriktirishning eng qulay usuli 10-raqamli g’altak ipi yordamida o’simlik tana qismini va shoxchalarini qog’ozga tikish hamda ingichka qismlarini ensiz qog’oz bilan yopishtirishdan iborat. Montirovkalashda skochlardan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Gerbariy varaqlariga yopishtiriladigan yorliqlarga quyidagi ma’lumotlar yozib qo’yiladi:
1)o’simlikning mahalliy nomi, ilmiy nomi va u qaysi oilaga mansubligi; 2)o’simlik o’sib turgan joy;
3)o’simlik o’sib turgan muhit;
4)o’simlik yig’ilgan vaqt;
5) o’simlikni yig’ib kelgan o’quvchining ismi va familyasi;
6)gerbariyning tartib raqami.
Gerbariylarni saqlash
Yig’ilgan gerbariylar yog’ochdan yoki metaldan tayyorlangan maxsus shkafda saqlanadi. Gerbariy saqlanadigan shkafning kataklari 48x23x18 sm o’lchamda bo’lishi kerak. Xona harorati 16-18 gradusdan, nisbiy namlik 40% dan oshmasligi kerak. Zararkunanda hasharotlarga qarshi kurash maqsadida reppelentlar deb ataluvchi moddalardan foydalaniladi. Gerbariy saqlanayotgan shkafga inson uchun xavfsiz bo’lgan naftalin, texnik kamfora va xo’jalikda ishlatiladigan antimol kabilar qo’yiladi. Har bir shkaf kataklariga yiliga bir marta 1-2 g naftalin yoki 0,1-0,2 g kamfora tashlab qo’yiladi.
Gerbariylardan dars jarayonida iloji boricha maksimal aniqlikda foydalanish har bir fan o’qituvchisining kasbiy mahoratiga va ijodkorligiga bog’liq. Shunday ekan, o’quvchilarni botanika faniga yuqori qiziqish bilan undagi mavzularni o’zlashtirishlari darsda foydalaniladigan dars uslublari bilan birga, gerbariy kabi ko’rgazmali qurollardan foydalanishga ham bog’liq.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.