Kemiruvchilarda Bryus effekti degan holat mavjud bo’lib, bunda homilador urg’ochi hayvon embrionlarning biologik otasi bo’lmagan begona erkak kemiruvchining hidini sezishi bilanoq unda tabiiy ravishda homila tushishi kuzatiladi. Buni ilk marotaba 1959-yilda ingliz zoologi Hilda Bryus aniqlagan.
H. Bryus urg’ochi homilador laboratoriya sichqonlari (Mus musculus) ni begona erkak sichqonlar bilan saqlash jarayonida nogahon urg’ochilarda tabiiy homila tushishini kuzatadi. Urg’ochi homilador sichqonlar bichilgan yoki yosh erkak sichqonlar bilan saqlaganda homila tushishi kuzatilmagan. Begona erkak sichqon urg’ochi sichqonning ko’rish maydonidan uzoqda tutilganda va bir-birini ovozini eshitmagan holda ham homila tushishi kuzatilgan. Shundan so’ng bu holat erkak sichqonning hidi ta’sirida yuz berayotgani ma’lum bo’lgan.
Erkak sichqonlarning siydigi tarkibida MHC class I peptidlari bo’lib, u urug’ochi sichqonning Yakobson organi (hid bilishning periferik qismi) bilan tezda bog’lanadi. Va urg’ochi sichqon o’ziga yaqin joyda begona erkak sichqon borligini sezadi. Urg’ochi o’zini urug’lantirgan erkak sichqon hidini urug’lantirish vaqtida eslab qoladi. Urg’ochilarning erkak sichqonlardan maxsus hidni sezib, eslab qolishida vazopressin gormoni hal qiluvchi rolni o’ynaydi. Urg’ochi sichqonlardan vasopressin 1b retseptor genlari olib tashlanganda, ular erkak sichqonlarning hidini sezmaydi va homila tushishi ham kuzatilmaydi.
Bryus effektining qanday evolutsion ahamiyati mavjud?
Dominant erkak sichqonlar homilador urg’ochini uchratgan vaqtda uning boshqa erkak kemiruvchi tomonidan hosil bo’lgan homilasini osonlikcha «sabotaj» qiladi va bu bilan urg’ochini qayta urug’lanish holatiga qaytaradi. Shu bilan birga Bryus effekti erkak kemiruvchilarga o’zining ijtimoiy mavqeini saqlab qolishga imkon beradi, dominant erkaklar siydigining hidi kuchliroq bo’lganligi bois, urg’ochilarning jamoadagi past mavqeli erkak sichqonlardan nasl qoldirishiga to’sqinlik qiladi. Urg’ochi sichqonlar esa Bryus effekti sabab kuchli, dominant erkak sichqonlardan nasl qoldirish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Bundan avval Bergman qoidasi haqida xabar bergan edik.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.