Aziz o’qituvchi, talaba va o’quvchilar ushbu maqola Biologiya faniga qiziquvchi barcha ilm ixlosmandlari uchun mo’ljallangan bo’lib, ushbu maqolada men sizlarga chetdan chatishuvchi organizmlarning populyasiyalarida, dominant hamda retsessiv belgilarga ega organizmlar qanday sonda yoki nisbatda bo’lishini va genlarning avlodlardagi chastotalarini topishni tanishtirib o’tmoqchiman.
Populyatsiya – bir turga mansub va u tur tarqalgan areal (joy) ning ma’lum qismini ishg’ol qilgan, o’zaro chatishib nasl beradigan, mazkur turning boshqa populyatsiyalaridan nisbatan alohidalashgan organizmlar guruhi tushuniladi. Tabiatda har bir o’simlik, hayvon populyatsiyasi fenotip jihatdan polimorf, genotip jihatdan esa geterozigota bo’ladi. Biologiyaning bir yo’nalishi sanalgan populyatsion genetika genlar va genotip hamda fenotiplarning populyatsiyalarda uchrash qonuniyatlarini o’rganadi.
Odatda o’z – o’zidan chatishuvchi populyatsiyalarda gomozigotalar ko’p, geterozigotalar kam bo’ladi, chetdan chatishuvchi populyatsiyalarda esa buni teskarisi bo’ladi. Bundan ko’rinib turibdiki bunday ikki xil populyatsiyalarda genlar uchrash chastotasi har xil bo’ladi.
Chetdan chatishuvchilarda organizmlami o‘zaro chatishishlari, ya’ni panmiksiya natijasida populyatsiya shakllangan bo’ladi. Shuning uchun ham ularni genetik strukturasi o‘z-o‘zidan urug’lanuvchi populyatsiyalar genetik strukturasidan tubdan farq qiladi. Chetdan urug’lanuvchi populyatsiyalarning genetik strukturasi amerikalik genetiklar D. Djonson va E. Istlar tomonidan o‘rganilgan.
Tabiiy sharoitda populyatsiya genetikasini o‘rganishning bir usuli undagi bir gen bo‘yicha gomozigota va geterozigota formalarning genlarini chastotasini aniqlashdan iborat. Biror populyatsiyada AA va aa allellariga ega formalar teng deb faraz qilaylik. U holda bunday o‘simlik populyatsiyasida urug‘chi va changchi, hayvon populyatsiyalarida tuxum hujayra va spermatozoidlarda dominant va retsessiv allellari 0,5 A va 0,5 a teng bo‘ladi, ularning o‘zaro erkin chatishishidan rivojlangan F2 avlodda gomozigota AA-0,25, geterozigota Aa-0,5, gomozigota aa-0,25 nisbatda bo‘ladi. Keyingi avlodlarda ham shu jarayonda gomozigota va geterozigota formalar erkin holatda chatishsalar dominant allel A-0,5; retsessiv allel a-0,5 nisbati teng bo‘ladi. Chetdan chatishuvchi populyatsiyalarda gen allellarini qanday irsiylanishini izohlash maqsadida 1908-yili Angliyada matematik G. Xardi va Germaniyada vrach V. Vaynberg bir-biridan mustasno populyatsiyalar genotipik va fenotipik sinflarining tarqalishiga oid formulani fanga joriy etdilar. Ularning mulohazasiga binoan ma’lum sharoitlarda allellarning takrorlanishi o‘zgarmasa, mutatsiya ro‘y bermasa populyatsiyalarda dominant va retsessiv formalaming o‘zaro nisbati o‘zgarmay qoladi.
Quyida sizlarga formulani ko’rsatib o’tamiz. Dengiz cho’chqalarida junning kalta va uzun formalari farqlanadi. Junni kaltaligi dominant A genga bog’liq bo’lsa, kaltaligi esa a genga bog’liq. Dengiz cho’chqalari populyatsiyasida A va a genlar ma’lum chastotada uchraydi.
Dominant A genni lotin alifbosining p harfi bilan belgilaymiz, a genini esa q harfi bilan belgilab olamiz. Natijada A va a genlarning chastotasini quyidagicha ifodalash mumkin.
p (A) + q (a) = 1 (1)
Bu xuddi maktab paytimiz o’rgangan (a+b)^2 ni qavsdan ochgan kabi bo’ladi ya’ni
a^2+2ab+b^2.
Biz Aa x Aa genotipli organizmlarni chatishtirsak quyidagicha bo’ladi.
Demak populyatsiyadagi AA genotipli organizmlar p^2; Aa organizmlar jami 2pq va aa genotipli organizmlar esa q^2 tarzida ifodalanadi
(p^2 (AA) : 2pq (Aa) : q^2 (aa)) (2)
Mendel chatishtirishlarida shu narsa ma’lumki geterozigota organizmlar chatishganda avlodda genotip jihatdan 1:2:1 tarzda ajralish ro’y berar edi.
Endi esa buni masalada batafsil ko’ramiz.
1. Aholi soni 5 mln bo’lgan shahar aholisi orasida labi qalin insonlar 84 % ni tashkil etsa, aholi orasidagi A va a genlarning uchrash tezligini (1) va geterozigota genotipga ega insonlar nechta ekanligini (2) toping.
Yechim: Demak, biz bilamiz barcha tirik organizmlar jamoalarida AA : Aa : aa genotipga ega organizmlar bo’ladi. Insonlarda labi qalinlik dominant belgi ekanligi barchamizga ma’lum. Aholi orasida AA va Aa genotipga ega insonlar qalin labli bo’ladi. aa genotipga ega insonlar esa yupqa labli bo’ladi.
Bular jami 100 % ni tashkil etsa, u holda labi yupqa insonlar
1) 100% – 84%= 16% ni tashkil etadi ya’ni aa genotiplilar 16 % ekan yoki 0,16.
2) a gen chastotasi quyidagicha q( a) =√0,16 =0,4.
3) a gen chastotasi 0,4 ekanligini bilgan holda p(A)=1-q(a); p=1-0,4=0,6 ekan
4) (1) javobi A gen chastotasi 0,6; a gen chastotasi 0,4 ekan.
5) geterozigota 2pq ( Aa ) = 2*0,6*0,4=0,48 yoki 48 %. 5 mln * 0,48 = 2,4 mln
2. Tulkilar populyatsiyda ma’lum bir dominant A genning chastotasi 3/4 ga teng ekanligi ma’lum. Populyatsiyda 800 ta tulki bor bo’lsa, retsessiv genotipli tulkilar geterozigotali tulkilardan qanchaga farq qiladi?
Yechim: Demak masalani eng sodda holatda quyidagicha hisoblash mumkin. A gen – 3/4 chastotada bo’lsa, a gen 1/4 bo’ladi. Quyidagi jadvalda geterozigota va gomozigota genotiplarni chastotasini ko’rish mumkin.
Endi oddiy usulda hisoblaymiz. aa genotipli tulkilar
1—-16
x—-800
x=50 (1)
Aa genotipli tulkilar esa
6—–16
x—–800
x=300 ta ekan. (2)
Javob: 300-50=250 ta ekan.
Mustaqil ishlash uchun masalalar va nazariy savollar:
1. Tajriba uchun olingan qizil va oq ko’zli drozofila pashshasining geterozigotali formalari chatishtirildi va nasllari olindi. Ko’zni qizil rangini va oq rangini taminlaydigan genlarning uchrash tezligi noma’lum, ammo tajriba uchun olingan gomozigotali qizil va oq ko’zli pashshalarning umumiy yig’indisi 416 ta ekanligi bizga ma’lum bo’lsa, chatishtirish uchun olingan barcha pashshalarning umumiy soni (1), gomozigotali genotipga ega pashshalarning geterozigotali pashshalarga nisbati qancha ekanligi (2) va sof (toza) liniyaga ega pashshalarning F7 avloddagi genlar chastotasini aniqlang.
2. Populyatsiyada dominant va retsessiv genalarning chastotasi mos ravishda 2,333:1 nisbatda. Populyatsiyadagi dominant gomozigota va retsessiv organizmlar farqi 200 ta bo’lsa, geterozigota genotipga ega organizmlar soni qancha?
3. Nima sababdan chetdan chatishuvchi organizmlarda organizmlarda avlodlar almashinuvi davomida genlar uchrash tezligi o’zgarmaydi, chetdan chatishuvchi organizmlarda populyatsiya to’lqinlarning ta’sir ahamiyati qanday? 4. Tranzitsiya va transversiya jarayonlarini genlar chastotasi o’zgarishishiga bog’liqlik jarayoni haqida qanday xulosaga kelish mumkin?
Akbarjon Ro’zimov
UrDU biologiya yo’nalishi talabasi
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.