Chivinlar o’simliklarni changlatishda ishtirok etadi(mi?)

Chivinlar o’simliklarni changlatishda ishtirok etadi(mi?)

Chivinlar (Culicidae) yer yuzidagi eng qadimiy hasharotlardan biri bo’lib, ularning ayni vaqtda 3500 atrofidagi turi uchraydi. Ushbu hasharotlar haqida so’z ketganda ularning qon so’rib parazitlik qilishi, shu orqali turli kasalliklarni tarqatishi ko’z oldimizga keladi. Urg’ochi chivin ko’payish vaqtida tuxum hosil qilish uchun ko’p miqdorda oqsil moddasiga ehtiyoj sezadi. Ana shu vaqtda urg’ochi chivinlar ushbu oqsilni turli sutemizuvchilar (jumladan, odam) va qushlarning qonini so’rish orqali qo’lga kiritadi. Qolgan vaqtda esa xuddi erkaklari kabi gul nektari bilan oziqlanadi. Erkaklari esa umuman qon so’rmaydi. Lekin biz o’ylaganimizdek chivinlar faqat qon so’rib oziqlanmaydi. Chivinlar tirik organizmlarning ekologik zanjirida o’ziga xos tokchani band qilgan, ya’ni ular turli o’simlik gullarini changlatish bilan shug’ullanadi.

Chivinlar changlatish xususiyatining ochilish tarixi

Jahonga mashhur Science jurnalining 1913 yil 6 iyundagi sonida Jon Smit Deksterning kichik bir maqolasi chop etiladi. Unda muallif chivinlarning orxideyalarni changlatishi haqida ilk marotaba ilmiy asosda xabar beradi. Maqolasida Dekster quyidagilarni yozadi: “1912 yil iyul oyining boshlarida Michigan universitetining Duglas ko’li bo’yidagi biologik stansiyasida o’simliklar ekologiyasini tadqiq etayotgan Ada Dits xonim menga o’sha yerdagi botqoqlikda chivinlarni uchratgani haqida aytib qoldi. Aytishicha chivinlarning boshida ikkita kichik sariq nuqtalar bo’lib, ular xuddi chang donachalariga o’xshar ekan. Shundan keyin men botqoqlikka bordim, u yerda haqiqatdan ham chivinlar ko’p edi. Bir daqiqada oltitacha urg’ochi chivin tutdim. Barchasining boshida sariq nuqtalar bor edi”. Shundan keyin Dekster botqoqlik atrofida kichik shimol botqoq orxideyasi (Platanthera obtusata) o’sayotgani va ularning qiyg’os gullaganini ko’radi. Ma’lum bo’lishicha chivin nektar bilan oziqlanish uchun orxideya guliga qo’nganida uning boshidagi ko’z sohasiga gul chang donachalari qo’nar ekan. Chivin boshqa gulga uchib o’tish jarayonida chang donachalarini tashiydi. Gul nektarini so’rish vaqtida ixtiyorsiz ravishda boshidagi gul changini orxideya guli urug’chisining tumshuqchasida qoldiradi.

Chivinlar bilan changlanuvchi orxideyalar

Chivinlarning o’simliklarni changlatishi juda kam o’rganilgan. O’rmon qor chivini (Aedes communis) ning kichik shimol botqoq orxideyasi (Platanthera obtusata) ni changlatishi borasida boshqa o’simliklarga nisbatan ko’proq ma’lumotlar mavjud. Ushbu chivin Shimoliy Amerikada, asosan AQSHning Nyu Jersi shtati hududida yashaydi. Dekster yuqoridagi kashfiyotidan so’ng AQSHning shimoliy mintaqalari, Kanada va Alaska hududlarida bir qancha orxideyalarning chivinlar tomonidan changlanishini o’rganadi. Bundan tashqari sariq ladyan orxideyasi (Corallorhiza trifida) ham chivinlar tomonidan changlanishi aytilgan, biroq bu borada hanuzgacha hech qanday ilmiy tadqiqot olib borilmagan.

Chivinlar va soyabonguldoshlar oilasi

Chivinlarga shu bilan birga soyabonguldoshlar (Apiaceae) oilasi ko’pchilik vakillarining ehtimoliy changlatuvchisi sifatida qaraladi. ushbu o’simliklarni amaliy jihatdan ularning atrofida nektar izlab yurgan istalgan hasharot changlatishi mumkin. Ushbu oila vakillarini kuzatuvchilarning fikricha bodiyon, zira, sabzi, selderey, kashnich, shivit kabi o’simliklarning changlatilishida chivinlar faol ishtirok etadi.

Bundan avvalgi maqolalarimizda changlarni o’rganuvchi fan – palinologiya hamda o’simliklarning suv yordamida changlanishi – gidrofiliya haqida ma’lumot berib o’tgan edik.

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.