Chorasizlik qurbonlari yoxud drontlar haqida nimalarni bilamiz?

Chorasizlik qurbonlari yoxud drontlar haqida nimalarni bilamiz?

Qushlar sinfi – barcha ekotizimlarda, jumladan, Antarktida muzliklarida ham yashaydigan turlarni o’z ichiga oladigan sinf. Xalqaro ornitologlar ittifoqi (International Ornithologists’ Union) ning 2020-yil mart oyidagi ma’lumotlariga ko’ra, qushlar sinfi 10 770 turni o’z ichiga oladi. Shundan 182 tur 1500-yildan keyin yo’qolib ketgan turlar hisoblanadi. Yo’qolib ketgan qushlarning aksariyati (92%) turli orollarda yashovchi qushlar edi. Bugun hikoya qiladigan ikki tur qushimiz (drontlar) ham qachonlardir o’zlarining kichkina oroldan iborat makoniga ega bo’lishgan. O’n minglab individlardan iborat bu qushlar guruhlari o’z orollaridagi bir butun biologik tizimning ajralmas bo’lagi edilar. Endi esa biz ularni faqat rasmlardagina ko’rishimiz mumkin, xolos…

Drontlar

Drontlar (Raphinae) – kaptarsimonlar turkumining ikki urug’ (Raphus va Pezophaps)dan iborat kenja oilasi. Ushbu kenja oilaga mansub har bir urug’ bittadan qirilib ketgan turni o’z ichiga oladi. Bu turlar Raphus urug’iga mansub Dodo (Raphus cucullatus) va Pezophaps urug’iga mansub Rodriges dronti (Pezophaps solitaria) edi. Ular Madagaskar orolidan 650 km sharqda joylashgan Maskaren orollariga kiruvchi Mavrikiya va Rodriges orollari endemiklari hisoblangan. Dodo Mavrikiya orolida uchragan bo’lsa, Rodriges dronti Rodriges orolida uchragan. Tana o’lchami nisbatan yirik bo’lgan bu kenja oila vakillari uchish qobiliyatiga ega bo’lmagan. Maskaren orollarida drontlar hayotiga xavf soluvchi yirtqich darrandalar bo’lmagan. Toki odam qadami yetguncha…

Drontlar filogenetikasi

Bu qushlarning suyak qoldiqlaridan ajratib olingan mitoxondrial DNK nukleotidlari o’rganilishi va boshqa qushlar genomi bilan solishtirilishi natijasida ularning kaptarlar oilasiga mansub ekanligi aniqlangan. Kaptarlar oilasining 35 turi tahlil qilinganda, Raphinae kenja oilasiga eng yaqin bo’lgan tur Janubiy-Sharqiy Osiyoda uchrovchi Nikobar kabutari (Caloenas nicobarica) ekanligi ma’lum bo’lgan.

Shundan so’ng, 2002-yilda o’tkazilgan tadqiqotlar dodo va Rodriges drontlarining ajdodlari divergensiyasiga 10 mln yildan ancha kamroq vaqt bo’lganligini ko’rsatdi. Chunki bundan 10 mln yil avval kuchli vulqonlar natijasida Maskaren orollari hosil bo’lgan va keyinchalik ushbu qushlarning uchish qobiliyatini yo’qotmagan dastlabki ajdodlari Mavrikiya va Rodriges orollariga kelib qolgan.

Ma’lum morfologik va anatomik belgilari

Dodo va Rodriges drontlari tashqi tuzilishining kaptarlar oilasining boshqa vakillaridan farqli belgilari asosan, uchish qobiliyatini yo’qotish bilan bog’liq belgilardir. Jumladan, oldingi oyoq (qanot) skeletining kichik ekanligi, ko’krak toj suyagining umumiy skelet massasiga nisbati pastligi, bosh skeletining nisbatan yirik bo’lishi kabilar bu kenja oila vakillarining o’ziga xos belgilari edi. Ularning to’liq namunalari mavjud emasligi, tashqi ko’rinishiga xos belgilar, masalan, pat tuzilishi yoki pat rangini aniq ayta olmasligimizga sabab bo’ladi. Mavjud namunalar va rasmlarda ular turli kattalikda, turli ranglarda ekanligi ko’rsatilgan. Bunga ularning jinsiy dimorfizmi, mavsumiy vazn o’zgarishlari, tasvirlovchining mahoratiga bog’liq bo’lishi mumkin.  

XVI-XVII asr manbalarida  tasvirlangan drontlar, odatdagi yirik g’ozlar kattaligida bo’lgan. Katta yoshli drontlarning massasi turli manbalarda 17-28 kg oralig’ida bo’lgan (taqqoslash uchun kurkaning vazni 12-16 kg). Bo’yi 0,7-1 m bo’lgan. Ko’pchilik qushlar singari ularda ham jinsiy dimorfizm yaxshi ifodalangan. Dodoning erkagi 21 kg, urg’ochisi esa 17 kg gacha; Rodriges drontining erkagi 28 kg, urg’ochisi esa 17 kg gacha yetgan. Dodoning boshqa kaptarlar, shu jumladan, Rodriges drontidan asosiy farqi uning yirik va uzun tumshuqqa egaligidir. Bu tumshuq Rodriges dronti tumshug’idan deyarli ikki barobar uzun bo’lgan. Burun teshigi esa ushbu uzun tumshuq bo’ylab joylashgan. Rodriges drontining bo’yin va oyoqlarining nisbatan ancha uzunligi, uning dododan asosiy farqli xususiyati edi.
Quyida esa ikkala turning zamonaviy texnologiyalar asosida modellashtirilib yaratilgan rasmini ko’rishingiz mumkin.

Ushbu turlarning yaxlit skeleti topilmagan. Lekin olimlar turli hududlardan va turli vaqtlarda topilgan suyaklaridan bu organizmlarning yaxlit skeletini yig’ishgan. Quyida bularni ham ko’rishingiz mumkin.

Masalan, 2016-yilda dodoning 40 yil mobaynida topilgan suyaklardan yig’ilgan skeleti Summer Place auksionida 430 ming dollarga sotilgan edi.

Drontlar etimologiyasi

Gollandiyaning Gelderland kemasi ekipaji 1602-yilda bu qushlarni dronte deb ataydi. Bu so’z “shishgan”, “shishirilgan” kabi ma’nolarni anglatgan. Bunday nomlashga ehtimol, dodoning odatdagi qushlarga nisbatan vazni yirikligi sabab bo’lgandir. Shu tariqa, slavyan va skandinav tillarida drontlar degan so’z aynan shu qushlarga nisbatan ishlatila boshlandi.

Dodo so’zining kelib chiqishi haqida esa bir nechta qarashlar mavjud: Ayrimlar bu so’zning kelib chiqishini gollandiyaliklar tilidagi dodoor (“dangasa”) so’ziga bog’lasa, boshqalar shu tildagi dod-ars (“tuguncha”) so’zidan kelib chiqqanlgini aytadi. “Tuguncha” varianti dodo dum qismidagi bir tutam patlarga nisbatan ishlatilgan bo’lishi taxmin qilinadi. Ba’zi mualliflar esa bu so’zning portugalcha doudo (“ahmoq”) so’zidan kelib chiqqanligi haqida yozgan. Yana bitta variantga ko’ra, kaptarlarning do-doo kabi ikki notali tovushda sayrashi ushbu qushga shunday nom berilishiga sabab bo’lgan.

Hayot tarzi

Mavjud ma’lumotlar drontlarning asosan orolning janubi va g’arbidagi qirg’oq bo’yidagi o’rmonlarida yashaganligini, ba’zi dodolar esa g’orlarda yashagan ekanligini ko’rsatadi. Ular juft-juft bo’lib yashab, yerga uya qurgan. Uyada odatda, bitta tuxum bo’lgan. Taxminlarga ko’ra, erkak dodolar 21, urg’ochi dodolar 17 yil yashagan. Rodriges dronti erkagi 28, urg’ochisi 17 yil yashagan. Oyoqlarining tuzilishi juda tez yugurishga moslashgan. Drontlar o’z hududi uchun kuchli raqobatda bo’lishgan. Bu ayniqsa, Rodriges drontida yaqqol namoyon bo’lgan. Rodriges orollarida mavsumiy o’zgarishlar kuchliroq bo’lishi va yashash uchun qulay sharoitning cheklangan doiradagina mavjud bo’lishi bunga sabab bo’lgan bo’lishi mumkin. Ma’lumotlar Rodriges dronti o’zining kichik qanotlaridan raqibiga qarshi qurol sifatida foydalanganligini ko’rsatadi. Qanot suyaklaridagi yoriqchalarning mavjudligi buning isboti sifatida qaraladi. Bundan tashqari, Rodriges dronti o’z qanotlaridan juftiga o’zini ko’z-ko’z qilishda va ovoz chiqarishda foydalangan. Qanotlari yordamida hosil qilgan ovozi 200 metr uzoqlikdan ham eshitilgani manbalarda yozib qoldirilgan. Dodo esa yashash hududi uchun unchalik kuchli raqobat qilmagan. Turdoshlari bilan ahyon-ahyonda kelib chiqadigan nizolarda esa yirik tumshuqlaridan qurol sifatida foydalangan. Yevropaliklar yozib qoldirgan manbalarda dodo unga yaqinlashmoqchi bo’lgan odamlarga tumshuqlari yordamida faol qarshilik ko’rsatgani aytiladi.

Oziqlanishi

Dodolar to’kilgan mevalar, yong’oqlar, o’simliklarning urug’lari va yerostki qismlari bilan oziqlangan. Ularning tojli kaptarlar singari qisqichbaqalar va mollyuskalar bilan ham oziqlanishi taxmin qilinadi. Oroldan olib ketilayotgan dodolar kemalarda turli xil ozuqalar bilan boqilganda, ular ozuqa tanlamagani qayd etilgan.
Rodriges drontlari xurmo, o’simlik urug’lari va barglari bilan oziqlangan. Ba’zan palma mevalari bilan oziqlanganligi aytiladi. Ikkalar tur ham ovqat hazm qilishda gastrolitlar (gizzard toshlari) dan foydalangan.
Drontlar vakillari polaponlarini nima bilan oziqlantirgani haqida ma’lumot yo’q. Boshqa kaptarsimonlar singari qush suti bilan oziqlantirgani taxmin qilinadi.

Ko’payishi va rivojlanishi

Ko’payishdan oldin Rodriges dronti xurmo barglaridan uya yasagan. Uyasiga 200 metr radiusda turdoshlari va dushmanlari yaqinlashishiga yo’l qo’ymagan. Dodo uyasi haqida ma’lumot yo’q. Ular yiliga bir marta va bitta tuxum qo’ygan. Dodo may oylarida tullab, tuxumlarini avgust oyida qo’ygan. Tropikada uchraydigan yirik qushlar singari ularning polaponlari ham sekin voyaga yetganligi taxmin qilinadi. Polaponlarga yaqinlashgan odamlarga nisbatan juda agressiv bo’lishgan.

Drontlar yerga uya qurgan. Uni turdoshlari va boshqa hayvonlardan qattiq himoya qilgan

Qirilib ketishi

Dodo (1598-XVII asr oxiri)
Odamlar tomonidan ko’plab ovlanishi, o’rmonlarning kesilishi dodolar populyatsiyasining qisqarishining dastlabki sabablari bo’lsa-da, lekin bu asosiy omil emasdi. Chunki, bir vaqtning o’zida odamlarning Mavrikiya orolidagi soni dodolar qirilib ketganida 50 tadan oshmagan. Asosiy sabab, odamlar orolga o’zlari bilan birga olib kelgan it, mushuk, cho’chqa va makakalar edi. Itlar to’g’ridan-to’g’ri dodolarni ovlagan, mushuklar va cho’chqalar dodo tuxumlarini o’g’irlashgan, makakalar esa o’zi shundoq ham taqchil bo’lgan dodolarning cheklangan ozuqa resurslariga sherik bo’lishgan va dodolar butunlay qirilib ketdi…

Rodriges dronti (1691-XVIII asr o’rtalari)
Toshbaqa savdosi avj olgan yillar – XVIII asrning 30-yillarida odamlar Rodriges oroli o’rmonlarini ko’p qismini yoqib yuborishadi. Sabab – o’rmon ichkarisidagi toshbaqalarni haydab chiqarish! Yashash hududidan ayrilgan Rodriges drontlari uchun odamlar orolga olib kelgan mushuk va cho’chqalar halokatning oxirgi sabablari edi va yana bir tur shu tariqa yer yuzidan butunlay yo’q bo’lib ketdi…

Bundan 10 ming yillar oldin boshlangan insoniyatning tirik tabiatga ko’rsatayotgan ta’siri, borgan sari tuzatib bo’lmas darajaga yetib bormoqda. Biz tabiatni, tiriklikni shu darajaga olib borib qo’ydikki, sayyoramizdagi o’simlik va hayvonot olami tabiiy jarayondan ming barobar katta tezlikda yo’qolib bormoqda. Yuqorida keltirilgan ikkita tur aniqlangandan so’ng, 100 yildan kam vaqt davomida insoniyat ta’sirida qirilib ketdi. Bugungi kunda minglab kichik orollardagi yuzlab shunday  turlar yo’qolib ketish ostonasida turibdi. Har bir turning yo’qolib ketishi, bir butun tiriklik zanjirining ma’lum qismi yemirilishi demakdir. Olimlarning aytishicha, agar insoniyatning tabiatga salbiy ta’siri shu zaylda kuchayib boraversa, 30 yildan so’ng sayyoramizdagi 40% turlar yo’qolib ketishi mumkin ekan. Tabiatga mehribon bo’laylik. Zero, ulkan yaratuvchanlik qobiliyatiga ega bo’lgan insoniyat, yer yuzida tiriklik yo’qolib ketishiga sababchi bo’lmasin.

Ozodjon Abdusamatov
Samarqand davlat universiteti magistranti, ornitolog

Bo'limlar: Zoologiya

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.