Dengiz toshbaqalari

Dengiz toshbaqalari

Dengiz toshbaqalari (Cheloniidea) sudralib yuruvchilar sinfi toshbaqalar turkumiga oid katta oila hisoblanadi. Ushbu katta oila o’z ichiga ikkita: dengiz toshbaqalari (Cheloniidae) va terili toshbaqalar (Dermochelyidae) oilasini oladi.

Dengiz toshbaqalarini Arktikadan tashqari barcha okean suvlarida uchratish mumkin. Dengiz toshbaqalari yirik, qalqonlari yuraksimon yoki oval shaklda bo’lib, yuzasi qalin muguz bilan qoplangan. Faqatgina terili toshbaqada tanasini qalqon o’rnida suyakli plastinkalar qoplab olgan. Ularning o’lchami uzunasiga 1,8 – 2,1 metr, eniga 0,9 – 1,5 metrga yetadi. Og’irligi 590 kg gacha boradi. Dengiz toshbaqalarining bo’yni qisqa, qalin bo’lib, kosasining ichiga kirmaydi. Ular hayotining aksariyat qismini suvda o’tkazadi, faqatgina tuxum qo’yish uchun quruqlikka chiqadi. Dengiz toshbaqalari bir necha o’ntadan 200 tagacha sharsimon tuxum qo’yadi.

Hozirgi kunda yer yuzida dengiz toshbaqalarining 7 turi mavjud. Bular quyidagilar:

Dengiz toshbaqalari oilasi:

Avstraliya yashil toshbaqasi – Natator depressus

Avstraliya yashil toshbaqasi

Avstraliyaning shimoliy va shimoli-sharqiy qismida yashaydi. Dengiz bodringlari, molluskalar, meduzalar, krevetkalar, boshqa umurtqasizlar hamda dengiz suvo’tlari bilan oziqlanadi. Ular bir mavsumda 3-4 marotaba 50-55 tadan tuxum qo’yadilar. Tuxumlari nisbatan yirik, inkubatsion davri 55 kunni tashkil etadi. Har 2-3 yilda bir ko’payadi, tuxumlarini Avstraliya qirg’oqlariga qo’yadi. Erkak toshbaqalar dengizga chiqib ketganidan so’ng hech qachon quruqlikka qaytmaydi. Urug’lanish jarayoni suvda kechadi. Ushbu toshbaqa turi qirilib ketish xavfi ostida turgan tur bo’lib, Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Yashil toshbaqa – Chelonia mydas 

Yashil toshbaqa

Dunyo okeanining tropik va subtropik suvlarida keng tarqalgan. Ayniqsa Atlantika va Tinch okeani suvlari tez-tez uchrab turadi. Yashil toshbaqa nisbatan yirik, kosasining uzunligi 80 – 150 sm gacha, massasi 70 – 200 kg gacha yetadi. Nomi yashil toshbaqa bo’lishiga qaramasdan kosasining usti nafaqat yashil, balki ba’zida sariq va oq dog’li hamda hoshiyali to’q-jigarrang rangda bo’ladi. Hayotining dastlabki yillarini dengizda o’tkazadi, shundan keyin joyini o’zgartirish jarayonida tez-tez qirg’oqqa chiqib turadi va o’simliklar bilan oziqlanib turadi. Dengizda esa asosan meduzalar va boshqa dengiz jonivorlari bilan oziqlanadi. Ikkita kenja turi mavjud. Mazali go’shti va tuxumi uchun ovlanar edi. Lekin so’nggi vaqtlarda ularning soni keskin kamayib ketgani bois ularni ovlash ko’pgina davlatlar tomonidan taqiqlangan. U IUCN ning Qizil ro’yxatiga qirilib ketayotgan turlar maqomi ostida kiritilgan.

Bissa – Eretmochelys imbricata

Bissa

Bissa tashqi ko’rinishi bilan yashil toshbaqani eslatb yuboradi, lekin undan tana hajmining kichikligi bilan farq qiladi. Kosasining uzunligi 60 – 90 sm, og’irligi 45 – 55 kg atrofida keladi. Kosasi yuraksimon shaklda bo’lib, juda qalin bo’lgan muguz tangachalar bilan qoplangan. Karapaksning rangi sariq naqshli jigarrang tusda bo’ladi. Shimoliy yarim sharning mo’tadil iqlim mintaqalaridan (Yangi Shotlandiya, Buyuk Britaniya, Qora va Yapon dengizlari) janubiy yarim sharning mo’tadil iqlim mintaqalarigacha (Afrikaning janubi, Tasmaniya, Yangi Zelandiya) bo’lgan hududlarda uchraydi. Lekin ko’payishi tropik mintaqada kechadi. Asosan bentos umurtqasizlar bilan oziqlanadi.

Bissa hayotining aksariyat qismini dengizda o’tkazadi, faqatgina ko’payish vaqtida qirg’oqqa chiqadi. Ular ko’payish joylariga kelish uchun uzoq yo’l bosadilar. Odatda doimiy joylariga tuxum qo’yadilar. Tuxumlarining soni turli populyatsiyalarida turlicha bo’ladi, shu bilan birga bu urg’ochi organizmning hajmi ham bog’liq. Bir mavsumda urg’ochi bissa 2-4 marta 73 – 182 tadan diametri 40 mm bo’lgan yirik tuxum qo’yadi. Tuxumlarning inkubatsion davri 60 kunni tashkil qiladi. 2015-yilda ilk marta bissaning fluorestsensiya xususiyati mavjudligi aniqlangan. Ayni vaqtda bissalar Yer yuzidan butunlay yo’qolib ketish xavfi ostida turgan tur maqomida Xalqaro Qizil ro’yxatga kiritilgan.

Atlantika ridleyasi – Lepidochelys kempii

Atlantika ridleyasi

Ushbu toshbaqa turi dengiz toshbaqalari ichida eng kichigi, shu bilan birga eng tez o’suvchi toshbaqa ham hisoblanadi. Atlantika ridleyasining tarqalish areali nisbatan tor bo’lib, ular Meksika ko’rfazi hamda Floridaning janubi-g’arbiy qismida uchraydi. Voyaga yetgan toshbaqaning uzunligi 77 sm gacha, og’irligi 45 kg gacha yetadi. Boshi uchburchak shaklda. Kosasi kulrang-yashil rangda bo’lib, eni uzunligidan kattaroq va yuraksimon shaklda bo’ladi. Atlantika ridleyalari 409 metr chuqurlikkacha tusha oladi, odatda 50 m chuqurlikdagi suvlarda yashaydi. Odatda suv ostida 12-18 minut davomida sho’ng’iydi. Sho’ng’ish vaqti yil fasllariga qarab o’zgaradi. Qishda 30 daqiqagacha sho’ng’iydigan ridleyalar, yozda uzog’i bilan 15 daqiqa suv ostida bo’ladi xolos.

Ular krablar, bulutlar, meduzalar, korallar, dengiz yulduzlari, dengiz tipratikanlari, dengiz bodringlari, molluskalar, chig’anoqlar bilan oziqlanadi. Yosh ridleyalar asosan dengiz yuzasida suzib yuradigan o’tlar bilan oziqlanadi. Urg’ochi toshbaqa ko’payish mavsumida bir necha erkak toshbaqa tomonidan urug’lantiriladi va shunga yarasha ko’p tuxum qo’yadi. Odatda 90-110 tagacha tuxum qo’yadi, tuxumlarining inkubatsion davri 53-56 kunni tashkil qiladi. Ridleyalar ko’p miqdorda ovlangani bois ularning soni yildan yilga kamayib bormoqda. 1947-yilda Meksika qirg’oqlarida 42 mingta urg’ochi ridleya uchragan bo’lsa 1989-yilga kelib atigi 545 ta urg’ochi toshbaqa qolgan. Maxsus himoya qilish dasturi tufayli 2004-yilda ularning soni 5 mingtaga yetdi. Atlantika ridleyasi IUCN ning Qizil ro’yxatiga yer yuzidan butunlay yo’q bo’lib ketish arafasda turgan tur maqomi bilan kiritilgan.

Loggerxed yoki karetta – Caretta caretta

Loggerxed

Voyaga yetgan toshbaqaning uzunligi 70 – 95 sm, og’irligi 80 – 200 kg atrofida bo’ladi. Kosasi yuraksimon shaklda, rangi jigarrang, qizg’ish-jigarrang va zaytunsimon rangda bo’ladi. Asosan qisqichbaqasimonlar va molluskalar bilan, shuningdek baliqlar, meduzalar va bulutlar bilan oziqlanadi. Urg’ochilari yoz va kuzgi mavsumda 4-5 marotaba diametri 4 sm bo’lgan 100 – 126 ta yumaloq tuxum qo’yadilar. Yosh toshbaqalar tuxumdan 1-2 oyda chiqadilar, shundan so’ng gala bo’lib dengizga ketadilar. Loggerxedlar Hind, Atlantika va Tinch okeanida yashaydi. Mo’tadil va subtropik mintaqalarda uyalaydi. Eng katta guruhi Ummon va Masira oroli qirg’oqlarida tuxum qo’yadilar.

Loggerxedlarning go’shti unchalik mazali bo’lmagani uchun ular nisbatan kam ovlanadi, lekin ularning tuxumlari shirinlik tayyorlashda qo’llanilgani bois juda ko’plab miqdorda yig’ib olinadi. Shu bois ham ularning soni keskin kamayib ketmoqda. Ayni vaqtda ko’plab davlatlarda loggerxedlarni ovlash, tuxumlarini yig’ib olish taqiqlangan. Xalqaro Qizil kitobga qisqarib borayotgan tur maqomi ostida kiritilgan. Ko’plab davlatlarda maxsus qonunlar asosida himoya qlinadi. Jumladan, Yunonistonning Zakinf orolida joylashgan Dionisios Solomos xalqaro aeroportida soat 00:00 dan to 04:00 gacha samolyotlarning uchib qo’nishi taqiqlangan. Chunki ushbu tungi vaqtda aeroport yaqinidagi Laganas pylaji qirg’oqlarida loggerxedlar tuxum qo’yadi.

Zaytun toshbaqa – Lepidochelys olivacea

Zaytun toshbaqasi

Ushbu toshbaqalarning qalqoni voyaga yetgan vakillarida 60 – 70 sm uzunlikda, massasi 45 kg atrofida bo’ladi. Kosasi yuraksimon shaklda, rangi zaytun rangida, shu bois ham shunday nomlangan. Asosan Tinch va Hind okeanining tropik mintaqalarida uchraydi. Ular kunning dastlabki qismida oziqlanadi, so’ng qolgan vaqtini okean yuzasida suzib o’tkazadi. Zaytun toshbaqalar yirtqich bo’lib, meduzalar, shilliqqurtlar, krevetkalar va krablar bilan oziqlanadi. Boshqa ozuqa topa olmagan vaqtda dengiz suvo’tlari ham kifoyalanishi mumkin. Ba’zan esa yeb bo’lmaydigan narsalarni (plastik paketlar, penoplastlar) ham yutib yuborish holatlari uchrab turadi. Tutqunlikdagi vakillarida esa hatto kannibalizm hodisasi kuzatilgan. Ular dushman tufayli tez-tez qirg’oqqa chiqib turadi. Quruqlikdagi dushmanlari opossumlar, yovvoyi to’ng’iz va ilonlar hisoblanadi. Chunki bu dushmanlar ular qazigan uyalardagi tuzumlarni yeb ziyon keltiradilar. Zaytun toshbaqalarning populyatsiyasi yildan-yilga kamayib bormoqda. Ularning kamayishida antropogen omilning o’rni katta. Ko’pgina davlatlarda ularni ovlash, tuxumlarini yig’ib olish taqiqlangan. Shu bilan birga ularning ko’payish joyi hisoblangan playjlar ham himoya ostiga olingan.

Terili toshbaqalar oilasi:

Terili toshbaqa – Dermochelys coriacea

Terili toshbaqa

Terili toshbaqalar oilasining yagona vakili. Shu bilan birga hozirgi toshbaqalarning eng yirik vakili hisoblanadi. Qayd etilgan eng yirik terili toshbaqaning uzunligi 2,6 metr, oldingi oyoqlari orasidagi masofa 2,5 metr, massasi 916 kg bo’lgan. Ushbu toshbaqalarning evolutsiyasi trias davridan beri boshqa turkumdoshlarinikidan alohida kladada kechgan, shu bois ham ko’p jihati bilan ulardan farqlanadi. Ularning kosasi suyak sistemasi bilan bog’lanmagan bo’lib, mayda suyak plastinkalardan tashkil topgan. Muguz tangacha qatlami mavjud emas. Terili toshbaqalar asosan meduzalar, taroqlilar, qisqichbaqasimonlar, boshoyoqli molluskalar, trepangilar va mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Ular deyarli barcha tropik dengizlarda uchraydi. Terili toshbaqa go’shti istemol qilinganda zaharlanish holatlari uchrab tursada, ular iste’molga yaroqli hisoblanadi.

Terili toshbaqalar 1-3 yilda bir marotaba tuxum qo’yadi. Mavsumda 4-7 marta 100 tadan tuxum qo’yadi. Tuxum qo’yishlari orasidagi muddat 10 kunni tashkil qiladi. Qirg’oqqa tunda chiqadi. Ular chuqurligi 100-120 sm bo’lgan butun boshli quduq qaziydilar. Urg’ochi toshbaqa chuqurga orqa tomoni bilan tushib u yerga ikki xildagi: odatdagidek va mayda tuxum qo’yadilar. Shundan so’ng ona toshbaqa chuqurni qum bilan mahkam qilib yopadi. Tuxumdan chiqqan yosh toshbaqalar dengizga yo’l oladilar. Terili toshbaqalar bugungi kunda IUCN ning Qizil ro’yxatiga qisqarib borayotgan tur maqomi bilan kiritilgan.

Bundan avval barg o’rovchi qo’ng’izlar haqida ma’lumot berilgan edi.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.