Diasporologiya haqida bir shingil

Diasporologiya haqida bir shingil

Diasporalarning tarqalish qonuniyatlarini o’rganuvchi botanikaning bo’limi diasporologiya yoki karpoekologiya deb nomlanadi. Diaspora bu o’simlikning morfologik tarkibiy qismlaridan biri bo’lib, u ona o’simlikdan tabiiy holda ajralib chiqadi va o’simliklarning tarqalishiga yordam beradi. Ikki xil diaspora farqlanadi:

1) vegetativ diasporalar – tugunak, tugunakpiyozbosh, piyozbosh va boshqalar;
2) generativ diasporalar – gulli o’simliklarning urug’ va mevalari, sporali o’simliklarning sporalari.

Umumiy holatda diasporalar ikki xil usulda tarqaladi: alloxoriya – bunda diasporalarning tarqalishi tashqi omillarga bog’liq; avtoxoriya – bunda o’simlik o’z imkoniyatidan kelib chiqib diasporalarni tarqatadi.

Quyida ushbu tarqalish usullarining xususiy turlari bilan tanishib chiqamiz:

AVTOXORIYA

1) avtomexanoxoriya – bunda o’simlikning mevasi bandidan ajralishi, chatnashi, ochilishi hisobiga o’zining urug’larini tarqatadi;
2) baroxoriya – o’simlik mevasining o’z vazniga ko’ra uzilib tushishi.

ALLOXORIYA

1) anemoxoriya – meva va urug’larning shamol yordamida tarqalishi;
2) antropoxoriya – meva va urug’larning odam tomonidan tarqalishi;
3) ballistoxoriya – bunda meva va urug’larning tarqalishi tashqi muhitdan ta’sir etuvchi omilga bog’liq (odam, hayvon, shamol) bo’lib, mevalar ushbu ta’sir ostida chatnab urug’larini sochadi. Bunday usul qo’ng’iroqdoshlar oilasining vakillariga xos.
4) gidroxoriya – meva va urug’larning suv yordamida tarqalishi;
5) zooxoriya – meva va urug’larning hayvonlar yordamida tarqalishi;
6) diploxoriya – meva va urug’larning bir nechta tashqi muhit omillari baravar ta’siri ostida tarqalishi.

Bundan tashqari meva va urug’lar tarqalishining o’ziga xos turlari mavjud. Masalan, mirmekoxoriya, ya’ni diasporalarning chumolilar yordamida tarqalishi. Yer yuzida 3000 ga yaqin o’simlik turi mirmekoxor hisoblanadi. Bu deyarli o’simliklarning 1 foizini tashkil etadi. Avstraliyaning quruq dashtlari va sklerofil o’rmonlarida bunday o’simliklar 1500 turni, Janubiy Afrika finboshlarida esa 1000 turni tashkil etadi.

Bundan avval hosil qiluvchi to’qima haqida xabar berilgan edi.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.