Bir urug’ pallali o’simlilar sinfi kuchaladoshlar (Araceae) oilasi Volfiya turkumiga mansub o’simliklar dunyodagi eng kichik gulli o’simlik bo’lib, o’z-o’zidan ularning gullari ham dunyodagi eng kichik gul hisoblanadi. Ayni vaqtda volfiyaning Yer yuzida 11 turi mavjud. Turkumning nomi nemis botanigi va entomologi Yoxan Volf sharafiga atalgan.
Volfiyalar suv yuzasida suzib yuruvchi yashil, sarg’ish-yashil ellips shaklidagi diametri 1 mm keladigan plantinkalardan iborat o’simliklardir. Ularning ildizi yo’q. Bir dona o’simlikning massasi 150 mikrogramm keladi. Volfiyalar o’z tarkibida ko’p miqdorda oqsil moddasini saqlashi bilan dukkaklilarga teng keladi. Shu bois ularni akvariumda baliqlar ozuqasi uchun ko’paytirish keng yo’lga qo’yilgan. Quruq massasida 44% uglevod, 20% oqsil, 5% yog’, vitaminlardan A, B2, B6, C va PP mavjud. Volfiyalarni nafaqat baliqlar balki odamlar ham iste’mol qiladi.
Vakillari
Eng keng tarqalgan mashhur turlari bilan tanishib o’tamiz:
Ildizsiz volfiya (Wolffia arrhiza) – juda ham kichik o’simlik. U dunyodagi eng kichik gulli o’simlik sifatida tan olingan. Yevropa, Afrika va Osiyoning ko’pgina qismlarida tabiiy holda tarqalgan. Bugungi kunga kelib esa butun dunyoda uni madaniylashtirib ulgurishgan. U tinch oqadigan yoki oqmaydigan suv havzalarida uchraydi. Uning diametri 1 mm keladigan sharsimon plastinkasi suv yuzasida suzib yuradi. Plastinkada bir necha qator barg og’izchalari joylashgan. Ildizi yo’q. Uning juda ham mayda gulida atigi bitta changchi va bitta urug’chi mavjud. U vegetativ usulda juda tez ko’payadi. Suv harorati pastlagan vaqtda u o’sish va ko’payishdan to’xtaydi, suv tubiga tushib turion (turion – suv o’simliklarining qishlash uchun hosil qiladigan maxsus kurtagi) bo’lib qishlaydi. O’simlik miksotrof usulda oziqlanadi, ya’ni fotosintez jarayonida o’zi uchun ozuqa sintezlaydi yoki yashayotgan suv muhitidan erigan uglerodni so’rib oladi.
Ildizsiz volfiya nihoyatda to’yimli ozuqa hisoblanadi. Uning quruq massasida 40 foizgacha oqsil bo’ladi, turionlari tarkibida esa 40 foizgacha kraxmal uchraydi. Uni Myamma, Laos, Tailandda anchadan beri arzon ozuqa sifatida ishlatib kelishadi. Bundan tashqari ildizsiz volfiyadan qishloq xo’jaligida keng maqsadlarda foydalaniladi. Masalan, uni krevetka boqilagan hovuzlarda ko’paytirganda ular krevetga axlatlarini o’zlashtirib hovuzni ifloslanishdan saqlaydi, shu bilan birga suvdagi azot va fosforni faol o’zlashtirishi hisobiga juda tez o’sadi. Qolaversa ushbu volfiyani karp, tilyapiya baliqlari boqiladigan hovuzlarda ko’paytirish orqali baliqlarni juda tez semirtirishga erishish mumkin.
Sharsimon volfiya (Wolffia globosa). Uni ilk marotaba ingliz botanigi Uilyam Roksber Lemna globosa nomi ostida fanga kiritgan, keyinchalik 1970-yilda botaniklar Kornelis den Xartog va F. van der Plas tomonidan uning volfiya turkumiga kirishi qayta o’rnatildi. Sharsimon volfiya ham xuddi ildizsiz volfiya kabi dunyoning eng kichik gulli o’simligi o’rni uchun raqobat qiladi. Lekin sharsimon volfiya plastinkasi ayrim holatlarda 1,5 mm gacha o’sadi.
Osiyoning tropik va subtropik mintaqasidagi suv havzalarida tabiiy holatda o’sadi. Shu bilan birga Shimoliy va janubiy Amerikaga mintaqasiga iqlimlashtirilgan. Ko’l, daryo, suv havzalarining qirg’oqlarida koloniya hosil qilib o’sadi. Issiq iqlim mintaqalarini xush ko’radi. Ushbu o’simlik Tailandning Isan provinsiyasida tay oshxonasining eng mashhur taomlaridan biri hisoblanadi.
Bundan avval non daraxti o’simligi, uning o’ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot berilgan edi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.