Ekologik tokcha – bu turning biotsenozda egallagan o’rni bo’lib, biotsenozdagi o’zaro aloqalarni va tashqi muhit omillariga bo’lgan talabni o’z ichiga oladi. Ushbu termin ikki olim tomonidan fanga kiritilgan. 1917 yilda Jozef Grinnel o’zining bir maqolasida ekologik tokcha atamasini aynan tur egallagan joy ma’nosida qo’llaydi; 1927 yilda Charlz Elton esa ushbu terminni trofik tokcha ma’nosida ishlatadi. Ayni vaqtda esa ekologik tokchalarni tushuntirishda Jorj Hatchinsonning giperhajm modeli ustunlik qiladi.
Ekologik tokchalar organizm yoki populyatsiyaning resurslar va raqobatchilar tarqalgan muhit ta’siriga qanday javob berishini (masalan, o’sish davrida resurslar yetarli bo’lganda yoki yirtqichlar, parazitlar, patogenlar kam bo’lganda) hamda o’z navbatida ularning tashqi muhit faktorini qanday o’zgartirayotganini tushuntiradi.
Ekologik tokchalarning ta’rifi
Grinnel tokchasi turning tarqalgan joyi va shu joyda organizmda xulq-atvor moslanishi bilan aniqlanadi. Elton tokchasi esa tur o’zi egallagan muhitda nafaqat o’sadi va moslashadi, balki shu bilan birga muhitning xususiyatlarini qanday o’zgartirishini ifoda etadi. Hatchinson tokchasi esa turning o’zi tarqalgan muhitdagi o’zaro munosabatlarni matematik va statistik usullarni qo’llagan holda tushuntirishga harakat qiladi.
Ekologik tokcha tushunchasi ekologik biogeografiya fanining markaziy mazmuni bo’lib, u ekologik jamoalarning tarqalish strukturasini o’rganadi.
Yer yuzidagi barcha organizmlar o’zining standart ekologik tokchalarida yashaydi va o’zining sistematik o’rniga yaqin bo’lgan organizmlar bilan o’xshash xulq-atvor, moslanish va funksional xususiyatlarni namoyon etadi. Masalan, go’ngxo’r qo’ng’iz hayvon go’ngidan ozuqa sifatida foydalanadi, uning barcha hatti-harakati, moslanishlari o’z ozuqasini o’zlashtirishga qaratilgan. Yoki kolibri qushlarini oladigan bo’lsak, ular ham ma’lum bir hududda yashab o’sha yerda o’sadigan ma’lum turdagi o’simliklarning shirasi bilan oziqlanishga moslashgan. Ularning turdoshlarida ham xuddi mana shunday xususiyatlar namoyon bo’ladi.
Organizmlar o’zining ekologik tokchasidan tashqariga chiqib ketmaydi. Lekin istesno holatlar ham bor albatta. Masalan, Yangi Zelandiya kivilari qushlar kabi chuvalchanglar, hasharotlar bilan oziqlanadi, lekin hayot tarzini sutemizuvchilarnikidek olib boradi. Ekologik tokchalarni o’rganish ekologik jamoalarni tashkil etayotgan organizm va muhitning o’zaro qanday qonuniyatlar asosida bir-biriga moslanishini hamda qanday o’zgarishlarga uchrashligini aniqlash imkonini beradi. Bu esa koevolutsiyaning yorqin misoli bo’la oladi.
Koevolutsiya – evolutsiya jarayonida bir-biriga ta’sir ko’rsatuvchi ikki organizmning bir-biriga moslanish qonuniyatlarini o’rganadi. Masalan, bargning ostki tomonida parazitlik qiluvchi barg shiralari o’z o’simligiga moslashgani kabi, o’simlik ham o’z parazitiga moslashadi.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.