Ektotrof mikoriza

Ektotrof mikoriza

Ektotrof mikoriza (ko’p adabiyotlarda ektomikoriza ham deyiladi) bu yuksak o’simliklarning ildiz hujayralari va zamburug’ gifalarining o’zaro simbiotik munosabatda bo’lishlaridir. Ektomikoriza hosil qilishda asosan bazidiomitsetlar, askomitsetlar, kamdan-kam hollarda esa zigomitsetlar bo’limi vakillari ishtirok etadi. Ektotrof mikoriza Yer yuzidagi jami o’simlik oilalarining 10 foizida, umumiy o’simlik turlarining esa 2 foizida uchraydi. Ektomikoriza hosil qiluvchi o’simliklar ichida yog’ochlikka ega o’simlik oilalari, jumladan qayindoshlar, dipterokarpdoshlar, mirtguldoshlar, bukdoshlar, toldoshlar, qarag’aydoshlar, ra’noguldoshlar vakillari ko’pchilikni tashkil etadi. Ektotrof mikorizalarni tadqiq etish ekosistemalarni boshqarish va qayta tiklash, o’rmonchilik hamda qishloq xo’jaligi sohalarida juda muhim sanaladi.

Mana endi nima uchun aynan ektotrof mikoriza deyilishiga to’xtalib o’tsak. Aksariyat o’zbek tilli adabiyotlarda ektotrof mikorizaga ta’rif berilar ekan, u yerda zamburug’ mitselliysi ildizning uchki qismini g’ilof shaklida o’rab oladi deb yoziladi. Bu qisman to’g’ri tushuncha. Lekin shu aytish kerakki, ektotrof mikorizada ham, endotrof mikorizada ham zamburug’ gifalari (mitselliysi emas!!!) ildizning ichki qismiga kiradi. Agar zamburug’ ildiz to’qimasining ichki qismigacha kirib bormasa u holda simbioz munosabat yuzaga kelmagan bo’lar edi.

Ektomikorizada boshqa turdagi, jumladan arbuskulyar va erikoid mikorizalardan farqli ravishda ildiz ichiga kirgan zamburug’ gifalari hujayra devori orqali hujayraning ichki qismigacha kirib bormaydi. Aksincha gifalar hujayralararo bo’shliqni to’ldirib, hujayrani zich zamburug’ gifalari bilan o’rab oladi. Mana shu gifalardan hosil bo’lgan to’r Hartig to’ri deb ataladi. Ayrim hollarda Hartig to’ri hosil qilgan ektomikorizalarda ham gifalarning hujayra devoridagi poralar orqali sitoplazmagacha kirishi kuzatiladi. Bunday ko’rinishdagi mikorizani ba’zi mikologlar ektendotrof mikoriza (ektendomikoriza) deb atashni taklif qilishadi. Shunday bo’lsa ham deyarli aksariyat adabiyotlarda buni ektomikorizaning bir ko’rinishi sifatida tavsiflashadi.

Ektomikorizaning tuzilishi. Hartig to’ri

Ektomikorizani hosil qilayotgan zamburug’ biomassasining asosiy qismi ildizdan tashqari joylashgan. Umumiy holda ushbu simbiont zamburug’ biomassasini uch guruhga bo’lish taklif qilingan: 1) ildiz ichidagi giflar, ya’ni Hartig to’ri; 2) ildiz uchki qismini o’rab turgan zamburug’li qobiq; 3) ildizdan tashqaridagi giflar, ya’ni simbiont tizimni tuproq bilan bog’lab turuvchi zamburug’ giflari.

Ektotrof mikoriza va undagi o’zaro simbiontlik munosabatlari

Ektotrof mikorizada ham ko’pchilik bilgani kabi o’simlik va zamburug’ orasida o’zaro ozuqa almashnuvi sodir bo’ladi. Bunda xo’jayin o’simlik fotosintez natijasida hosil qilgan organik moddalarni zamburug’ gifalari orqali asosiy tanasiga bersa, undan tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni qabul qilib oladi. Bu o’rinda sizga avval ma’lum bo’lmagan ektomikorizaga xos bir nechta qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o’taman.

Zamburug’ va xo’jayin o’simlik orasidagi mutualistik munosabat

Ektomikorizani hosil qilayotgan zamburug’ gifalari nafaqat o’simlik va zamburug’ orasida, balki turli o’simliklar orasida ham moddalarni o’zaro almashinuvini tashkil qilishi mumkin. Tajribada qog’oz qayin (Betula papyrifera) daraxti tanasidagi nishonlangan uglerodlar Duglas pixtasi (Pseudotsuga menziesii) tanasiga zamburug’ gifalari yordamida o’tgan. Ektomikoriza hosil qiluvchi Laccaria bicolor zamburug’i esa o’zidan ajratuvchi moddalar yordamida bo’g’imoyoqlilar tipi yashirinjag’lilar sinfiga mansub kollembolalar (Collembola) ni o’ziga jalb qiladi va o’ldiradi. Halok bo’lgan umurtqasiz hayvon organizmi tarkibidagi azotni o’zlashtirib uni xo’jayin o’simlikka yetkazadi.

Bundan avvalgi maqolamizda mikoriza haqida umumiy ma’lumotlar keltirgan maqolamizni taqdim etgan edik.

Bo'limlar: Umumiy biologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.