Elaksimon naylar va yo‘ldosh hujayralar

Elaksimon naylar va yo‘ldosh hujayralar

Elaksimon naylar – yuksak o’simliklar poyasining floema qavatida uchraydigan o’tkazuvchi to’qima elementi. Ularning asosiy vazifasi organik moddalar – shakar va assimilyatsiya mahsulotlarini tashishdan iborat. Ushbu naylar 1837 yilda nemis biolog olimi Teodor Gartig tomonidan kashf etilgan.

Elaksimon naylar bir qator bo’lib tuzilgan uzun hujayralardan iborat. Hujayralarni oxirgi qismlarida elaksimon plastinka va unda teshiklar mavjud, naylarning ichki tomoni kalloza bilan qoplangan. Oddiy elaksimon plastinkalar gorizontal holatda joylashadi va ularda bitta teshik bo’ladi (masalan, qovoq va shumtolda ), murakkab elaksimon plastinkalar esa qiya holatda joylashgan bo’lib, ularda bir nechta teshklar bo’ladi (masalan, lipa, tok, passiflora va sholida ). Elaksimon naylarning oldida yo’ldosh hujayralar joylashgan bo’lib, ular elaksimon naylar bilan fiziologik jihatdan bog’langan. Elaksimon naylar hosil bo’lish vaqtida ularning vakuolalari asta-sekin erib, hujayra shirasi sitoplazma bilan aralashib ketadi. Ushbu aralashma o’z navbatida hujayraning organoidlari va yadrosini ham parchalab tashlaydi. Elaksimon nay hujayralari ko’p miqdordagi sitoplazmaga ega bo’lib, ularda yadro, ribosoma va vakuola bo’lmaydi.

Aksariyat o’simliklarda elaksimon naylar faqatgina bir yil faoliyat ko’rsatadi va kuzga kelib yo’qolib ketadi. Faqat ayrim o’simliklarda, jumladan, tokda 2 yil, lipada bir necha yil, palmalarda bir necha o’n yil faoliyat ko’rsatadi. Yil oxiriga kelib o’simlikning vegetatsiya davri to’xtashidan oldin elaksimon plastinkalarda teshiklar kalloza yordamida berkiladi, bundan tashqari tashqi tomondan muguzsimon modda bilan qoplanadi. Vaqt o’tishi bilan ushbu naylar yo’qolib ketadi.

Yo’ldosh hujayralar

Yo’ldosh hujayralar yopiq urug’li o’simliklar o’tkazuvchi to’qimasidagi elaksimon naylarning yon tomoniga birikkan holda turadigan parenxima hujayralaridir. Ular elaksimon naylar bilan plazmodesmalar orqali bog’langan bo’ladi. Ularning asosiy vazifasi o’z yadrosi va boshqa organoidlarini ish faoliyatidan kelib chiqib yo’qotgan elaksimon nay hujayralarini nuklein kislota, ATF ko’rinishidagi energiya bilan ta’minlab turishdan iborat. Shu sababli ular o’simlikning boshqa hujayralaridan farqli ravishda yirik hajmga ega, bir nechta yadrosi bo’lishi mumkin va ko’plab ribosoma va mitoxondriyaga ega. Yo’ldosh hujayralarning ikki xili mavjud:

1) oddiy yo’ldosh hujayralar. Ularning hujayra devori silliq, elaksimon nay bilan bog’lanadigan plazmodesmasi juda kam yoki umuman yo’q.

2) transfer yo’ldosh hujayralar. Ularning hujayra devori murakkab tuzilgan. Elaksimon naylar bilan faol bog’langan bo’lib, unga energiya yetkazib turish vazifasini bajaradi. Ushbu hujayralarni transfer hujayralar deb atashni B.S.Ganning va J.S.Pate taklif qilgan. Ochiq urug’li o’simliklarda yo’ldosh hujayralar vazifasini Strasburger hujayralari bajaradi.

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.