Germafrodit baliqlar

Germafrodit baliqlar

Germafrodit baliqlar haqida gap boshlashdan avval germafroditizm nima ekanligi haqida ozgina to’xtalib o’tsak. Normal holatda bir organizmda ham urg’ochilik, ham erkaklik jinsiy hujayralarining hosil bo’lish jarayoniga germafroditzm deb ataladi. Germafroditizm holati hayvonlardan asosan umurtqasizlar orasida, umurtqalilardan esa ayrim baliq turlarida uchraydi. O’simliklarning aksariyat vakili germafrodit hisoblanadi.

Germafroditizm turlari

Hayvonlarda germafroditizmning bir qancha ko’rinishdagi xillari uchraydi:

Gallanuvchi germafroditizm

Germafroditizmning ushbu turi asosan baliqlar, qorinoyoqli molluskalar va o’simliklar orasida uchraydi. Gallanuvchi germafroditizmda organizm o’zining jinsini hayotining u yoki bu davrida muhitga yoki boshqa omillarga bog’liq ravishda o’zgartirib turadi. Gallanuvchi germafroditizmning ham bir qancha turlari mavjud:
Protandriya – bunda organizm erkaklik jinsi bilan tug’iladi, keyinchalik esa urg’ochi jinsidagi organimga o’zgaradi.
Protoginiya – bunda esa organizm urg’ochilik jinsi bilan tug’iladi, so’ngra erkaklik jinsidagi organizmga o’zgaradi.
Ikki tomonlama jins o’zgartiruvchilar – bunday organizm urg’ochi yoki erkak bo’lib tug’iladi. Hayotining turli bosqichlarida o’z jinsini erkak yoki urg’ochilikka o’zgartiradi.

Sinxron germafroditizm

Germafroditizmning ushbu ko’rinishida organizm bir vaqtning o’zida ikkala jinsga mansub gametalarni hosil qila oladi. Germafroditizmning ushbu ko’rinishida o’z-o’zini urug’lantirish holati tez-tez ko’zga tashlanib turadi.

Germafrodit baliqlar

Ayni vaqtdagi suyakli baliqlarning 2 foizi orasida germafroditizm uchrashi qayd etilgan. Quyidagi kladogramma orqali qaysi kladalarda germafrodit baliqlar uchrashini ko’rishingiz mumkin.

Protandriya xilidagi germafrodit baliqlar

Masxaraboz baliqlar (Amphiprion) – protandriya xilida germafroditizmni namoyon qiluvchi baliqlar hisoblanadi. Ushbu baliqlar korall riflarida dengiz anemoniyalari bilan birgalikda simbioz holatda yashaydi. Odatda bitta anemoniyada voyaga yetgan bitta yirik urg’ochi baliq, undan kichikroq erkak baliq hamda bir nechta mayda voyaga yetmagan erkak baliqlar yashaydi. Agar anemoniyadagi urg’ochi baliq yo’qolib qolsa (qaysidir boshqa kattaroq baliq yeb qo’ysa, o’lib qolsa, traulerlar tashlagan to’rga ilinsa), anemoniyadagi erkak baliq o’z jnsini o’zgartiradi va urg’ochi baliqqa aylanadi. Voyaga yetmagan erkak baliqlar orasidagi eng yirigi esa voyaga yetib uni urug’lantirish funksiyaga kirishadi.

Siyohrang anemoniya (Heteractis magnifica) ichdagi yirik urg’ochi va mayda erkak masxaraboz baliq (Amphiprion ocellaris)

Protoginiya xilidagi germafrodit baliqlar

Ma’lumotlarga qaraganda gallanuvchi germafroditizm xususiyatiga ega 500 turdagi baliqlarning 75 foizida aynan protoginiya xilidagi germafroditizm kuzatiladi. Gubanlar (Labridae) oilasi vakillari aynan protoginiya xilidagi germafroditizmni namoyon qiladi.  Gubanlar riflar orasida yashovchi, o’ziga xos noodatiy hayot tarziga ega baliqlar hisoblanadi. Ushbu baliqlar populyatsiyada ikki xildagi erkak individlar bo’ladi: boshlang’ich fazadagi erkaklar va terminal fazadagi erkaklar. Terminal fazadagi erkak baliqlar urg’ochi baliqlarni urug’lantirish uchun o’z hududini agressiv tarzda himoya qiladi. Ushbu hududdagi boshlang’ich fazadagi erkak baliq esa urg’ochi baliqlar bilan suzib yuradi va ular kabi tuxum qo’yib ko’payishi mumkin. Ular o’z hududini himoya qila olmagani uchun terminal fazadagi baliqlar bilan raqobatlashmaydi va urg’ochi baliq ko’rinishida hayot tarzini davom ettiradi. Gubanlar urg’ochi va erkak jinsida tug’iladi, lekin har ikkala jins ham terminal fazadagi erkak baliq bo’lma olmagani bois urg’ochi formada yashaydi. Qachonki hududdagi terminal erkak baliq o’lib qolsa yoki yo’qolib qolsa, boshlang’ich fazadagi erkak baliq yoki urg’ochi baliq terminal fazadagi erkak baliqqa aylanadi.

Shu bilan birga 100 baliq turini o’z ichiga oluvchi to’tiqush baliqlar oilasi (Scaridae) ning aksariyat vakillari ham hayotini urg’ochi baliq ko’rinishida boshlab erkak baliq ko’rinishida davom ettiradi.

Protoginiya xilidagi germafroditizm shu bilan birga Serranidae (tosh olabug’alar), Sparidae (dengiz tobon baliqlari), Synbranchidae (soxta ugorlar), Pomacanthidae (dengiz farishtalari), Gobiidae (qumbaliqlar), Lethrinidae (imperator oqcha baliqlar) oilalarining vakillari orasida ham uchraydi.

Ikki tomonlama jins almashtiruvchi germafrodit baliqlar

Ushbu xildagi germafrodit baliqlarga ko’k hoshiyali qumbaliq (Lythrypnus dalli) misol bo’la oladi. Bu baliq korall riflarida yashaydi. Ularning populyatsiyada ijtimoiy ierarxiya o’rnatilgach, u yerdagi baliqlar o’z jinsini avvalgi jinsi qanday bo’lishidan qat’iy nazar o’zgaritishga majbur bo’ladi. Bunda agar baliqda agressiv xususiyat mavjud bo’lsa erkak baliqqa o’zgaradi, bunda uning avval erkak yoki urg’ochi ekanligiga qaralmaydi. Agar baliq avvalda bo’ysunuvchi xulq-atvorga ega bo’lsa, u holda u urg’ochi jinsiga o’zgaradi.

Ko’k hoshiyali qumbaliq (Lythrypnus dalli)

Sinxron tipdagi germafrodit baliqlar

Atlantika okeanidagi Karib dengizi va Meksika bo’g’ozidagi riflarda yashovchi hamlet (Hypoplectrus) urug’i vakillari (18 turi mavjud) umurtqalilar orasidagi kamdan-kam holatda uchraydigan sinxron germafrodit baliqlar hisoblanadi. Boyaga yetgan ushbu urug’ vakillari organizmida bir vaqtning o’zida ham urg’ochi, ham erkaklik jinsiy hujayralari yetiladi. Lekin odatda hamletlar o’z-o’zini urug’lantirmaydi. Ular o’z rangiga mos keladigan sherik tanlab bir birini urug’lantiradi. Urug’lanish jarayonida bir baliq bir gal urg’ochi baliq rolni o’ynasa, keyingi gal erkak baliq rolini o’ynaydi. Hamletlar urug’lanish vaqtida o’ziga xos qisqa chastotali tovush chiqaradi.

Indigo hamlet balig’i (Hypoplectrus indigo)

Bundan avvalgi maqolalarimizning birida masxaraboz baliqning ultrabinafsha nurlarni ko’ra olish xususiyati mavjudligi haqidagi kashfiyot haqida xabar bergan edik.

Muallif haqida

Izohlar

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.