Urug’li o’simliklarda changchidagi changlarning urug’chi tumshuqchasiga (yopiq urug’lilarda) yoki urug’kurtakka (ochiq urug’lilarda) tushishi changlanish deb nomlanadi. Changlanish ikki xil bo’ladi: avtogamiya (o’z-o’zidan changlanish) va allogamiya (chetdan changlanish). Chetdan changlanish o’z navbatida ikkiga: biotik va abiotik changlanish usullariga bo’linadi. O’simliklarning changlanish jarayonini antekologiya fani o’rganadi.
O’simliklarning suv yordamida changlanishi abiotik changlanishga misol bo’lib gidrofiliya deb ataladi.
Gidrofiliya – changlanishning eng kam uchraydigan va noodatiy turi hisoblanadi. Bunda chang donachalari urug’chi tumshuqchasiga aynan suv yordamida yetib boradi. Gidrofil o’simliklar ikki guruhga bo’linadi:
1) Chang donachalarini suv yuzasi bo’ylab tarqatuvchi o’simliklar. Masalan, vallisneriya o’simligining changchili gullari o’z changini suv yuzasiga sochadi, chang donachalari suz yuzasining sekin harakati natijasida urug’chi tumshuqchasi tomon oqib boradi.
2) Chang donachalarini suv osti bo’ylab tarqatuvchi o’simliklar. Masalan, dengiz o’tlarining urug’chili gullari suv bilan qoplangan holda bo’ladi, chang donachalari ularga suv massasi bo’ylab suzib kelib changlantiradi.
Suv yuzasi bo’ylab changlanuvchi gidrofiliya nisbatan ko’p uchraydi va u shamol yordamida changlanish bilan haqiqiy gidrofiliya o’rtasidagi oraliq formaga o’xshaydi. Gidrilla, botqoqchi, ruppiya, zostera, elodeya kabi o’simliklarning gullariga suv yuzasining mavjlanib harakatlanishi yordamida chang donachalari yetib boradi. Spiralsimon vallisneriya (Vallisneria spiralis) o’simligida chang donachalari tumshuqchagacha suzib boradi. Potamogenton kabi ayrim dengiz o’tlarida ham suv yuzasi bo’ylab changlanish kuzatiladi.
Haqiqiy suv massasi bo’ylab changlanadigan o’simliklarga bir urug’pallalilarga mansub nayada turkumi vakillari misol bo’ladi. ularning chang donachalari aynan suv ichida urug’chi tumshuqchasiga yetib boradi. Shu bilan birga Posidonia australis va Zostera marina kabi dengiz o’tlari ham aynan shu usulda changlanadi.
Shu bilan birga aynan yomg’ir suvlari bilan changlanuvchi o’simlik turlari mavjud. Ular yomg’ir tomchilari hisobiga yuzaga kelgan o’simlik yuzasidagi kichik suv oqimi hisobiga gul changini tarqatadi. Ayrim orxideya turlari atrofda tabiiy changlantiruvchilar miqdori kamaygan vaqtda shu usulda o’z-o’zidan changlanadi.
Bundan avval dunyodagi eng kichik gul hisoblangan volfiya, uning tuzilishi, xususiyatlari va turlari haqida ma’lumot bergan edik.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.