Agar siz ilm dunyosiga kirgan bo‘lsangiz, kunda-kunora qulog‘ingizga «impakt faktor» (bu jumlani o‘zbekchaga tarjima qilish kerak emas, deyarli ko‘p davlatlar aynan shu holatda, ilmiy atama sifatida o‘zlashtirmoqda) degan jumla chalinib turadi. Bugun mana shu narsani imkon qadar soddaroq qilib tushuntirib bermoqchiman.
Impakt faktor – bu ilmiy jurnalda chop etilgan maqolalarga berilgan iqtiboslarning raqamda ifodalangan ko‘rsatkichidir.
Ilmiy jurnal degani tushunarli, unda maqola chop etish degani ham tushunarli, «iqtibos» (citation) nima degani unda?
Jonli misol bilan tushuntiraman. Men 2020-yilning fevral oyida «Journal of Applied Ichthyology» degan jurnalda O‘zbekistonning Zarafshon daryosida qora dog‘li qumbaliq (Gobio nigrescens) degan baliqning uchrashi to‘g‘risida maqola chop etdim. Bundan avval bu daryoda ushbu baliqning uchrashi to‘g‘risida ma’lumot bo‘lmagan. Demak men bu ma’lumotni ilk marotaba qayd etdim. Endi deylik 2020-yilning sentabr oyida eronlik bir ixtiolog-tadqiqotchi Gobio urug‘iga mansub baliqlar haqida maqola yozayotganda, meni maqolamni ko‘radi-da, o‘z maqolasida mening ma’lumotlarimdan foydalanadi. Masalan u o‘z maqolasida: «Qora dog‘li qumbaliq Afg‘oniston va Eron hududidan oqib o‘tuvchi Hari daryosida (Coad, 2019) va O‘zbekiston hududidagi Zarafshon daryosida (Sheraliev et al., 2020) uchraydi» deb yozadi.
Aynan mana shu gapida u B.Coad (kanadalik ixtiolog, Eron baliqlari bo‘yicha mutaxassis) va mening maqolalarimdan iqtibos keltirib o‘tgan bo‘ladi. Men ham odatda o‘z maqolalarimda boshqa mualliflarning ishlaridan iqtibos keltiraman. Masalan bir maqolamda quyidagicha yozganman: «Triplophysa urug‘iga mansub baliqlarning ayni vaqtda 160 dan ortiq turi mavjud (Fricke et al., 2021).» Bu baliqlarning nechta ekanligini men sanab chiqmaganman, shu bois bu ma’lumotni ishlatayotganda uning muallifi (bu yerda Ronald Fricke) ishidan iqtibos keltiraman. Aks holda bu plagiat, ya’ni ko‘chirmachilik bo‘lib qoladi.
Maqolangizga boshqa tadqiqotchilar tomonidan qancha ko‘p iqtibos keltirilsa, sizning ilmiy salohiyat darajangiz (h-indeks, bu haqida boshqa safar batafsil aytib beraman) ham shuncha ortib boradi. Shu bilan jurnalda chop etilgan maqolalarga qanchalik ko‘p iqtibos keltirilsa, jurnalning impakt faktori ham shuncha ortib boradi.
Impakt faktor qanday hisoblanadi?
Bu uchun quyidagi formuladan foydalaniladi:
IF(yil)=A/B
A – bu yerda aniqlanayotgan yil davomida jurnaldagi maqolalarga berilgan iqtiboslar soni;
B – esa aniqlanayotgan yildan avvalgi ikki yillikda jurnalda chop etilgan maqolalar soni.
Misol bilan tushuntiraman. Masalan, «Zookeys» degan jurnalda deylik 2018-yilda 500 ta, 2019-yilda esa 480 ta maqola chop etilgan. Ushbu ikki yillik maqolalarga 2020 yil davomida hammasi bo‘lib 1040 marotaba havola berilgan. Endi mana shu ko‘rsatkichlardan foydalanib, Zookeys jurnalining 2020-yil uchun IF ni aniqlaymiz.
IF(2020)= 1040:(500+480)=1.061
Demak, ushbu jurnalda 2018-2019 yillar davomida chop etilgan maqolalarning har biridan o‘rtacha 1 tadan iqtibos keltirilgan. Jurnalning IF=1.061 ga teng. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich bo‘lib, aslida qaysidir maqoladan shu davr oralig‘ida 10-15 marta iqtibos keltirilgan, qaysidir maqoladan esa umuman iqtibos keltirilmagan bo‘lishi ham mumkin. Albatta IF hisoblanayotganda bu kabi jihatlar ham hisobga olinadi.
Impakt faktorni kim hisoblaydi?
Mana bu eng muhim savol. Chunki bu ish bilan hamma ham shug‘ullanmaydi. Hozirgi vaqtda ilmiy jurnallarning IF ko‘pchilik tan oladigan Thomson Reuters ga qarashli «Clarivate» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shu bois ham turli «qaroqchi jurnallar»ning (bular qanaqa jurnal ekanligi haqida avval batafsil yozganman) o‘zlariga IF=5 yoki IF=8 deb qo‘yib olganiga ishonib qolmaslik kerak. Clarivate ning ommaviy saytidan kirib, jurnallarni mustaqil tekshirib ko‘rish lozim.
Impakt faktor nimaga kerak?
Bu ham muhim savol. Tadqiqotchining maqola chop etishdan maqsadi tadqiqotlari davomida qo‘lga kiritgan fandagi biror yechilmagan masalaning yechimini ommaga taqdim etish va uning maqolasini boshqa tadqiqotchi olimlar tomonidan o‘qilish, foydalanish hisoblanadi. Agar sizning maqolangizdan hech kim iqtibos keltirmasa, demak uni hech kim o‘qimayapti, hech kim o‘qimaydigan maqolaning esa olim odamga mutlaqo foydasi tegmaydi. Shu bois sizning ishlaringizni boshqa olimlar o‘qiydigan jurnallarga berishga harakat qilasiz. Jurnalning IF qanchalik katta bo‘lsa, demak uni shuncha ko‘p odam o‘qiydi. Bu degani sizning maqolangizdan shuncha ko‘p iqtibos keltirish ehtimoli ortadi deganidir.
Hamma jurnallarning impakt faktori bo‘ladimi?
Afsuski yo‘q. Jurnallar impakt faktor olish uchun bir nechta mezonlarga javob berishi lozim. Ular Clarivate kabi xalqaro bazalardan ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Ana shundan keyin bu jurnallardagi maqolalar xalqaro baza mutaxassislari tomonidan tekshirib boriladi va impakt faktori hisoblanadi. Bu juda murakkab jarayon.
O‘zbekistonda nechta impakt faktorli jurnallar bor?
Bu borada umuman maqtanadigan xonamiz yo‘q? Shunday katta davlatda atigi ikki dona ana shunday jurnal mavjud. Ikkisi gam Springer nashriyot uyi tomonidan nashr qilinadi.
1) Applied Solar Energy – afsus bu jurnal 2019 yildagi Clarivate tomonidan e’lon qilinadigan «Journal Citation Reports» dagi jurnallar ro’yxatiga kiritilmabdi. O’zining rasmiy sahifasida ham IF olib tashlanibdi.
2) Chemistry of Natural Compounds – rasmiy sahifasida ko’rsatilgan 2019 yildagi IF: 0.653 ga teng.
Qolgan jurnallarimiz esa xalqaro talablarga hali hanuz javob bera olishmayapti. Bu haqida keyinroq yana batafsil gaplashamiz. Menimcha impakt faktor haqida oz bo‘lsa ham tushunchaga ega bo‘ldingiz deb o‘ylayman. Maqolani o‘qib, sizda qandaydir savollar tug‘ilsa izohlarda yozing, javob berishga harakat qilaman.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izohlar
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.
Assalomu alaykum. Yaxshimisiz, h index haqida ham ma’lumot bera olasizmi? Oldindan rahmat!