Kalanxoe

Kalanxoe

Kalanxoe – toshyorardoshlar oilasiga mansub sukkulent o’simliklar turkumi bo’lib, ularning Madagaskar, tropik Afrika, Janubi-sharqiy Osiyo va tropik Janubiy Amerikada 125 turi tabiiy holda o’sadi. Aksariyat turlari xona o’simligi sifatida o’stiriladi.

Biologik tavsifi

Kalanxoe turkumi vakillari sukkulent o’simliklar bo’lib, ularning kattaligi bir necha sm dan 3-4 metrgacha yetadi. Ularning orasida ko’p yillik o’tsimon formalar bilan birgalikda liana va epifitlar ham uchraydi. Aksariyat turlarining barg chetida va to’pgulida ajratuvchi kurtakchalar hosil bo’lib, ulardan yangi o’simlik hosil bo’ladi.

Barglari turli xil shaklda bo’lib, odatda poyada qarama-qarshi holatda bo’ladi. Ba’zan esa 3 tadan bo’lib halqa hosil qiladi. Juda kamdan kam holatda ketma-ket joylashishi mumkin. Barglari suvli, oddiy, butun yoki chetlari qirqilgan, tishli bo’ladi.
To’pguli terminal holatda bo’lib, soxta soyabon hosil qiladi. Tez-tez gullaydi.
Gullari to’rt qismli, tik turuvchi, yetarlicha yirik, gultojibarglari oq, pushti, siyohrang, yashil, sariq va qizil rangda bo’ladi. Tojibarlar birlashib u yoki bu darajada nay hosil qilishi mumkin. Qushlar yordamida changlanadi. Changchilari sakkizta bo’lib, ikki halqada joylashgan.
Mevasi ko’purug’li to’pbargak.

Urug’i, qalamchasi va ajratuvchi kurtakchalaridan ko’payadi.

Muhim turlari

Kalanxoening quyidagi turlari ancha mashhur hisoblanadi:

Blossfeld kalanxoesi (Kalanchoe blossfeldiana). Vatani Madagaskar. Silliq bargli, kamshoxlanuvchi, bo’yi 30 sm ga yetadigan ko’p yillik o’t. 1934 yilda nemis botanigi Karl fon Pyollnits tomonidan fanga kiritilgan. Barglari tuxumsimon, chetlarida qizil hoshiyalari mavjud. Gullari qizil, pushti, sariq va sabzirangda bo’lib, diametri 1 sm gacha yetadi. Poya uchidagi to’pgulda joylashgan. Qish boshida yoz boshigacha gullaydi. Xona o’simligi sifatida keng tarqalgan.

Degremon kalanxoesi (Kalanchoe daigremontiana). Vatani Madagaskar. Bo’yi 50 sm gacha yetuvchi sukkulet o’tsimon o’simlik. Barglarining uzunligi 20 sm gacha yetadi. Ingichka tuxumsimon yoki ingichka uchburchak shaklda, qalin, kulrang-yashil rangda, pastki tomonida siyohrang dog’lari mavjud. Barglarning cheti tishli bo’lib, tishchalar oralig’ida ajratuvchi kurtakchalar joylashgan bo’ladi. Ushbu kurtakchalar tuproqqa tushishi bilan tezda una boshlaydi. 1925 yildan Yevropada xonaki o’simlik sifatida o’stiriladi. Degremon kalanxoesi dorivor o’simlik sifatida juda ham qadrlanadi.

Tarqalishi va ekologiyasi

Kalanxoe turkumining vakillari Eski dunyo o’simliklari hisoblanib, faqat bir turigina Amerika qit’asi uchun xos hisoblanadi. Janubiy va sharqiy Osiyoda uning 56 turi, Madagaskarda 60 turi tabiiy holda o’sadi. Janubi-sharqiy Osiyo hamda Xitoy florasida ham uchraydi.
Kalanxoelar qizil pyero (Talicada nyseus) kapalaklari qurtlarining asosiy ozuqa o’simligi hisoblanadi. Urg’ochi kapalaklar o’simlik fillokladiylariga tuxum qo’yadi. Tuxumdan chiqqan yosh lichinkalar o’zi atrofidagi hujayralarni yeb oziqlanadi.

Bundan avval viktoriya regiya o’simligi haqida ma’lumot berilgan edi.

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.