Kamonchi baliq

Kamonchi baliq

Yer yuzida 2 mln dan ortiq hayvon turi mavjud bo’lsa, deyarli har birining o’z ov qilish uslubi, texnikasi mavjud. Ular bunga tarixan moslashgan bo’lib, bu ularning kundalik hayot tarziga aylanib ketgan. Masalan, bog’ma ilon o’ljasini bo’g’ib o’ldiradi, mushuksimonlar o’ljani poylab turib tashlanadi, bo’rilar ta’qib qiladi, o’rgimchaklar to’r to’qiydi va hokazo.

Olabug’asimonlar turkumiga mansub yo’l-yo’l kamonchi (Toxotes jaculatrix) esa o’ljasini butkul o’zgacha uslubda ovlaydi. Hindiston, Avstraliya, Polineziya, Flippin, Tailand suv havzalarida tarqalgan ushbu baliq o’ljasini suvdan emas, aksincha suv tashqarisidan ovlaydi. U suv ustidagi o’simliklarda qo’nib turgan hasharotlarni poylab ularga suv otib ularni urib tushiradi. Otilgan suv 1-2 metr (!) balandlikkacha chiqishi mumkin, bu baliqning katta-kichikligiga bog’liq. Kamonchi baliqlar 2,5 sm li o’lchamga yetkandan so’ng suv otishni boshlaydi. Voyaga yetgan baliq o’lchami 5-10 sm atrofida bo’ladi. Ov vaqtida mohir kamonchi o’lja ostiga kelib uning holatini va hajmini kuzatadi. Shundan so’ng og’zini suvga to’ldirib jabra qopqoqlarini yo’naltirgan holda qattiq qisadi. Og’izdan otilgan suv esa to’g’ri borib o’ljaga tegadi. Baliq suv yuzasida yashagani uchun (epipelagik tur) suvga tushgan hasharotni tezda yutib yuboradi. Yo’l-yo’l kamonchi boshqa baliqlar kabi 90 foiz ozuqasini suvdan topadi, lekin tez-tez suv yuzasidagi hasharotlarni mana shunday ovlab turadi.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.