O’zRes FA Botanika instituti Markaziy gerbariy
bo’limi lobaranti, O’zMU magistranti
Xolbo‘tayeva Sadoqat
Botanika darsliklarida shoyigul – tugunakli ko’p yillik o’simlik degan jumlaga barchamizning ko’zimiz tushgan, lekin u o’simlik haqida ko’pchilik umumiy ma’lumotga ega emas. Shoyigul – (Canna L.) shoyiguldoshlar (Cannaceae) oilasining yagona turkumi hisoblanib, zanjabilnamolar (Zingiberales) qabilasiga mansub tugunakli (ildiz tugunakli) ko’p yillik o’simliklardir. Aksariyat turlari manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Quyidagi ushbu o’simlik batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.
Botanik tavsifi
Hayotiy shakli ildiz tugunakli ko’p yillik o’t, bo’yi 1-3 m (ba’zan 5 m gacha), poyasi tik, yon shoxlari yo’q. Barglari yirik, keskin ellipssimon, uchki qismi o’tkir, silliq, tuksiz yuzaga ega. Uzunligi 20-70 sm, kengligi 15-30 sm, asosi poyaga o’ralib qin hosil qiladi, rangi asosan yashil, ba’zan qishg’ish-malla (bronza rang), to’q binafsha rang. Poyaning har 10-15 sm da bittadan barg o’sib chiqadi. Gullari assimetrik (gul yuzasidan bironta ham simmetriya o’tkazib bo’lmaydi), ikki jinsli, chetdan (hasharotlar: asalari; qushlar: nektarxo’rlar; sut emizuvchilar: ko’rshapalak) va o’z-o’zidan changlanadi. Gultojbarglari yorqin qizil, pushti, sariq, oq ranglarda, changchisi sariq, urug’chisi yashil rangda. Gullari poya uchida ro’vaksimon to’pgul hosil qiladi. To’pguli uzunligi o’rtacha 20 sm. Mevasi ko’sakcha (uch xonali). Urug’i sharsimon endospermli, juda qattiq qobiqqa ega, diametri 4-10 mm, rangi to’q jigarrang yoki qora. Urug’i va ildiz tugunaklari yordamida ko’payadi.
Tarqalishi va ekologiyasi
Shoyigul turkumining vakillari Yangi dunyo o’simliklari hisoblanib, vatani Markaziy va Janubiy Amerikadir. Yevropaga XVI asrda Janubiy Amerikadan portugaliyalik dengizchilar tomonidan olib kelingan va madaniylashtirilgan. Hindiston, Xitoy, Avstraliya kabi davlatlarda uni invaziv tur sifatida qayd etishadi. Turkumning tur soni haqida ayrim manbalar 10 ta tur deb ko’rsatsa, ayrimlari 12 ta tur deb aytadi. Shu bilan birga turkumning 1000 dan ortiq navlari manzarali gul sifatida ekib o’stiriladi. Hozirda yer yuzining barcha davlatlarida manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. “Canna” so’zi yunonchadan tarjima qilinganda “qamish”, lotinchada esa “olov” degan ma’noni anglatadi. Janubiy Amerikaning tub aholisi ularni ekib o’stirishgan va ildiz tugunagidan oziq sifatida foydalanishgan, poyasi va barglari bilan esa chorva mollarini boqishgan. Ildiz tugunagida 28% dan ko’proq kraxmal saqlaydi. Afrika, Hindiston, Indoneziya va Avstraliya mamlakatlari aholisi o’simlik ildiz tugunagini “mazali” oziqa sifatida sevib iste’mol qiladi.
Shoyigul issiqsevar va yorug’sevar o’simlik, hattoki to’g’ridan-tog’ri yurug’lik tushadigan muhitda ham juda yaxshi o’sa oladi. O’rtacha namlik sharoitida o’sadi, ammo gullash davrida suvga bo’lgan talabi keskin ortadi. Iyun-sentabr oylarida gullab meva beradi, o’simlik uchun qulay harorat 19-28 ºC, tinim davrida 10 ºC, vegetatsiyasi kech kuzgacha davom etadi. Qish mavsumida o’simlik ildiz tugunagini maxsus muhitda saqlash talab etiladi.
Muhim turlari va navlari
Shoyigul bargi va guli ziynatli o’simlik hisoblanadi, shu sababli navlarda turlicha gul va barglarni ko’rish mumkin. Barcha navlarining yaratilish asosida Canna indica, Canna generalis va Canna glauka turlari yotadi.
Shoyigul navlari gullar va barglarining rangi, gullash vaqti va balandligiga ko’ra uchta asosiy guruhlarga bo’linadi.
Kanna Krozi guruhi. Bo’yi60 smdan 160 smgacha balandlikda bo’lgan kichik navlar bo’lib, gullarining tuzilishi bilan gladioluslarga o’xshaydi. Barglari to’q yashil oq hoshiyali yoki bronza-binafsha rangda. Gullari va barglari egilgan. Fransiyalik seleksioner Krozi 1868-yilda ushbu navning birinchi duragayini yaratdi va “Fransuz kannasi” deb nomladi, keyinchalik esa “Kanna Krozi” deb atala boshladi. Ushbu guruhga “Amerika”, “Prezident”, “Livadia”, “Herman Titov”, “Go’zal kapalak” kabi navlar kiradi.
Orxideya gulli Kanna guruhi. Bo’yi 1,5-2 m ba’zan undan ham baland. Gullari orxideya guliga o’xshaydi. Barglari yashil yoki binafsha rangda. Ushbu guruhga “Luiza von Ratibor”, “Richard Uollas”, “Kleopatra” kabi navlar kiradi.
Kichik gulli Kanna guruhi. Bo’yi baland gullari va to’pguli kichik o’simliklardir. Barglari yashil, binafsha rangda “Durban” va “Lusifer” navlari mashhurdir.
O'xshash maqolalar
Izohlar
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.
Canaceae emas Cannaceae bo’lishi lozim.
SHUNAQA YOZILGAN
Canna ni 12 turi berilgan manbadan (CHRISTENHUSZ&BYNG, 2016) topa olmadim, sababi manbada oila va turkum soni ko’rsatilgan, qanday qilib 1 ta turkumni tur sonini aniqlash mumkin. Lekin oxirgi manbasi boyicha 10 ta haqiqiy tur berilganini topdim( Ciciarelli 2010; Flora of China vol 22, 2002) lekin boshqa manbalarda 22 turi borligi berilgan (MacKechnie,2010), izohlarni togirlab qoysanglar ajoyib bo’lardi
Ko’rsatmangiz muallifga yetkazildi