Badali qimmatga tushgan tabiat tuhfasi yoxud karkidon shoxlari ming dardga davomi?

Badali qimmatga tushgan tabiat tuhfasi yoxud karkidon shoxlari ming dardga davomi?

Abdumajit Sultonov
Andijon davlat universiteti
biologiya yo’nalishi 2-bosqich talabasi

Karkidonlar ancha yirik hayvonlar, tanasining uzunligi 180-420 sm, massasi 1500-3500 kg. Lekin shunga qaramay, ular anchayin chaqqon jonivor, masalan, qora karkidon 50 km/soat tezlikda chopa oladi. Ular 2-3 yilda bir marotaba bolalaydi, homiladorlik muddati, qaysi turga mansubligiga qarab, 15-18 oy oralig’ida, bolalarini 2 yoshgacha (masalan, oq karkidon 3 yil yoki undan biroz ortiq) emizadi. Qaysi tur va jinsga mansubligiga ko’ra 3-7 yilda voyaga yetadi va tabiiy muhitda 50 yilgacha, tutqunlikda 30 yildan ortiqroq hayot kechiradi. Karkidonlarga tabiiy muhitda yirik yirtqichlar, hatto sher va yo’lbarslar ham xavf solmaydi. Chunki ular ancha yirik va kuchli tanaga, boshlarida himoya vositasi – uzun shoxlarga ega. Shunga qaramay, ular fillar, begemotlar, buyvollar va o’z turdoshlari bilan to’qnashishi oqibatida yaralanishi va hatto o’lishi mumkin. Bunday tabiiy omillar million yillar davomida shakllangan turning yo’qolib ketishiga sabab bo’lmaydi. Ammo, antropogen ta’sir, ayniqsa, brakonerlik ushbu turning halokatiga sabab bo’lmoqda.

Karkidonlar shoxlari anʼanaviy tibbiyotida keng qoʻllanilgani uchun jinoyatchilar mudom karkidonlarni ovlaydilar. 1977 yilda karkidonlar shoxlari oldi-sotdisi butun dunyo boʻyicha taqiqlangan edi, qora bozorda esa karkidonning bir dona shoxi narxi 50 ming yevroga yaqin baholanishi mumkin, 1 kg Sumatra karkidonining shoxi 30 ming dollarga baholanadi.

“Bobur Peshavor yaqinida karkidon ovlamoqda” nomli Boburnoma miniatyurasi. Manba: paintingsgalleries.blogspot.com

Lekin, karkidon shoxlari haqiqatdan ham mo’jizakor xususiyatga egami? U insonning barcha xastaliklari davosimi?

Bu savolga shoxlarning kimyoviy tarkibini tekshirish orqali javob topish mumkin. Shoxlar, jumladan, karkidonlarning shoxi ham keratindan iborat. Keratin – tarkibida oltingugurt tutuvchi oqsil bo’lib, u sudralib yuruvchilarning muguz tangachalarini, qushlarning patlarini, sutemizuvchilarning yung qoplami, tuyoq yoki tirnoqlarini hosil qiladi. Ya’ni, karkidon shoxlarining “mo’jizaviy tibbiy quvvat”i bizning sochlarimiznikidan ko’p emas.

Karkidon shoxlarining qimmat baholanishining yana bir sababi – bu, undan yasaladigan predmetlar bilan bog’liq, masalan, xanjar soplari. Shu sababdan, birgina Yamanning o’zi 1970-yilda 67 050 kg karkidon shoxlarini import qilgan.

Brakonerlardan himoya qilish maqsadida shoxlari kesib tashlangan Bonni va Klayd laqabli oq karkidonlar. Rasm manbasi: Daily Mail

Fransiyadagi hayvonot bogʻida brakonerlar oʻlja uchun shu yerda saqlanayotgan karkidonni oʻldirishdi. 2017-yil 7-mart kuni nomaʼlum jinoyatchilar Fransiyaning Tuari shahridagi hayvonot bogʻiga kirib, Vins laqabli 5 yashar karkidonni oʻldirishgan va uning shoxlaridan birini arralab, voqea joyidan gʻoyib boʻlishgan. Shundan so’ng Chexiya hayvonot bogʻi maʼmuriyati oʻzida saqlanayotgan noyob turdagi karkidonlarning shoxlarini kesib tashlaydigan boʻldi. 2016 yilning yozida Zimbabve hukumati mamlakat hududidagi 700 ta karkidonni shoxlaridan judo qilish qarorini imzolagan edi. Sababi bu hududda 2015 yilda 1,3 mingta karkidon brakonerlar qurboniga aylangan edi.

Avval yuz bergan ommaviy yo’q bo’lishlarga kuchli vulqon otilishlari, sayyoraning asteroidlar bilan to’qnashuvi, muzlik davrining kirib kelishi sabab bo’lgan edi. Bugun esa, biologik turlarning ommaviy yo’qolib ketishiga insoniyat sabab bo’lmoqda.

Sudan laqabli karkidon qurollangan qo‘riqchilar muhofazasi ostida. Qo‘riqchilar erkak oq karkidonni brakonerlardan saqlash uchun kerak.
Janubiy Afrikada brakonerlik qurboni bo’lgan karkidonlarning yillar bo’yicha statistikasi

Sistematikasi

Sutemizuvchilar (Mammalia) sinfining toq tuyoqlilar (Artiodactyla) turkumiga mansub karkidonlar – Rhinocerotidae (lot. “rhino”-burun, “keras”-shox) oilasi 2 ta oilacha, shu jumladan, 7 ta triba va 61 urug’ga bo’linadi, ularning 57 urug’i yo’q bo’lib ketgan. Ulardan Elasmotheriinae oilachasi oxirgi muzlik davri (bundan 12 ming yil avval) gacha yashagan va yirik ikkita shoxga ega bo’lgan. Ikkinchi – Rhinocerotinae oilachasidan hozirga qadar 4 urug’ga mansub 5 ta tur saqlanib qolgan. Juda kamyob Sumatra karkidoni (Dicerorhinus sumatrensis) eng qadimgi turlaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, Osiyoda hind karkidoni (Rhinoceros unicornis) va Yava karkidoni (Rhinoceros sondaicus) tarqalgan. Afrikadagi ikkita tur – oq karkidon (Ceratotherium simum) va qora karkidon (Diceros bicornis) – alohida urug’larga mansub.

Turlari

Sumatra karkidoni

Sumatra karkidoni Dicerorhinus urug’ining saqlanib qolgan yagona turi hisoblanadi. Balandligi 112-145 sm, uzunligi 236-318 sm, vazni 800-2000 kg, o’rtacha 1400 kg. Uning ikkita shoxi bo’lib, oldingisi 15-25 sm uzunlikda, rekord uzunligi – 81 sm. Keyingi shoxi qisqaroq, o’rtacha 10 sm uzunlikda. Shoxlari to’q kulrang yoki qora tusda. Ular bir kunda 50 kg gacha ozuqa yeyishadi, asosan, daraxtlarning yosh novdalari va barglari, o’tlar bilan oziqlanishadi. Ovqat ratsionini va ovqatlanish joyini tez-tez o’zgartirishadi.Sumatra karkidonlarining urg’ochilari 6-7 yilda, erkaklari 10 yilda jinsiy voyaga yetadi. Homiladorlik muddati 15-16 oy, yangi tug’ilgan bolalarining vazni 40-60 kg bo’lib, “toychoq”lar 2-3 yoshgacha onasidan ajralmaydi. Yovvoyi tabiatda urg’ochilari har 4-5 yilda bir marta bolalaydi. Sumatra karkidoni 3 ta kenja turni o’z ichiga oladi. Bular:

Sumatra karkidoni. Rasm manbasi: faunapicture.blogspot.com
Kenja turlari

G’arbiy Sumatra karkidoni – Dicerorhinus sumatrensis sumatrensis. Bukit Barisan Seletan va Gunung-Loser milliy bog’larida 170-230 nafar atrofida saqlanib qolgan.

Sharqiy Sumatra karkidoni yoki Borneo karkidoni – Dicerorhinus sumatrensis harrissoni. O’lchami bo’yicha eng kichik kenja tur hisoblanib, Kalimantan oroli va Malayziyaning Sabah shtatida 50 nafar individdan iborat populyatsiyasi saqlanib qolgan. Ushbu kenja tur 1960-yillarda Tomas Xarrison tomonidan aniqlangan.

Shimoliy Sumatra karkidoni Dicerorhinus sumatrensis lasiotis. Hindiston va Bangladeshda uchragan, hozirda qirilib ketgan kenja tur. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra Myanmada uncha katta bo’lmagan populatsiya saqlanib qolgan bo’lishi mumkin. Ushbu kenja tur boshqa turdoshlaridan jundor quloqlari va yirikroq oq tanasi bilan farq qilgan.

Hind karkidoni

Hind karkidonlari – Osiyo karkidonlari orasidagi eng yirigi. O’girligi 2500 kg dan ortishi mumkin, balandligi erkaklarida 2 m gacha, urg’ochilari biroz kichikroq. Bu tur karkidonlarning yungsiz, pushti-kulrang terisi osilgan bir nechta bo’laklarga bo’lingan bo’lib, shu sababli ular “sovut kiygan”dek ko’rinadi. Uning ikkinchi nomi yakka shoxli karkidon. Shoxining uzunligi 60 sm gacha bo’lishi mumkin, lekin ko’pincha 25 sm atrofida. Urg’ochilarida, ayniqsa, kalta bo’lib, burun yuqorisida joylashgan konusga o’xshash. Tarixiy areali ancha yirik va bundan bir necha yuz yil avval deyarli butun janubiy va janubi-sharqiy Osiyoni egallagan.

Hozirgi kunda Pokiston, Hindiston, Nepal va Bangladeshda saqlanib qolgan. Eng yirik populatsiyalari Hindistonning Assa shtatidagi Kaziranga milliy bog’ida 1600 boshdan iborat; Nepalning Chitvan qo’riqxonasida 600 bosh; Pokistonning Lan Suxantra qo’riqxonasida 300 bosh atrofida. Hind karkidoni suv o’tlari, qamish va boshqa o’t-o’lanlar bilan oziqlanadi. Ozuqasini keratinli yuqori labi orqali uzib oladi. Asosan, tunda oziqlanadi. Kunning issiq vaqtida kichik suv havzalarida dam oladi. Urg’ochilari 3-4 yilda, erkaklari 7-9 yilda jinsiy voyaga yetadi. Homiladorlik muddati 16,5 oyni tashkil etib, bolasi o’rtacha 65 kg atrofida, shoxsiz holda tug’iladi. Hind karkidonlari hayvonot bog’ida 70 yilgacha umr ko’rishi mumkin, yovvoyi tabiatda bunday natija qayd etilmagan.

Hind karkidoni. Rasm manbasi: WWF India

Yava karkidoni

Yava karkidonlari mashhur turkumning yana bir vakili. Voyaga yetgan erkagining tanasi uzunligi 3 m gacha, balandligi 1,7 m gacha. Uning ham hind karkidonlari singari yagona – 20 sm atrofidagi uzunlikka ega bo’lgan (maksimal kattalikdagisi 27,3 sm ekani qayd etilgan) shoxi bor. Yava karkidonlari juda kamyob tur hisoblanib, umumiy soni 60 tadan oshmaydi. Hayvonot bog’laridagi ko’paytirishga oid ishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangach, ushbu turning kelajagi so’roq ostida qolmoqda. Yava karkidonlari tropik o’rmonlarda, asosan, daryolarning past tekisliklarida joylashgan baland o’tlar bilan qoplangan biotoplarda yashaydi. Yava karkidonlari hind karkidonlariga juda o’xshash, ammo biroz kichikroq tanaga ega.

Tanasining uzunligi 3,1-3,2 m, balandligi 1,4-1,7 m. Voyaga yetgan karkidon vazni 900-2000 kg ni tashkil etadi, ammo tur yo’q bo’lib ketish xavfi ostidaligi sababli maxsus vazn o’lchash ishlari o’tkazilmagan. Jinsiy demorfizm deyarli yo’q, erkaklari va urg’ochilari deyarli bir xil o’lchamga ega, hatto urg’ochilari biroz kattaroq bo’lishi mumkin. Yava karkidonlari yungsiz, och kulrang tusdagi osilgan teriga ega, orqa va yon tomonlarida hind karkidonlari kabi burmali terisi hayvonga “zirhli” ko’rinish beradi. Yava karkidonlarining urg’ochilari 3-4 yilda, erkaklari 6 yilda voyaga yetadi. Homiladorlik muddati 16 oy, har 4-5 yilda bir marta bir nafardan bolalaydi. Bolalari tug’iliboq onasi ortidan ergashib yurib ketadi. Ona karkidon bolasini 1 yildan 2 yilgacha olib yuradi. Ushbu tur 3 ta kenja turga bo’linib, bular:

Yava karkidoni. Rasm manbasi: change.org
Kenja turlari

Rhinoceros sondaicus sondaicus. Hozirda Udjung-Kulon milliy bo’gida 40-50 boshdan iborat populatsiyasi saqlanib qolgan;

Rhinoceros sondaicus annamiticus – Vyetnam kenja turi. Vyetnam, Kambodja, Laos, Tailand va Malayziyada yashagan. 2008-yilgacha Vyetnamdagi Katten milliy bog’ida 12 bosh karkidon yashagan. 2011-yil 25-oktabr yo’q bo’lib ketgan deb e’lon qilingan.

Rhinoceros sondaicus inermis XX asrning boshida qirilib ketgan kenja tur.

Qora karkidon

Qora karkidon Afrikada uchraydigan, aksariyat, loy va balchiqqa belanib yurishni yoqtiradigan yana bir yirik jonivor. Aslida esa terisi kulrang tusda. Qora karkidon tanasining uzunligi 3,15 m gacha, balandligi 150-160 sm, vazni 2-2,2 tonna. Boshida ikkita shoxi bo’lib, oldingisi 40-60 sm (rekord 138 sm, Keniya), yumaloq shaklda. Odatda, karkidonlar 6-7 yoshida ularning shoxi 45 sm gacha yetadi va o’sishdan to’xtaydi. Qora karkidonning ham boshqa karkidon turlari kabi ko’rish qobiliyati yomon. Ular hatto 40-50 m uzoqlikdan ham odam va oddiy daraxt tanasini bir-biridan ajrata olishmaydi. Ushbu tur 8 ta kenja turni o’z ichiga oladi:

Qora karkidon. Rasm manbasi: Save the Rhino International
Kenja turlari

Diceros bicornis minor (Drummond, 1876)
Diceros bicornis bicornis (Linnaeus, 1758)
Diceros bicornis michaeli (Zukowsky, 1965)
Diceros bicornis longipes (Zukowsky, 1949)
Diceros bicornis brucii (Lesson, 1842)
Diceros bicornis chobiensis (Zukowsky, 1965)
Diceros bicornis ladoensis (Groves, 1967)
Diceros bicornis occidentalis (Zukowsky, 1922)

Oq karkidon

Oq karkidon sayyoradagi o’lchami bo’yicha Afrika fili, Hind fili va o’rmon filidan keyingi to’rtinchi o’rinda turuvchi bahaybat jonivor. Bu ulkan jonivorlarning keksa erkaklari 4-4,5 tonnagacha tosh bosadi, ammo odatda 2-2,5 tonnagacha bo’ladi. Tanasining uzunligi 4,2 m gacha, balandligi 1,6-2 m. Qora karkidon kabi oq karkidonning ham ikkita shoxi bor: oldingisi har doim uzunroq (rekord 1,58 m), trapetsiyasimon shaklda. Oq karkidonning qora karkidondan asosiy farqi – keng va yassi yuqorigi labi. Ushbu tuzilma o’z vazifasiga to’liq mos keladi, ya’ni yerdan o’t-o’simliklarni uzib olishga xizmat qiladi. Belgiya Kongosida 1938-yilda Garamba milliy bog’i tashkil etilganda, u yerda 100 ga yaqin oq karkidon bor edi, 1963-yilga kelib ularning soni 1200 taga yetdi, ammo keyin siyosiy inqiroz tufayli avj olgan brakonerlik natijasida keskin pasaygan. Davlat nazorati qayta tiklangach bu raqam 500 tagacha ko’tarilgan.

Oq karkidon. Rasm manbasi: India Today
Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: karkidon

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.