Dengiz sutemizuvchilari bo’lmish kitsimonlarning ilgari quruqlikda yashagani barchangizga ma’lum. Ularning qadimgi ajdodlari quruqlikda yashaganligi hozirgi kitsimonlarning o’pka bilan atmosfera havosidan nafas olishidan, suzgich qanotlarining suyaklari quruqlikda yashaydigan sutemizuvchi hayvonlar suyak tuzilishi bilan o’xshash ekanligidan ma’lum. Aynisa harakatlanish vaqtida dumni silkitib, umurtqa pog’onasini vertikal holatda bukib yozishlari ularni baliqlardan ko’ra quruqlikdagi yuguruvchi sutemizuvchilarga yaqin ekanliklarini ko’rsatadi.
Uzoq vaqt davomida biologlar dengiz sutemizuvchilarining qanday qilib evolutsiyalanganligini tushuna olishmaydi. Ularning qazilma holdagi ajdodlari haqida hech qanday ma’lumot bo’lmaganligi bois bu mavzu fanning qorong’i yo’laklarida qolib ketgan edi. Bundan salkam 30 yil muqaddam Pokistondan topilgan qazilma holdagi hayvon barcha yashirin savollarning javobini topishga yordam berdi. Unga pakitset (Pakicetus – Pakistan+cetus – kit, ya’ni Pokiston kiti) deb nom berishdi.
Kitsimonlar ko’p jihatdan hozirgi juft tuyoqli sutemizuvchilar turkumiga yaqin turadi. Kitsimonlar evolutsiyaga oid an’anaviy qarashlarga ko’ra ularning ajdodi yirtqichlik bilan hayot kechirgan hozirda qirilib ketgan yirtqich tuyoqlilar turkumiga mansub mezonixiyalar hisoblanar edi. Ushbu hayvonlar tashqi ko’rinishidan hozirgi bo’rilarga o’xshar, faqat oyoqlarida tirnoq o’rnida tuyoqlari bor edi. Ushbu hayvonning tishlari xuddi hozirgi kitsimonlarniki kabi konussimon tuzilishda bo’lgan. Shu bois ham biologlar kitsimonlarni mezoxiniyalarning biror ajdodidan kelib chiqqan deb taxmin qilishar edi. Biroq keyinchalik o’tkazilgan molekulyar-genetik tahlillar kitsimonlarni hozirgi juft tuyoqlilarning, ayniqsa suv ayg’irlarining yaqin qarindoshi ekanligini ko’rsatdi. Ushbu kashfiyotdan keyin kitsimonlar va juft tuyoqli sutemizuvchilar turkumini evolutsion daraxtda monofiletik kelib chiqishi hisobga olgan holda umumiy kladada ifodalash va ularga kit-jufttuyoqlilar (Cetartiodactyla) nomini berish taklif qilindi. Lekin hozirgi begemotlarning dastlabki ajdodi hisoblangan antrakoteriyalar qazilma holda topilgan qoldiqlarining yoshi kitsimonlarning ajdodi hisoblangan pakitsetlarning yoshidan bir necha mln yilga yosh ekanligini ma’lum bo’ldi.
Pakitsetlarning ochilishi kitsimonlar evolutsiyasini o’rganishni to’g’ri yo’nalish olishiga imkon berdi, buni molekulyar-genetik tahlillar ham isbotlab berdi. Pakitsetlar skelet tuzilishining ko’rsatishicha kitsimonlar mezonixidlarning to’g’ridan-to’g’ri avlodi hisoblanmaydi. Aksincha juft tuyoqlilar mezonixiyalar bilan umumiy ajdodidan ajralayotgan vaqtida kitsimonlar juft tuyoqlilardan ajralib suvdagi hayot tarziga moslashib bo’lgan edi. Shunday qilib protokitsimonlar juft tuyoqlilarning dastlabki formalari bo’lib, hozirgi juft tuyoqlilarda yo’qolib ketgan mezonixiyalarga xos konussimon tishlar ularda saqlanib qolgan.
Pakitsetlarning ochilishi
Pakitsetlar bundan 50 mln yil avval hozirgi Pokiston hududida yashagan. Tashqi ko’rinishi itlarni eslatgan. Tirnoqlar o’rnida tuyoqlari va uzun dumi bo’lgan. Pakitsetlar bilan kitlarning bog’lovchi belgi ularning quloq tuzilishi bo’lib, pakitsetlarning eshitish nog’oralari (bulla tympani) xuddi kitlarniki kabi nog’ora suyagidan hosil bo’lgan. Quloqning boshqa tuzilish mexanizmlari ham aynan kitsimonlar qulog’ining analogi hisoblanadi.
Dastlab bunday quloq tuzilishi suvda eshitishga moslashgan deb taxmin qilingan edi. Biroq keyingi tadqqotlar shuni ko’rsatdiki, pakitsetlarning qulog’i quruqlikda, havo muhitida eshitishga moslashgan ekan. Agar pakitsetlar kitsimonlarning ajdodi bo’ladigan bo’lsa, ularning suv muhitida yashashga moslashuvi bilan ushbu quloq suvda eshitishga keyinroq adaptatsiyalanib borgan. Kitsimonlar evolutsiyasi bo’yicha mutaxassis Hans Tevissenning tasdiqlashicha, pakitsetlarning tish tuzilishi ham qazilma holdagi kitlarniki bilan bir xilda bo’lgan.
Davomi bor…
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.