Qanotsiz kivi qushi

Qanotsiz kivi qushi

Kivilar (Apteryx) – ko’krak toj suyaksiz qushlar infrasinfi, kivisimonlar turkumiga mansub yagona urug’i. Ularning hozirda 5 ta turi mavjud bo’lib, Yangi Zelandiyaning endemik turlari hisoblanadi.

Kivilarning hamma turida to’rt barmoqli kuchli oyoqlar va uchida burun teshigi bo’lgan uzun tumshug’i bor. Qanotlari rivojlanmagan, dumi yo’q. Patlari ko’proq qalin jun qoplamini yodga soladi. Tashqi ko’rinishidan boshqa qushlardan farq qilganligi uchun zoolog Uilyam Karder uni “faxriy sutemizuvchi” deb atagan edi.

Filogenetik kelib chiqishi

Uzoq vaqt davomida kivilarning eng yaqin qarindoshlari sifatida ilgari Yangi Zelandiyada tarqalgan va hozirga kelib qirilib ketgan ucha olmaydigan qush – moa ko’rilar edi. Ammo 2000-yillarda kivi qushlarining to’liq mitoxondriya DNK nukleotidlarini o’rganish va uni boshqa qushlar genomi bilab solishtirish asosida kivilar tuyaqush, nandu va moadan ko’ra emu va kazuarlarga yaqin ekanligini ma’lum bo’ldi.
Olimlarning qayd etishlaricha hozirgi kivilarning ajdodlari Yangi Zelandiyaga Avstralaziyadan 30 mln yil avval o’tib qolgan. Lekin bu migratsiya moalardan ancha keyin sodir bo’lgan. Molekulyar tadqiqotlarga ko’ra esa ushbu migratsiya 62 mln yil avval, ya’ni Yangi Zelandiya Gondvanadan ajralib bo’lganidan so’ng sodir bo’lgan.

Klassifikatsiyasi

Yangi zelandiya bo’ylab kivilarning tarqalishi

Ayni vaqtda kivilarning 5 ta turi mavjud:
Janubiy kiviApteryx australis
Shimoliy qo’ng’ir kiviApteryx mantelli
Katta kulrang kiviApteryx haastii
Kichik kulrang kiviApteryx owenii
Rovi – Apretyx rowi

Kivilar faqat Yangi Zelandiya orolida uchraydi. Shimoliy qo’ng’ir kivi Shimoliy orolda, Janubiy, katta kulrang kivi va rovi esa Janubiy orolda uchraydi. Kichik kulrang kivi faqatgina Kapiti orolida uchraydi. U yerdan uni boshqa bir qancha orollarga tarqatishgan.

Tashqi tuzilishi

O’rtacha kattalikdagi ushbu qushlar, hajman o’zimizning tovuqlardek keladi. Jinsiy dimorfizm rivojlangan bo’lib, modalari narlaridan yirik bo’ladi. Og’irligi 1,4 – 4 kg atrofida. Qanotlari reduksiya uchragan bo’lib, uning 5 sm atrofidagi o’simtasi qolgan xolos, lekin u ham patlar ichida ko’rinmaydi. Dumi yo’q. Suyaklari uchadigan qushlarnikidan farqli ravishda havo bilan to’lmagan. Ko’z o’tkirligi past, asosan eshitish va hid bilish organi rivojlangan. Tana harorati 38℃ bo’lib, bu odatdagi qushlarnikidan past, sutemizuvchilarnikiga yaqin.
Kividan o’ziga xos hid taralib turadi, bu esa Yangi Zelandiyada invaziv bo’lgan yangi yirtqich hayvonlar uni hididan juda osonlik bilan topib olishiga yordam beradi.

Hayot tarzi

Kivilar doimiy nam, doimiy yashil o’rmonlarda yashaydi. Ularning uzun barmoqlari nam, botqoq tuproqqa botib ketishning oldini oladi. Ular 1 km. kv. maydonda 4-5 tadan uchraydi. Odatda tunda faol hayot kechiradi. Kunduzi yerga qazigan uyalarida yashirinib yotadi. Katta kulrang kivining uyasi labirint kabi bo’lib, uning bir nechta chiqish joylari bo’ladi. Boshqa kivilarnikida esa chikish joyi bitta bo’ladi. Bir hududda kivining 50 tagacha uyasi bo’lishi mumkin, kivilar deyarli har kuni uyasini almashtiradi. Yangi uya qazilganidan keyin kivi unga bir necha haftadan keyin kiradi. Bu vaqt orasida uyada o’simliklar va yo’sinlar o’sib, uni ko’zdan pana qiladi. Ba’zda esa uning o’zi uyasini turli o’tlar va butoqlar bilan yashiradi. Kunduzi faqatgina xavf tug’ilganda uyasini tark etadi.

Tunda anchagina agressiv bo’ladigan ushbu qushlar o’z hududini raqiblaridan keskin tarzda qo’riqlaydi. Bir kivining maydoni 2 gektardan 100 gektargacha (rovi kivisida) bo’lishi mumkin. Kuchli oyoqlar va tumshuq kivining asosiy va xavfli quroli bo’lib, o’zaro kurash hattoki raqibning o’limi bilan tugashi ham mumkin. Odatda kivilar orasida kurash kamdan-kam holatda ro’y beradi. Boshqa kivining uyasi yoki maydonini egallab olish odatda xo’jayin kivi o’limidan keyin kuzatiladi. Kivilar o’z maydoni kuchli qichqiriblar bilan belgilab boradi. Bunday qichqiriqlarni tunda bir necha kilometrlardan  eshitish mumkin. Kivilarni ko’pchilik kamharakat va sust qushlar deb o’ylaydi, aslida ular juda faol bo’lib, tunda o’z hududidagi barcha uyalarini nazorat qilib chiqishga ulguradi.

Oziqlanishi

Kivilar odatda quyosh botganidan yarim soat o’tib ovga chiqadi. Ular asosan hasharotlar, molluskalar, chuvalchanglar, hamda to’kilgan rezavor va mevalar bilan oziqlanadi. Ular o’ljasini hididan topib oladi. Ba’zan esa mayda amfibiya va qisqichbaqasimonlarni ham iste’mol qiladi.

Ko’payishi

Kivilar monogam qushlar bo’lib, juftlik 2-3 mavsum, ba’zan esa umrining oxirigacha saqlanadi. Nikoh mavsumi odatda iyun oyidan mart oyigacha davom etadi. Urug’langanidan keyin ona kivi uyasidagi daraxt idizlari ostida bitta (kamdan kam hollarda ikkita) oq tuxum qo’yadi. Tanasiga nisbatan tuxum qo’yish bo’yicha kivi barcha qushlarni ortda qoldiradi. Uning tuxumlari 450 g kelib, bu ona kivi massasining 1/4 qismida to’g’ri keladi. Tuxumning o’lchami 120 x 80 mm bo’lib, tarkibida boshqa qushlarnikiga qaraganda ko’p sariqlik bo’ladi –  65% gacha (boshqa qushlarda 35-40%).

Tuxum qo’yish vaqtida ona kivi odatdagidan uch marta ko’proq oziqlanadi. Tuxum qo’yishdan 2-3 kun oldin esa oziqlanishdan to’xtaydi. Tuxumni odatda nar kivi bosib yotadi, faqatgina oziqlanish uchun chiqqan vaqtida urg’ochi kivi bilan joy almashadi. Styuart orolida uchrovchi kivilar juft bo’lib emas, balki kichik guruhlarda yashaydi. Ularning tuxumlarini nar va moda kividan tashqari guruhning boshqa vakillari ham bosib yotishi mumkin. Ba’zida esa 25 kundan keyin moda kivi yana bir tuxum qo’yadi.
Tuxumning inkubatsion davri 75 – 85 kunni tashkil etadi. Tuxumdan polaponning yorib chiqishga 2-3 kun vaqt ketadi.

Yosh kivilarning rivojlanishi

Tuxumdan chiqqan yangi kivi mayin parlar bilan emas, balki patlar bilan qoplangan bo’ladi. Tashqi tomondan katta kivining kichik ko’rinishini eslatadi. Ota-ona kivilar odatda yosh kiviga g’amxo’rlik qilishlaydi, uni tuxumdan chiqishi bilanoq tark etishadi. Dastlabki 3 kunda yosh kivi oyog’ida tura olmaydi, oziqlana olmaydi. Tanasida zahira ozuqa hisobiga och qolmasdan turadi. Beshinchi kundan boshlab uyasidan chiqishni boshlaydi. ikkinchi haftaga o’tganda esa mustaqil ozuqa izlashga kirishib ketadi.

Dastlabki olti hafta davomida yosh kivi faqat kunduzi ov qiladi, ana undan keyin tungi hayot tarziga o’tadi. Yosh kivilar himoyasiz qushlar bo’lib, hayotining dastlabki olti oyida ularning 90% gacha bo’lgan vakillari nobud bo’ladi, ularnign 70% ini yirtqichlar yeb ketadi.
Kivilar nisbatan sekin o’sadi, 4-5 yoshida to’liq katta qush hajmiga yetadi. Nar qushlar 18 oyligida, moda qushlar esa 2-3 yoshida jinsiy jihatdan voyaga yetadi. Tuxum qo’yish esa odatda 4-5 yoshidan keyin ro’y beradi. Kivilar 50 – 60 yil umr ko’radi. 

Boshqa qushlardan farqli ravishda urg’ochi kivilarning ikkala tuxumdonlari baravar ishlaydi. Ular hayoti davomida 100 tagacha tuxum qo’yadi.

Kivilar hayoti uchun xavf darajasi

Kivilarning yashirinib hayot kechirishi ularni kundalik hayotda uchratish imkonini qiyinlashtiradi.
Olimlarning e’tirof etishlaricha ming yil avval Yangi Zelandiyada 12 mln atrofida kivi bor edi, lekin 2004 yilga kelib ularning atigi 70000 dona vakili qoldi. 1990-yillargacha kivilar populyatsiyasi Yangi Zelandiyaga Yepropadan kelib qolgan it, mushuk, laska kabi yirtqichlar tufayli hamda o’rmonlarni muntazam qisqarib borishi sababidan har yili 6% gacha qisqarib borgan. 

Kivilar populyatsiyasini muhofaza qilish va ularning sonini ko’paytirish, mavjud guruhlarini saqlab qolish maqsadida Yangi Zelandiya hukumati 1991-yilda maxsus dastur (Kiwi Recovery Programme) ishlab chiqdi. Dasturda ko’zga tutilgan kivilarni himoya qilish chora-tadbirlari tufayli ularnign soni 5% dan (1991) 60% gacha (1998) oshdi. Dasturning ikkinchi qismida kivilarni tutqunlikda ko’paytirish va ular tarqalgan hududlarda yirtqichlar sonini cheklash ishlari ko’zda tutilgan. Kanterberi universiteti professori Jeyms Briski 2010-yilda kivilar uchun maxsus dezodorant yaratdi. Kivilardan chiqadigan o’ziga xos hid yirtqichlarni jalb qilgani tufayli, ular yirtqichlarga osongina yem bo’lar edi. Kivining qanotlariga sepilgan maxsus ishlab chiqilgan dezodorant uning hidini yo’qotishga yordam beradi, bu esa yirtqich hayvonlar kivini osongina topib olishining oldini oladi.

Ularning uchta turi – janubiy kivi, katta va kichik kulrang kivilar Xalqaro Qizil kitobga kam sonli hayvonlar mezoniga asosida, yangi kashf etilgan shimoliy qo’ng’ir kivi esa qirilib ketish xafvi ostidagi hayvonlar mezoni asosida kiritilgan.

Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: apteryx, kivi qushi, kivilar

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.