Ko’hnazey qishlog’i florasi mavzusi asosida ertak

Sohiba Egamova
Xorazm viloyati Qo’shko’pir tumani
21-maktabning biologiya fani o’qituvchisi

Bor ekanda yo’q ekan
Och ekanda to’q ekan
Ertakchi momoning sandig’i
Ertaklarga to’la ekan.
Mening ismim bolajonlar
Ertakchi momo derlar
Ertaklarimdan bittasin
Aytib beray men sizlarga.

Erta bahor kunlarining birida yosh nihol yer yuziga o’sib chiqibdi. Bundan uning otasi Gujumboy va onasi Gujumxonlar juda hursand bo’lishibdi. Bu yosh niholni Gujumjon deb atashibdi. Gujumjon juda qiziquvchan, sho’x bola ekan. U dadasidan o’zi tug’ilgan bu joy haqida so’rabdi. Otasi uning barcha savollariga yaproqlarini shitirlatib, qo’shiq qilib javob beribdi. Uning qo’shig’iga shoxlarida o’tirgan qushlar ham jo’r bo’lishibdi. Shamol mayin kuy chalibdi.

Bu Ko’hnazey qishlog’idir
O’simlikka to’ladir.
-Dada qarang bu tomonga
Nima deb atalar ekan-a?
Qachonlardir bu yerda
Xon bog’i bo’lgan ekan
Feruz xon bu yerlarda
Dam olib ketar ekan.
-Dada aytingchi menga
Yana qanday joylar bor?

Bu safar Gujumjonning savoliga uning shoxlarida o’tirgan chumchuqlar javob berishibdi.

Ko’hnazeyda sho’r yer bor,
Unumli yer, qumli yer,
Hafvli yer va ko’li bor
“Zey yopi” ning atrofi
O’simlikka juda boy.
Sho’r yerida sho’ra ko’p
Unumlida madaniy o’t.
Qumli joylarida esa,
Saksovul, juzg’un, qandim,
Amorfa-yu, isiriq
Ancha o’simlik o’sar
Bundan ko’ngillar to’lar.
Ko’l bo’yiga borsangiz
Qo’g’a, qamish ko’rasiz
Baliqlari juda ko’p,
Suvlari esa ko’m-ko’k.
Havfli yer “Qizil gumbaz”
U yer shoqollarga boy
Agar borib qolsangiz-
Ahvolingiz bo’lar voy.

Shu payt daraxt soyasi tagida o’tirish uchun bir ayol bilan shiringina qizaloq kelib qolibdi. Gujumjon ularning suhbatiga quloq tutibdi.

Kelgin qizim, kelaqol
Bir past o’tir, daming ol
Keyin dalalar kezamiz
Beda, otquloq teramiz
Olabuta chuchvarasin-
Birga maza qilib yeyamiz
Dalalar boy o’simlikka
Tanishtiray bitta-bitta
Ajriq, g’umay, ituzumni,
Gultojixo’roz, zubturimni,
Salomalaykum esdan chiqmasin
Shirinmiya ko’p gullasin.
Endi esa sekin-asta
O’rganamiz daraxtlarni
Uy atrofi terakka boy
Oq tut, shotut hammasi bor
Qayrag’och sada soyasin-
Ostida bobo uxlasin.
Jiydaning ko’p turi bordir,
Tolning turi ham bisyordir.
Bir nechta uzum turi
O’rik, olma hamda behi
Shirin anor-u, nok navi
Anjir, olcha-yu, olxo’ri,
Gilos, olvoli ham bordir
Archa daraxti bisyordir.
Butalardan na’matak
Gullari go’zal qanddak.
(Xullas, bu bizning qishloq
Qishloqqa bir kel o’rtoq)

Gujumjon o’zi uchun qiziq bo’lgan savollarning ba’zilariga javob olibdi. Qolgan savollariga javobni esa ertaga albatta topishni oldiga maqsad qilib qo’yibdi. Nima uchun ertaga deyapsizmi? Chunki,

Quyosh bobo kun bo’yi
Nurin sochib charchabdi
Bir past mizg’ib olay deb
Oyni ishga chorlabdi.
Oymomo nurin sochib
Shirin alla aytibdi
Gujumjon ham birpasda
Shirin uyquga ketibdi.
Shuning bilan bolalar
Ertagim tugar bo’ldi.
Sog’-u salomat bo’ling
Faqat a’loga o’qing.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.