Ekvadorda joylashgan janubiy-g’arbiy And tog’larida xalqaro ornitologlar tomonidan kolibrilar oilasining tog’ yulduzlari urug’iga mansub yangi kolibri turi aniqlandi. Yangi qushga moviy bo’yin tog’ yulduzi (Oreotrochilus cyanolaemus) deb nom berildi.
Tog’ yulduzlari urug’iga mansub qushlarning uzunligi 13 sm atrofida bo’lib, tumshuqlari biroz qayrilgan. Tog’ yulduzlari kolibrilari ichida baland tog’ mintaqasida, nisbatan past haroratli hududlarda yashashi bilan ajralib turadi.
Ekvadordagi Milliy bioxilma-xillik instituti professori Fransisko Sornoza-Molina va uning hamkasblari ilk marotaba 2017-yilning aprel oyida ushbu noma’lum tog’ yulduzini tarixan ornitologlar kam o’rgangan Ekvadorning janubiy-g’arbiy mintaqasidagi baland tog’li hududlarda dala kuzatuvlari davomida uchratadilar va uning bir necha tasvirini oldilar. Shundan so’ng jamoa may oyida ushbu qushning bir nechta namunalarini qo’lga kiritish va uning yangi tur ekanligini tasdiqlash maqsadida ikkinchi ekspeditsiya chiqdilar.
“Kolibrilarning tog’ yulduzlariga kiruvchi vakillari And to’g tizmasining odam qadami yetmaydigan, ihotalangan qismlarida yashaydi. Ular g’orlarda yerga uyalab, shu atrofda oziqlanadi. Hayotining yarmini gipotermik harakatsiz holatda o’tkazadi. Ushbu yangi topilma nihoyatda ahamiyatlidir. Bu baland And tizmalari o’z bag’rida hali biz bilmagan juda ko’p sir-sinoatlarni yashirib turganidan dalolat beradi”, – deydi ushbu tadqiqot ishlarida qatnashmagan kolibrilar bo’yicha mutaxassis Yangi Meksiko universiteti professori Kristofer Vit.
Yangi topilgan kolibri 114 km. kv. maydonda, daryo irmoqlari bo’ylarida o’sadigan butazorlarda yashaydi xolos. “Moviy bo’yin tog’ yulduzining tarqalish maydoni ayni vaqtda g’arbiy And tizmasining balandligi 3700 metrdan oshmaydigan kichik tog’liklarida joylashgan. Populyatsiya areali shimol va shimoli-sharqdan Yubones-Leon daryosi vodiysi hamda janubdan Puyango-Katamayo havzasi bilan chegaralangan”, – deydi tadqiqotchi professor Sornoza-Molina.
Tadqiqotchilar ushbu kolibrilar populyatsiyasidagi individlar soni aniq ma’lum emasligiga qaramasdan, dala tadqiqotlarida uchratgan nar va moda qushlarning nisbatni, oziqlanish maydoni torligi hisobga olib, ularni kichik populyatsiya (individlar soni 250-750 ta atrofida bo’lishi mumkin, lekin 500 tadan ko’p emas) deb baholamoqda. O’rmon yong’inlari, chorva mollarining ko’p boqilishi va oltin qazib olish bilan bog’liq ishlar ushbu qushlar sonining kamayib ketishiga ulkan xavf tug’diradi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda olimlar moviy bo’yin tog’ yulduzlarini yo’qolib ketish xavfi ostida turgan tur deb baholashmoqda.
“Ushbu turni saqlab qolish uchun mahalliy va xalqaro tabiatni asrash uyushmalarining to’liq qo’llab-quvvatlovi talab etiladi. Turni saqlab qolish ishlarining harakatlar rejasi o’z ichiga tur tarqalgan areal bo’ylab maxsus qo’riqlanadigan tizimni barpo etishni qamrab olishi kerak”, – deydi professor Sonzora-Molina.
Kashfiyot natijalari 2018 yilning 26-sentabr kuni xalqaro The Auk ilmiy jurnalida chop etildi.
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.