Lavanda o’simligining genomi to’liq o’rganildi

Lavanda o’simligining genomi to’liq o’rganildi

Kanadaning Brok hamda Britaniya Kolumbiyasi universitetlari genetik olimlari tomonidan dunyoda keng miqyosda oʻstiriladigan, iqtisodiy jihatdan muhim boʻlgan torbargli lavanda (Lavandula angustifolia) oʻsimligining genomi toʻliq oʻrganildi.

Lavanda shu nomli turkumga mansub oʻsimlik boʻlib, ularning bir-biridan morfologik jihatdan farq qiluvchi 47 turi mavjud. Ular orasidagi bir nechta turlar, jumladan torbargli lavanda, kengbargli lavanda (Lavandula latifolia), ularning chatishtilishidan hosil qilingan lavandin nomli nav butun dunyo boʻylab keng miqyosda ekiladi. Ushbu oʻsimlikdan olinadigan maxsus efir moylari parfyumeriyada, farmatsevtika preparatlari, kosmetika mahsulotlari tayyorlashda hamda antiseptika maqsadlarida keng foydalaniladi.
Yillik ishlab chiqarish miqdori 1500 tonnaga teng ushbu mahsulot parfyumeriya sanoatiga bir necha milliard dollar mablagʻ olib keladi.

Oʻsimlikning efir moyi hosil qilishi, uni ajratishi va toʻplanishiga javobgar genlarning tuzilishi va ishlash mexanizmini yaxshiroq tushinish maqsadida Brok universitetidan Sohel Mahmud va Britaniya Kolumbiyasi universitetidan Ping Liang birgalikda torbargli lavanda genomini toʻliq aniqlash loyihasiga qoʻl urdilar.

Tadqiqotchi professor S.Mahmud bu haqida: “Biz lavandalarni uzoq vaqt mobaynida oʻrgandik. Ushbu oʻsimlikning oʻziga xos jihatlari bizni hayratga solar edi. Qanday qilib u bunchalik qurgʻoqchilikka va kasalliklarga chidamli boʻlgan? Aynan nima uning hidini bunchalik muattar qilmoqda? Biz mana shu savollar qarishida javob izlashga urindik”, – deydi.

Olimlarning aniqlashlaricha lavanda genomi 870 mln nukleotidlar juftligidan iborat boʻlib, uning 48 foizini takrorlanuvchi qismlar tashkil etadi. Genomda jami 62141 ta oqsil va 2003 ta RNK kodlovchi gen mavjud.

Tadqiqotchilar xulosasi

Tadqiqotchilarning eʼtirof etishicha ana endi olimlar lavanda genomini tahlil etgan holda u haqida yanada koʻproq maʼlumotlarga ega boʻlishlari mumkin. Lavanda genomi asosida uning iqtisodiy koʻrsatkichlari ustidagi izlanish olib borish tadqiqot loyihasining navbatdagi qismi hisoblanadi. Eng muhimi uning genetik xaritasi tomon asosiy yoʻl endi mavjud va tadqiqotchilar genetik material asosida lavandadan olinadan qimmatbaho efir moylari ishlab chiqarilishini nazorat qilishlari, kerakli yoʻnalishga yoʻnaltirishlari yohud yaxlit holatda ushbu oʻsimlik genlari qanday faoliyat yuritishini aniqlashlari mumkin boʻladi.

Aksariyat yuqori mahsuldorlikka ega lavanda turlari efir moylari bilan birgalikda ayrim istalmagan moddalarni ham ishlab chiqarishadi, jumladan kamfora.
Lavanda efir moylarining sifati moy tarkibidagi uning oʻziga xos yoqimli hidini belgilab beruvchi fitokimyoviy moddalarning miqdoriga chambarchas bogʻliq. Kamfora moddasi esa lavanda efir moyi tarkibiga kirib uning hidiga oʻziga xos yoqimsiz hid berishi bilan mahsulot sifatining tushishiga, shu bilan birga mahsulot narxining pastlashiga sabab boʻladi. Yuqoridagi tadqiqot natijalari esa tadqiqotchilarga ushbu istalmagan moddalar sintezini nazorat qilish imkonini beradi.
Tadqiqot natijalari xalqaro Planta ilmiy jurnalida chop etildi.

Bundan avval qizil tulkining genomi to’liq tadqiq etilgani haqida xabar bergan edik.

Bo'limlar: Genetika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.