Lichinka

Lichinka

Lichinka bu ayrim metamorfoz orqali voyaga yetadigan hayvonlarning yashash siklidagi bir davr bo’lib, odatda tashqi ko’rinishi jihatdan voyaga yetgan vakilidan keskin farq qiladi (masalan, kapalaklar va ularning qurtlari). Metamorfoz vaqtida lichinkaning organlar sistemasida keskin o’zgarishlar kuzatiladi. Lichinkalarga xos bo’lgan yana bir muhim xususiyat ularning jinsiy sistemasi rivojlanmagan bo’ladi. Ammo ayrim hayvon turlarida neoteniya (lichinkalik davrida ko’payish xususiyati) yoki pedogenez holati kuzatiladi. Lichinkalik davr asosan umurtqasizlardan: bo’shliqichlilarda, halqali chuvalchanglarda, molluskalar, to’liq o’zgarish bilan rivojlanuvchi hasharotlarda, ninaterililarda; umurtqalilardan: ayrim baliqlar va amfibiyalarda uchraydi.

Lichinkalarning yashash muhiti odatda voyaga yetgan vakillarinikidan farq qiladi. Masalan, amfibiyalarning lichinkalari – itbaliqlar faqatgina suvda yashaydi, ularning voyaga yetgan vakili baqalar esa quruqlikda ham bemalol yashay oladi. Turli yashash muhitida yashash tufayli lichinkalar dushmandan himoyalanadi va voyaga yetgan vakillari bilan ular orasida ozuqa uchun kurash holati yuzaga kelmaydi. Lichinkalar voyaga yetish uchun faol tarzda harakatlanadi va oziqlanadi. Masalan, qisqichbaqasimonlarga mansub mo’ylovoyoqlilar deb nomlangan bo’g’imoyoqli hayvonlarning voyaga yetgan vakillari suv tubida muqim yashasa, ularning lichinkalari faol harakatlanib oziqlanadi. Ular turning tarqalishini ta’minlaydi.

Shu bilan birga ayrim hayvon turlarida lichinkalarning oziqlanishi aynan voyaga yetgan vakillarning faoliyatiga chambarchas bog’liq. Masalan, haqiqiy jamoa bo’lib yashovchi hasharotlar pardaqanotlilarda lichinkalar aynan voyaga yetgan ishchi arilar tomonidan oziqlantiriladi. Hatto qog’oz ari (Ropalidia marginata) deb nomlanuvchi hasharotlarning erkaklari ham lichinkalarni boqishda ishtirok etadi.

Lichinkalar ro’yxati

Ayrim lichinkalar voyaga yetgan vakillardan oziqlanishi, hayot tarzi va ko’rinishi bilan keskin farq qilganligi bois odatda alohida nom bilan ham nomlanadi. Ayrim paytlarda ularni alohida hayvon deb hisoblash holatlari ham uchrab turadi. Quyida ana shunday lichinkasi boshqacha nomlanadigan bir nechta hayvonlar bilan tanishasiz:

Aksolotl – dumli amfibiyalardan bo’lgan ambistomalarning neotenik xususiyatli lichinkasi;
Bipinnariya – dengiz yulduzlari lichinkasining dastlabki rivojlanish davri;
Braxiolariya – dengiz yulduzlari lichinkasining so’nggi rivojlanish davri;
Veliger – qorinoyoqli va ikki pallali molluskalarning pelagik lichinkasi;
Glaukotoe – qisqichbaqasimonlarning sudraluvchi lichinkasi;
Gloxidiy – ikki pallali molluskalarning lichinkasi;
Itbaliq – baqaning lichinkasi;
Koretra – qon suruvchi Chaoboridae oilasiga mansub chivinlarning lichinkasi;
Leptotsefal – ugor balig’ining lichinkasi;
Miratsidiy – so’rg’ichlilarning lichinchasi;
Nayada – ninachilarning lichinkasi;
Nimfa – chala o’zgarish bilan rivojlanuvchi bo’gimoyoqlilar lichinkasining tarixiy nomi;
Onkosfera – tasmasimon chuvalchanglarning olti ilmoqli lichinkasi;
Parenximula – bulutlarning lichinkasi;
Planula – bo’shliqichlilarning lichinkasi;
Pluteus – ninaterililarning lichinkasi;
Protonimfon – dengiz o’rgimchaklarining lichinkasi;
Qurt – kapalaklarning lichinkasi.

Bundan avval dengiz toshbaqalari, ularning turlari, o’ziga xos xususiyatlari haqida batafsil ma’lumot bergan edik.

Bo'limlar: Zoologiya
Atamalar: lichinka

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.