Lizosoma va uning turlari

Lizosoma va uning turlari

Lizosoma – hujayraning dastlabki moddalar almashinuv jarayoni kechadigan qismi bo’lib, uni 1955-yilda Kristian de Dyuv kashf etgan. U barcha eukariot hujayralarda (eritrositlar bundan mustasno) uchraydi, prokariotlar hujayrasida lizosoma mavjud emas.
Lizosoma yetishmasligi bilan bog’liq 50 dan ortiq irsiy kasalliklar mavjudligi aniqlangan.

Lizosomalar Golji majmuasidan ajralayotgan pufakchalardan va bevosita endositoz jarayonidagi pufakchalardan hosil bo’ladi. Lizosomalarning umum qabul qilgan yagona klassifikatsiyasi mavjud emas. Asosan birlamchi va ikkilamchi lizosomalar farqlanadi.
Birlamchi lizosomalar to’g’ridan-to’g’ri Golji majmuasidan hosil bo’ladi, ularning ichidagi fermentlar nofaol holatda bo’ladi.
Ikkilamchi lizosomalardagi fermentlar esa faol holatda bo’ladi. Hujayra muhitidagi pH miqdori pasayishi bilan lizosomalar fermentining faolligi ortadi. Lizosomalar ichida 60 ga yaqin fermentlar mavjudligi aniqlangan.

Lizosomalarning quyidagi xillari farqlanadi.

Erta endosoma – unga endositoz (pinositoz) pufakchalari quyiladi.

Kechki endosoma – unga erta endosoma tarkibidagi pinotsitoz jarayonida yutilgan mahsulotlar pufakchalar shaklida va Goljidan gidroliz shaklida yutiladi.

Lizosoma – unga kechki endosoma ichidagi gidroliz va parchalangan mahsulotlar aralashmasi pufakchalar shaklida quyiladi.

Fagosoma – unga fagotsitoz jarayonida kirgan nisbatan yirik kiritmalar (masalan, bakteriyalar) yutiladi.

Autofagosoma – sitoplazmaning qo’sh membranali qismi, odatda makroautofagiya jarayonida qatnashadi.

Multivezikulyar tanacha – ichida membranali pufakchalar saqlaydigan bir qavat membranali organoid. Mikroautofagiya jarayonida hosil bo’ladi, lekin tarkibidagi moddalarni tashqaridan kirgan kiritmalar hisobiga yig’adi.

Telolizosoma – unda hazm bo’lmagan moddalar yig’iladi, ular hujayra membranasi atrofida bo’ladi. Odatda qarilik va kasalliklar vaqtida to’planadi.

Bundan avval o’simlik hujayralarida lizosomalar mavjud bo’lish yoki bo’lmasligi haqida xabar bergan edik.

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.