Mening qon guruhim nechanchi va men donormanmi…?

Mirmuxsin Axtamov
Buxoro davlat tibbiyot instituti
davolash fakulteti 2-bosqich talabasi

Inson zoti mavjud ekanki: bu olamning bir-birini takrorlamaydigan ajoyibotlarini o’rganishga, izlab “ildizini qazib chiqarishga” harakat qiladi. Shu ajoyibotlardan biri bo’lmish qon (lot: sanguis grek: haemo) tiriklikning asosiy sababchilaridan biri hisoblanadi. Har bir insonning yuragi urib turar ekan, u o’zining organizmi haqida ma’lumotga ega bo’lishi zarur. Hozirgi maqolam qon guruhlari va qon quyish asoslariga bag’ishlangan bo’lib, hozirgi texnika zamonida barchaga asqotadi deb o’ylayman.

Qon ikki tarkibiy qismdan tashkil topgan: qon plazmasi va qonning shaklli elementlari.

Qonni gemotakritda (100ta maxsus chiziqlar bilan bo’lingan probirka) sentrifuga yordamida aylantirilsa, u ikki tarkibiy qismga: yuqori 55-60%i qonning tiniq bo’lgan plazmasi, pastki 40-45% qonning shaklli elementlari (eritrotsit,leykotsit,trombotsit)ga bo’linadi. Odam organizmidagi qon plazma hamda shaklli elementlar (eritrotsitlar) tarkibidagi ba’zi moddalar hisobiga bir nechta qon guruhlari farqlanadi.

Qon guruhlariga bo’lishning bir qancha tizimlari bo’lib, ularga: ABO; Rh; Kell; Kidd; Duffy; MNS; Luis kabi 40 ga yaqin sinflanishlar kiradi. Bular orasida eng muhimi va keng tarqalgani ABO hamda Rh tizimlari hisoblanadi.

ABO tizim:

1900-yilda Avstriyalik olim K.Landshteyner 3 ta (1,2,3) qon guruhini aniqlagan. 1907-yilda Y.Yanskiy tomonidan 4-qon guruhi ham aniqlangan. Landshteyner va Yanskiy qon guruhlariga bo’lishda plazmada uchraydigan aglyutinin va qizil qon tanachalari(eritrotsitlar)da uchraydigan aglyutinogendan foydalanishgan.

Endilikda savol tug’iladi: bu aglyutinin va aglyutinogenlarning o’zi nima? Yuqoridagilarning ikkalasi ham oqsil tabiatli moddalar hisoblanadi.

Aglyutininlar:

Aglyutininlar immun tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Ularning tuzilishi “Y” (igriksimon) bo’lib ikki faol markazi orqali eritrotsitlarni o’ziga biriktirish qobiliyatiga ega (Agarda shu eritrotsit tarkibida o’zi taniydigan antigen bo’lsa. Aglyutininlar dastlab, tug’ilgan yosh bolalarda bo’lmaydi, bir yoshga to’lganida esa shakllanib ulgurgan bo’ladi. Shartli ravishda a(alfa) va b(betta) turlari farqlanadi.

Aglyutinogenlar:

Aglyutinogenlar organizm uchun yot bo’lgan antigenlar (agar uni taniydigan antitana organizmda bo’lsa unga qarshi “kurash” boshlanadi). Bu antigenlar (organizm uchun begona bo’lgan moddalar) eritrotsitlarning qobig’idan o’rin olgan bo’ladi (aslida, eritrotsitlar tarkibidan topilgan antigenlar miqdori 400 ga yaqin). Antigenlar ya’ni aglyutinogenlarning shartli A va B turlari farqlanadi. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki: bir qon guruhda hech qachon aglyutinin-a(alfa) va aglyutinogen-A  bo’la olmaydi.

(izoh: plazmadagi aglyutinin-a(alfa) eritrotsitlardagi aglyutinogen-Aga nisbatan sezuvchan retseptorlarga ega bo’lib ularni o’zaro biriktirib, aglyutinatsiyani keltirib chiqaradi, ya’nikim “laxtalar”ni hosil qilib qon aylanish faoliyatini buzadi(laxtalar cho’kmaga tushadi).

Bunga ko’ra:

1-qon guruhida: eritrotsitlarida aglyutinogen umuman bo’lmaydi, plazmasida aglyutinin a va b(alfa va betta) bo’ladi.

2-qon guruhda: eritrotsitlarida aglyutinogen-A va plazmasida aglyutinin-b(betta) bo’ladi.

3-qon guruhda: eritrotsitlarida aglyutinogen-B va plazmasida aglyutinin-a(alfa) bo’ladi.

4-qon guruhda: eritrotsitlarida aglyutinogen-A va B plazmasida aglyutininlar umuman bo’lmaydi.

Plazmada aglyutinindan tashqari gemolizin ham bo’lib, u ham aglyutinatsiyani keltirib chiqara oladi, ammo 38-40*c da faol hisoblanadi. Shu sababdan to’liq o’rganishga molik sanalmaydi.

Rh(rezus omil) tizimi:

Ba’zi hollarda eritrotsitlarda boshqa bir antigenlar(RhD) ham uchraydi (Even xalqida 100% bu antigen mavjud). Agar bu antigen (RhD) bo’lsa “ijobiy” yoki Rezus musbat(+) , agarda yo’q bo’lsa,  “salbiy” yoki Rezus manfiy(-) qon guruhi deyiladi. Aslini olganda, rezus antigenning 40 dan ortiq turlari (S; Y; D; s; e kabi), mavjud bo’lib eng keng  tarqalgani bu “D” turi 85% hollarda uchraydi.

Bu ikkala tizimni(ABO  va Rh tizimlarni) birlashtirsak, 8 ta asosiy qon guruhlari hosil bo’ladi:

1) ab(+) hamda ab(-)
2) Ab(+) hamda Ab(-)
3) Ba(+) hamda Ba(-)
4) AB(+) hamda AB(-)

Qonning rezus omilini 1940-yilda Vinner Makakus maymunidan topib, u bilan quyonni emlaydi va quyon plazmasida hosil bo’lgan antitana orqali odamda ham xuddi shunday antigen borligini aniqlaydi.

Inson faol harakatlanar ekan, baxtsiz hodisalarga o’zi xohlamagan holda duch kelishi, shikastlanishi oqibatida qon yo’qotishi mumkin. Bu holda bu insonga qon quyishga to’g’ri keladi. Ushbu holatda qon beruvchi inson “donor”, qon oluvchi esa “retsipiyent” deb nomlanadi. Qon quyishdan oldin donorning hamda retsipiyentning qon guruhlarini aniqlash kerak bo’ladi. Bu uchun bizga aglyutinatsiya reaksiyasi yordam beradi. Qon guruhini aniqlashning bir qancha usullari mavjud bo’lib ularga: “standart eritrotsitlar” usuli;  “standart zardob” usuli; individual usul va tayyor Soliklon yordamida aniqlash usullari kiradi.

Biz hozir “standart zardob” usulini ko’rib chiqamiz. Buning uchun oldindan tayyorlab qo’yilgan tarkibida a(alfa) va b(betta) aglyutininlari bo’lgan tayyor zardobdan foydalanamiz. Maxsus likopchaning bitta chuqurchasiga  a-aglyutininli standart zardob, boshqasiga b-aglyutininli standart zardobdan 2 tomchidan tomizamiz. Ularning ustiga tekshirilayotgan qondan bir tomchidan tomizib, shisha tayoqcha yordamida aralashtiramiz. Uch daqiqadan keyin natija aniq bo’ladi va bunda to’rt xil holat bo’lishi mumkin:

1-holatda: ikkalasida ham aglyutinatsiya kuzatilmasligi mumkin
2-holatda: a-aglyutininli chuqurchada yoki
3-holatda: b-aglyutininli chuqurchada aglyutinatsiya sodir bo’lishi mumkin.
4- holatda esa ikkala chuqurchada ham aglyutinatsiya sodir bo’lishi mumkin.

Yuqoridagilardan shuni bilish mumkinki:

1-holat kuzatilsa, tekshirilayotgan qon 1-guruhga mansub.

2-holat kuzatilsa, qon 2-guruhga mansub.

3-holat kuzatilsa, qon 3-guruhga mansub.

4- holatda esa o’z-o’zidan qon 4-guruhga mansub bo’ladi.

(shuni yodda tutish kerakki: donarning eritrotsitlariga, retsipiyentning plazmasiga e’tibor berish lozim.)

Demak 1-qon guruh eritrotsitlari qobig’ida antigen yo’q ekanligi sababli, boshqa qon guruhlari uchun “begonalik” qilmaydi. Shuning uchun bu qon guruhli insonlar  qonini istalgan guruhdagi odamlarga quyish mumkin. Bunday holatga esa “universal donorlik” deb ataladi(asosan 1-guruhli Rh-).

4-qon guruhda esa immun sistemaning bir bo’lagi-antitanachalar bo’lmasligi sababli boshqa barcha guruhdagi insonlardan qon qa’bul qilishligi mumkin bo’ladi. Bunday holatga “universal retsipiyentlik” deyiladi (asosan 4-guruh Rh+).

Zehni o’tkir inson shu joyda to’xtab qoladi, nega?

-Ha albatta, nega? Masalan: 1-qon guruhdagi plazma(a(alfa)-aglyutinin) 2-qon guruhdagi(eritrotsitlardagi) A-aglyutinogenlar bilan aglyutinatsiyalanmaydimi?

Bu savolga javobni qon quyish asoslarida mavjud bo’lgan “suyilish” qonuni bera oladi. Savol: “Suyilish” qonunining o’zi nima?

Bu qonun shundan iboratki: organizmdagi 1 ml qonda 4-6 mln atrofida eritrotsitlar bo’ladi va bu ko’rsatkich antitanalardan o’nlab barobarga ko’p. Yana bir boshqa tomondan eritrotsitlar hajmi ham antitanachalardan bir necha barobarga katta. Demak shunday xulosaga kelib chiqadi: quyiladigan qondagi aglyutininlar “suyulib” (konsentratsiyasi kamayib) ketishi hisobidan birinchi guruhni 2-guruhga va boshqa guruhlarga bemalol quyishimiz mumkin.

(izoh: yuqoridagilar faqat kam miqdorda ya’ni 200 mlgacha qon quygandagina amal qiladi. Agar quyiladigan qon miqdori 500 ml va undan ko’p bo’lsa “suyulish” qonuni amal qilmaydi).

Dunyo aholisi bo’yicha birinchi va ikkinchi qon guruhli insonlarning har ikkalasi o’rta hisobda 40% dan, uchinchi qon guruhdagilar 10-20% va to’rtinchi qon guruhdagi insonlar 5% ni tashkil qiladi.

Hozirgi kunda qon quyishda nafaqat o’zining qon guruhini quyushga balki, Rh omili ham to’g’ri kelishiga ahamiyat berilmoqda. Rezus omil mos bo’lmasligi bilan bog’liq ko’ngilsiz holatlardan biri bu ona va homiladagi rezus tafovvut hisoblanadi. Agarda ona qoni Rh(-), homila Rh(+) bo’lsa (otadan o’tgan) bolada gemolitik kasallik yuzaga kelib, hatto o’limgacha olib keladi. Bu holat vaqtida aniqlansa yoki onada ishlab chiqarilgan(plazmasidagi) antitanalar miqdori kam bo’lsa, bola saqlab qolinadi lekin bola gemolitik sariqlik bilan tug’iladi.

Hozirgi kunda qon quyish qoidalariga ko’ra:

1)avvalambor donor va retsipiyent qon guruhlari mos bo’lishi zarur,
2)rezus manfiy odamga rezus musbat qonni quymaslik kerak,
3)bir donorning qonini aynan bir bemorga takroran quyishdan cheklanish lozim.

O’zimda tug’ilgan savol kabi siz o’quvchilarda ham so’nggi savol tug’ilishi tabiiy. O’zi qachon qon quyilishi kerak? O’rinli savol agar qonning 25% i va undan ko’proq qismi yo’qotilgan bo’lsa, qon quyish amaliyoti amalga oshiriladi. Agar bu ko’rsatkich 25% dan kam bo’lsa, qon o’rniga uning o’rnini bosuvchi eritmalardan quyish mumkin bo’ladi. Qon quyishda donorning yoshi ham katta ahmiyatga ega. Donor 17-66 yosh oralig’ida(70 va undan katta bo’lsa, 2 yil oldin qon bergan bo’lishi lozim) tana massasi kamida 50 kg, donor asosan gepatit-B, OITS, sifiliz bilan og’rimagan bo’lishi lozim.

Qon quyish uch usulda amalga oshiriladi:

1-tomchilab
2-oqim bilan
3-bosim orqali

Shuningdek qon quyiladigan sohalar:
arteriya, vena, aorta, suyak bo’lishi mumkin.

So’nggi so’z o’rnida shuni aytmoqchimanki: agarda shunday holatga duch kelsangiz stabilizatsiya va konservatsiyalangan (paketga tayyorlab qo’yilgan qon) ning muddati 5 kundan oshmagan bo’lishiga ahamiyat bering. Agarda qon sog’lom donordan olinadigan bo’lsa, olish muddati va quyish muddati orasidagi vaqt 3-4 soatdan o’tmasligi lozim. Maqola so’ngida “maqolaning nomi nega bunday qo’yildi?” degan savolga ham oydinlik kiritmoqchiman. Har birimiz, har bir soniyada vujudimizda kimning qoni oqayotganligini va biz qaysi qon guruhga mansub ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Barchamizning tomirimizda faqat o’z qonimiz oqsin, sog’ va salomat bo’ling.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.