Bugundan boshlab mikoriza haqidagi turkum maqolalarimizni boshlaymiz. Agar sizda mikoriza, uning turlari, ahamiyati va boshqa xususiyatlarida haqida savollar tug’iladigan bo’lsa, bizga murojaat qilsangiz savollaringizga maqolalarimiz ichida javob berib borishga harakat qilamiz. Demak bugun quyida mikoriza mavzusining kirish qismini o’qishingiz mumkin.
Mikoriza bu zamburug’larning yuksak o’simliklar bilan o’zaro simbiotik assotsiatsiyasidir. Mikoriza so’zi yunoncha “mikos” – zamburug’ va “rhiza” – ildiz so’zlarining jamlanmasidan hosil qilingan. Mikoriza haqidagi eng dastlabki fikr XIX asrda yashagan botanik va mikolog olim Frans Kamenskiyning 1882-yilda erikadoshlar oilasiga mansub xlorofillsiz Monotropa hypopitys o’simligining vegetativ organlari haqida chop ettirgan maqolasida uchraydi. Mikoriza atamasini esa nemis biologi Albert Bernhard Frank 1885-yilda chop etilgan “Ayrim daraxtlarning yerosti zamburug’lari bilan ildizli simbiotik oziqlanishi haqida” deb nomlangan maqolasida fanga kiritadi. Mikorizalar o’simliklarning oziqlanishi, tuproq biologiyasi va kimyosida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Mikorizali simbiozda zamburug’lar xo’jayin o’simlik ildiz to’qimasi hujayralarining ichigacha kirib boradi (arbuskulyar mikorizali zamburug’lar) yoki hujayra tashqarisida simbioz hosil qiladi (ektomikorizal zamburug’lar). Ushbu simbioz munosabatlar asosan mutualizmga yorqin misol bo’lsa ham, ayrim zamburug’ turlari xo’jayin organizm bilan parazitizm munosabatlari asosida bog’langan bo’ladi.
Mikorizali simbioz munosabatlarda o’simlik organizmi fotosintez natijasida organik moddalar, jumladan shakar hosil qiladi va buni zamburug’ga yetkazib bersa, zamburug’dan o’z navbatida suv va unda erigan mineral moddalarni, ayniqsa fosforni o’zlashtiradi. Mikorizalar o’tkazuvchi to’qimaga ega barcha o’simliklarning ildizi ichida uchraydi, lekin shu bilan birga yo’sinlarda ham zamburug’lar bilan mikorizaga o’xshash simbiozlik munosabatlarining mavjudligi aniqlangan. Paleontologik dalillarga e’tibor beradigan bo’lsak, to’rt yuz million yillar ilgari Yer yuzida mavjud bo’lgan dastlabki ildizsiz o’simliklarda ham zamburug’lar bilan arbuskulyar mikorizali simbiotik munosabatlar mavjud bo’lganligiga guvoh bo’lamiz.
Ayni vaqtda 92 foiz o’simliklar oilasida (jami o’simliklarning 80% i) mikoriza mavjudligi qayd etilgan. Lekin istesno holatlar ham mavjud. Masalan, karamdoshlar va sho’radoshlar oilasi vakillari zamburug’lar bilan mikoriza hosil qilmasligi kuzatiladi. Mikoriza hosil qilishda o’simliklar tarafidan barcha ochiq urug’li o’simliklar, bir urug’pallali o’simliklarning 70%, ikki urug’palli o’simliklarning 80-90%i qatnashsa, zamburug’lar tarafidan akso-, bazido- va zigomitsetlar ishtirok etadi.
Maqolamizning navbatdagi qismlarida mikoriza turlari, ularning tuzilishi, uchrashi va ahamiyat haqida so’z yuritamiz.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.