Morj, tyulen, dengiz mushugi kabi kurakoyoqli hayvonlar qaysi turkumga kiradi?
Bizning maktab va universitet darsliklarida hamda milliy ensiklopediyamizda morj, tyulen, dengiz mushugi kabi hayvonlar kurakoyoqlilar turkumiga kiradi deb yozilgan. Hozirgacha chop etilayotgan darsliklarda ham hamon ana shunday deb berib kelinadi. Lekin aslida holat qanday?
Qisqa qilib aytganda bu hayvonlar ancha yillardan beri yirtqichlar (Carnivora) turkumi vakillari hisoblanadi. Men bu haqida 2018-yildayoq Xalq ta’limi vazirligiga maktab biologiya darsliklaridagi kamchiliklar haqida yozgan xatimda eslab o’tgan edim. Ming afsuski, o’sha vaqtda menga yuborilgan javobda “Sistematik olimlarimiz molekulyar genetik ma’lumotlarga asoslanib, kurakoyoqlilar turkumini yirtqichlar turkumi tarkibida o’rganishni taklif etishgan. Aslida esa faqat molekulyar genetik ma’lumotlar asosida hayvonlarni sistemaga solish yetarli emas. Buning uchun anatomo-morfologik, embriologik, ekologik, paleontologik va boshqa ma’lumotlar kerak bo’ladi. Bunday ma’lumotlarsiz turli guruhlar o’rtasidagi filogenetik bog’lanishlarni tushunib olish mumkin emas. Ana shu sababdan kurakoyoqlilar mustaqil turkum maqomida oliy va umumiy o’rta ta’lim maktablari darsliklariga kiritilishi lozim” deyilgan edi (javob xatini kazo-kazo olimlar, darsliklar bo’yicha mas’ullar va darslik muallifi imzolagan).
Vaholanki biz kurakoyoqlilar deb atayotgan hayvonlar guruhi (bu guruh uchta: Otariidae, Odobenidae va Phocidae oilalaridan iborat) hali molekulyar genetik tahlil qilinmasdan avval ham yirtqichlar turkumiga kiritilgan edi. Jumladan, Chris Wozencraftning 1989-yilda (hali bu vaqtda molekulyar genetik tahlil qilish deyarli yo’q edi) chop etilgan “Zamonaviy yirtqichlarning filogeneyasi” (asli – The Phylogeny of the Recent Carnivora) deb nomlangan maqolasida (503-506-betlar) ushbu hayvonlarning nima uchun yirtqichlar turkumiga kiritilgani juda ko’plab dalillar va avvalgi qilingan tadqiqotlar asosida ko’rsatib berilgan.
Bir qator amerikalik tadqiqotchilar tomonidan 2005-yilda chop etilgan yirtqichlar turkumining molekulyar tahliliga bag’ishlangan tadqiqot ishida ham ushbu uchta oila ham yadro, ham mitoxondrial genlarga ko’ra yirtqichlar turkumiga mansub ekanligi ko’rsatiladi.
Ayni vaqtda sutemizuvchilar sinfining klassifikatsiyasi Don Wilson va DeeAnn Reeder tomonidan yuritiladigan “Mammal Species of the World” (bu katalog kitob holida ham chop etiladi. Ayni vaqtda uning 3-nashri amalda. Katalogda sutemizuvchi turlarning taksonomik va geografik tarqalish masalalariga urg’u berilgan) katalogi orqali tartibga solinadi. Ayni mana shu katalog yirtqichlar (Carnivora) turkumini ikki: Feliformia va Caniformia kenja turkumlariga ajratadi. Caniformia kenja turkumiga kiruvchi oilalarga e’tibor bersangiz, u yerda biz yuqorida tilga olgan Otariidae, Odobenidae va Phocidae oilalarini ham ko’rasiz.
Bundan tashqari NCBI ning Taxonomy bazasi ham, BOLDSystems ning Taxonomy bazasi ham, The Taxonomicon bazasi ham, Encyclopedia of Life (EOL) ning taksonomiyasi va yana bir qator xalqaro bazalar ham kurakoyoqli hayvonlarni yirtqichlar turkumining vakillari sifatida ko’rsatadi.
Men yuqoridagilar asosida faqat bir narsani xulosa qilaman: o’zbekcha darslik va kitoblarda kurakoyoqli hayvonlarni yirtqichlar turkumi vakillari emas, alohida turkum sifatida ko’rsatish (aqalli biror ilmiy asos bo’lsa ham mayli edi) – bu taksonomiya borasidagi chalkashliklardan emas, balki mana shu darslik, kitob mualliflari yoki umuman kontent yaratuvchilarning zamonaviy ilm-fan ma’lumotlaridan qay darajada bexabar ekanliklarini ko’rsatadi. Aslida bu o’zbek biologiyasidagi juda ham kichik bir muammocha xolos, bunday misollarni men minglab keltira olaman.
Zararning qayeridan qaytilsa ham foyda, shunday ekan, mas’ullardan o’quvchi va talabalar foydalanishi mumkin bo’lgan darslik, kitob va boshqa qo’llanmalar ustida ishlayotganda o’z ishlariga mas’uliyat bilan yondashishlarini iltimos qilib qolaman.
Muallif haqida
O'xshash maqolalar
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.