Nerv impulslari tanamiz bo’ylab qanday tarqaladi?

Nerv impulslari tanamiz bo’ylab qanday tarqaladi?

Zuhriddin Obloqulov
Buxoro tibbiyot instituti
Davolash yo’nalishi 2-bosqich talabasi

Tanamiz bo’ylab nerv impulslari qanday tarqalishi, impulsning bir nerv hujayrasidan boshqasiga yoki muskul tolalariga qanday o’tishi siz uchun qiziqmi? Unda ushbu maqolamiz bilan tanishib chiqib, tanamizda sodir bo’ladigan elektr hodisalari va ularning tarqalishi haqida bilib oling. Neyron ta’sirlanishi natijasida hosil bo’ladigan nerv impulslari neyron dendritlari orqali qabul qilinadi va akson orqali boshqa bir neyronga yoki muskul tolalariga yetkaziladi. Bitta neyron va uning aksonidan bitta impulsning o’tishi uchun taxminan 7 millisekund  vaqt ketadi. Impulsning neyron bo’ylab tarqalishi 6 ta bosqichda amalga oshadi:

1. Membrananing tinchlik potensiali: Natriy tashqarida, kaliy ichkarida

Organizmdagi barcha hujayralarni membranalar qoplab turgani kabi nerv hujayralarini ham membrana qoplab turadi. Neyron qo’zg’almagan va nerv impulsini o’tkazmayotgan vaqtda uning membranasi qutblangan holda bo’ladi. Qutblanish hujayra tashqarisi va hujayra ichkarisidagi zaryadlarning bir-biridan farq qilishidir. Bu farq membrananing tinchlik potensiali deyiladi. Hujayra tashqarisi musbat, ichkarisi esa manfiy zaryadlangan. Bunda farqni asosan Na+ va K+ ionlarining hujayra ichidagi va tashqarisidagi miqdorining turlicha bo’lishi paydo qiladi. Hujayra tashqarisida Na+, ichkarisida esa K+ ionlari ko’p bo’ladi. Miyangizga natriy ham kaliy ham musbat zaryadlangan-ku, unda qanday qilib hujayra ichi manfiy zaryadlanadi degan savol paydo bo’ldimi? Yaxshi savol. Javob: Kaliydan tashqari hujayra ichida oqsillar va nuklein kislotalar ham bo’ladi. Ular hujayraga manfiy zaryad beradi. Xo’sh, unda qanday qilib hujayra tashqarisida natriy va hujayra ichkarisida kaliy ko’p miqdorda bo’ladi? Ona tabiat hamma narsani hisobga olgan. Hujayra membranasida natriy va kaliy kanallari bor. Ularning boshqa ionlarga o’tkazuvchanligi juda past yoki umuman yo’q. Natijada, hujayra membranasi tanlab o’tkazuvchanlik xususiyatiga ega bo’ladi.

2. Tinchlik potensiali davrida neyronlar dam oladi

Neyron faol bo’lmagan davrda dam oladi. Keyingi faollik davrigacha o’ziga energiya to’playdi. Tinchlik potensiali(membrana potensiali)ning qiymati nerv hujayralarida -70 mV(millivolt)ni tashkil etadi.

3. Harakat potensiali: Natriy ionlari hujayra ichkarisiga kiradi

Ta’sir tinch neyronga yetib kelganda, membranadagi natriy ion kanallari ochilib, Na+  hujayra ichiga o’ta boshlaydi. Endi hujayrada harakat potensiali shakllanadi. Natriyning hujayra ichiga o’tishi, hujayra ichini manfiydan musbatga o’zgartiradi.

Hujayra tashqarisi aksincha, manfiylashadi. Harakat potensialining bu davriga depolyarizatsiya deyiladi. Har bir neyronning harakat potensialini hosil qilish bo’sag’asi bo’ladi. Ta’sirot kuchi shu bo’sag’adan past bo’lsa, harakat potensiali hosil bo’lmaydi.

4. Repolyarizatsiya: Kaliy ionlari hujayra tashqarisiga chiqadi, natriy ionlari esa hujayra ichida qoladi

Natriy ionlarining hujayra ichiga ko’plab o’tishi, kaliy ion kanallarini ochadi va endi hujayra tashqarisiga kaliy ionlari chiqa boshlaydi. Ushbu harakat potensialining repolyarizatsiya davri elektr balansni qayta tiklaydi.

5. Giperpolyarizatsiya:  Kaliy ionlarining natriy ionlariga nisbatan ko’proq hujayra tashqarisiga chiqishi kuzatiladi

Kaliy ionlari natriy ionlariga nisbatan hujayra tashqarisiga ko’proq chiqadi va membrana potensiyali qiymatidan bir oz kamayadi. Ushbu jarayonga gipperpolyarizatsiya deb aytiladi. Bu davr uzoq davom etmaydi (Aslida yuqoridagi bosqichlarning hech biri uzoq davom etmaydi!!!). Impuls neyron yoki uning tolasi bo’ylab o’tgandan keyin harakat potensiyali tugaydi, membrana potensiali tiklanadi.

6. Refrakterlik davrida hammasi o’z holatiga keladi: Natriy va kaliy ionlarimiz o’z joylariga qaytishadi

Refraktorlik davrida hujayra tashqarisidagi kaliy hujayra ichiga, hujayra ichidagi natriy hujayra tashqarisiga qaytariladi. Na-K nasoslar bu jarayonni o’z zimmasiga oladi. Na-K nasoslar ionlarni o’z holatiga keltirgandan so’ng, membrana o’zining dastlabki tinchlik potensialiga qaytadi.

Nerv impulsining o’tkazilishi

Aksonning shvann hujayralari bilan qoplangan miyelin qobig’i mavjud. Shvann hujayralari orasida esa Ranve bo’g’ilmalari bo’ladi. Nerv impulslari aynan Ranve bo’g’ilmalari orqali o’tkaziladi. Bunday o’tkazish energiyani tejaydi va impuls o’tkazilish tezligini oshiradi. Bir nerv tolasidan boshqasiga yoki muskul tolalariga impulslar sinapslar deb nomlangan tuzilmalar orqali o’tkaziladi. Bundan bilamizki, nerv hujayralari bir-birlari bilan aloqada ammo, qo’shilib ketmagan.

Impulsning sinaps orqali o’tkazilishi 4 bosqichdan iborat:

1. Kalsiy kanallarining ochilishi

Impuls o‘tayotgan nerv tolasining oxiridagi membrana presinaptik membrana deb, impulsni qabul qilayotgan nerv tolasining oxiridagi membranaga postsinaptik membrana deb ataladi. Akson oxirlaridagi presinaptik membranaga impulslarning yetib kelishi membranadagi kalsiy kanallarini ochadi. Natijada, kalsiy ionlari hujayra ichiga kiradi.

2. Mediatorlarning chiqishi

Kalsiy ionlarining hujayra ichiga kirishi mediator pufakchalariga ta’sir etadi va sinaptik bo’shliqqa mediatorlar ajraladi.

3. Mediatorlarning retseptorlarga bog’lanishi

Mediator vazifasini bajaruvchi kimyoviy moddalar sinaptik bo’shliqqa tushgandan keyin postsinaptik membranadagi retseptorlarga bog’lanadi.

4. Membranaga impulsning o’tkazilishi

Mediatorning retseptor bilan bog’lanishi tormozlovchi yoki qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatishi mumkin. Agar, retseptor mediator bilan bog’lanib, natriy kanallarini ochsa, qo’zg’atuvchi ta’sir bo’ladi va impuls keyingi nerv yoki uning tolasi bo’ylab harakatda davom etadi. Agar, kaliy kanallari ochilsa, membrana giperpolyarizatsiyaga uchraydi va hujayra tormozlanish holatiga o‘tadi. Qabul qilinayotgan impuls so’ndiriladi. Retseptorlar tormozlash yoki qo’zg’alish jarayonini amalga oshirganidan keyin mediatorlarni sinaptik bo’shliqqa chiqaradi va ular qayta foydalanish uchun presinaptik membranaga so’rilib ketadi.

Shunday qilib, nerv hujayralari va tolalari bo‘ylab nerv impulslari harakat potensiali hosil qilib o‘tadi. Membrananing tinchlik potensiali hujayra ichidagi va tashqarisidagi ionlar farqini saqlab turadi va harakat potensialini shakllantirish uchun sharoit yaratadi. Sinapslar nerv hujayrasidan nerv hujayrasiga yoki muskul tolasiga impulsni o‘tkazuvchi tuzilmalardir. Ular mavjudligi tufayli impulslar bir tomonlama harakat qiladi

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.