Non daraxti

Non daraxti

Non daraxti (Artocarpus altilis) – tutdoshlar oilasi artokarpus turkumiga mansub bir uyli o’simlik. Vatani Yangi Gvineya. Uni butun dunyoga ingliz va fransuz sayohatchilari XVIII asrda tanishtirganlar. Ayni vaqtda non daraxti 90 ga yaqin davlatda, jumladan Janubiy va Janubi-sharqiy Osiyoda, Tinch okeani orollarida, Karib havzasida, Janubiy Amerika va Afrikada o’stiriladi. Uning bunday atalishiga asosiy sabab, non daraxti mevalarini xomlik vaqtida pishirilganda, yangi pishirilgan nonga o’xshashidir. Ta’mi esa kartoshkani eslatadi.

Non daraxti yetarlicha baland, bo’yi 20-26 metrga yetadi, tez o’sadi, tashqi ko’rinishida emanni eslatib yuboradi. Ayrim shoxlari qalin, barglar bilan qoplangan mayda butoqlardan iborat, ayrimlari esa uchi to’pbarg bilan tugaydigan ingichka uzun bo’ladi. Barglari nihoyatda xilma-xil, hatto ba’zi tuplarining o’zida ham yaxlit, ham panjasimon o’yilgan barglarni ko’rish mumkin. Yashash sharoitiga ko’ra doimiy yashil yoki barg to’kuvchi daraxt bo’lib o’sadi.

Gullari mayda, yashil, ko’rimsiz. Changchili gullari uzun to’pgulda joylashgan bo’lib, birinchi gullaydi; urug’chili gullari yirik to’pgulda joylashgan bo’lib to’g’nag’ich ko’rishida bo’ladi. Hayratlanarli tomoni non daraxti yirik ko’rshapalaklar (Pteropodidae) tomonidan changlanadi. Changlangandan so’ng urug’chi gullardan asta-sekin qubbasimon yirik qovun shaklida mevalar hosil bo’la boshlaydi. Mevalari xomligida yashil rangda bo’lib, yetilgach sariq-jigarrang rangga kiradi. Diametri 30 sm gacha, og’irligi 3-4 kg gacha boradi. Mevasi xom vaqtida u qattiq bo’lib, uning tarkibida ko’p miqdorda kraxmalli, tolali oq meva eti bo’ladi. Mevasi pishgach yumshab, oq rang sariqqa aylanadi va ta’mi shirin bo’lib qoladi. Daraxtning barcha qismida yopishqoq sutsimon lateks-sharbati mavjud bo’ladi (aksariyat tutdoshlarga xos xususiyat).

Non daraxtining asosan ikki xili uchraydi: yovvoyi vakili – uning mevasida urug’lar bo’ladi; madaniy vakili – uning mevasida urug’lari bo’lmaydi. Madaniy tuplarida vaqti-vaqti bilan yetilgan urug’lar uchrab turadi. Non daraxti juda ham serhosil o’simlik bo’lib, bitta tupida bir yilda 150 tadan 700 tagacha meva yetiladi. Tropik mintaqalarda esa yil bo’yi meva berib turadi. Odatda 9 oy meva beradi, 3 oy «dam oladi». Tez o’sadi, yillik o’sishi 0,5 – 1 metrni tashkil etadi. Qalamchasidan ko’paytiriladi.

Qo’llanilishi

Non daraxti okeanlaridagi orollarda yashovchi aholining asosiy va muhim ozuqa mahsuloti hisoblanadi. Yetilgan mevalarning etini non sifatida yopish, qaynatish, quritish, xomligicha iste’mol qilish, turli pishiriqlar tayyorlash mumkin. Odatda xom mevalari sabzavot sifatida, pishgan shirin mevalari esa mevasi sifatida qo’llaniladi. Mevasida po’stlog’ida lateks tomchilarining paydo bo’lishi uning pishganligini bildiradi. Meva eti tez buzilgani uchun mahalliy aholi uni quritib saqlashadi. Ushbu qurutilgan mevalar bir necha yillab buzilmasdan saqlanishi mumkin.

Mevasi nihoyatda to’yimli hisoblanadi. Meva tarkibini 71 foizini suv, 27 foizini uglevodlar, 1 foizini oqsil va juda oz miqdorda yog’ tashkil etadi. Meva vitamin C (35%) va vitamin A (10%) boy.

Bundan avval kalanxoe o’simligi, uning turlari, muhim xususiyatlari haqda ma’lumot berilgan edi.

Bo'limlar: Botanika
Atamalar: non daraxti

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.