Olimlar ilk marotaba Himolay tog’ tizmalarining yuqori tog’ mintaqasida uchraydigan, qishki uyquga ketuvchi sutemizuvchilarga mansub Himolay sug’uri (Marmota himalayana) ning genom xaritasini tuzib chiqishga muvaffaq bo’lishdi. Xalqaro iScience ilmiy jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalari asosida yuqori tog’ mintaqasida yashashga moslanish va qishki uyquga ketish zamirida yotgan genetik mexanizmlar yotadi.
“Baland tog’ mintaqasida yashovchi sutemizuvchilardan biri o’laroq, Himolay sug’urlari doimiy sovuq harorat, gipoksiya va intensiv ultrabinafsha nurlanish ta’siri ostida yashaydi. Bundan tashqari ular qish vaqtida deyarli olti oy muddatga qishki uyquga ketadilar”, – deydi Xitoydagi Sian Jiatong universiteti Salomatlik ilmiy markazi professori Enchi Liu.
Ushbu hayratlanarli biologik xususiyatlar professor Liu va uning hamkasblarini Himolay sug’urini ekstremal muhitga moslashuvning molekulyar mexanizmlarini o’rganish uchun ideal hayvon modeli sifatida ko’rib chiqishiga undadi. Dastlab, olimlar erkaklar Himolay sug’urining to’liq genomini aniqladilar va natijalarni to’pladilar. Shundan so’ng ular baland va past tog’ mintaqasida yashovchi Himolay sug’urlarining boshqa 20 tasida hamda to’rtta boshqa turga kiruvchi sug’urlarning genomini to’liq aniqlashdi.
Bundan tashqari olimlar qishki uyquga ketuvchi sug’urlar va uxlamaydigan sug’urlar orasidagi genetik ekspressiya (genlarning u yoki bu darajada ishlash) farqlarini aniqlash uchun RNK tahlilini ham o’tkazdilar. Ma’lum bo’lishicha Himolay sug’urlari va mug’ul sug’urlari orasidagi divergensiya 2 million yil avval yuz bergan.
Tadqiqotchilar yuqori va past tog’ mintaqalarida yashovchi turli sug’ur guruhlari orasida baland tog’ mintaqasi populyatsiyalarining past kislorod muhitida yashashga moslanishlari orasidagi bog’liqlikni baholash uchun ikki gen – Slc25a14 va ψAamp ni tanlab oldilar. Olimlar Slc25a14 genining neyrohimoyaviy roli ham mavjud ekanligini ta’kidlashdi. ψAamp genidagi o’zgarishlar bevosita Aamp genini kodlovchi RNK ning barqarorligiga ta’sir ko’rsatadi. Ushbu gen esa o’z navbatida havoda kislorod konsentratsiyasi past bo’lgan sharoitda yangi qon tomirlar tizimi rivojlanishining oldini oluvchi o’ziga xos himoyalovchi mexanizm funksiyasini o’taydi.
RNK tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, qishki uyqu davrida jigar va miyadagi gen eksperriyasida o’zgarishlar yuz berar ekan. Ushbu o’zgaruvchan genlar qatoriga yog’ kislotalarining metabolik yo’li, qonning ivishi va asos hujayralar ixtisoslashuvini nazorat qiluvchi genlar kiradi.
“Qiziqarli jihati shundan iboratki, avvalgi tadqiqotlarda qishki uyquga ketuvchi hayvonlarning miyasi muzlab qolishga yaqin tana harorati va juda past qon bosimini ta’minlashi va bu esa tromblar paydo bo’lish xavfini oshirishi ko’rsatilgan edi. Ushbu tadqiqot ishida esa biz ularning asos hujayralari mana shunday ekstremal sharoitlarda tirik qolishni ta’minlash uchun organizmda bo’ladigan turli ichki jarohatlarni bartaraf qilishga moslashgan ekanligini aniqladik”, – deydi professor Liu va uning hamkasblari.
Bundan avvalgi maqolamizda xona havosini tozalovchi transgen xona o’simligi yaratilgani haqida xabar bergan edik.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.