Olimlar qizil tulki genomini to’liq o’rganib bo’lishdi

Olimlar qizil tulki genomini to’liq o’rganib bo’lishdi

Xalqaro olimlar guruhi qizil tulki (Vulpes vulpes) genomini to’liq o’rganib bo’lishdi.

Canidae oilasiga mansub qiziq tulki va xonaki it bir-birlariga juda yaqin turlar bo’lib, ular 10 mln yil avval divergensiya qilganlar. Lekin shunday bo’lsada ushbu ikki tur turli ekologik tokchalarda istiqomat qiladi.

Qizil tulki yirtqichlar turkumining boshqa vakillariga nisbatan juda ham keng arealda tarqalgan bo’lib, hatto ayrim zamonaviy shaharlarning doimiy yashovchisi hisoblanadi. Itlar esa boshqa sababga ko’ra butun Yer yuzida keng tarqalgan. Ular 15 ming yillar avval kulrang bo’rini odamlar tomonidan xonakilashtirish oqibatida yuzaga kelgan. Bugunga kelib odamning eng ishonchli do’stiga aylangan.

Qizil tulkining tarqalish areali.
yashil – tabiiy; ko’k – xonakilashtirilgan; to’q sariq – mavjudligi aniq emas.

Biz buni juda juda uzoq vaqt kutgan edik” – deydi Illinois universitetidan bo’lgan bosh tadqiqotchi doktor Anna Kukekova, – “Avvalgi ishlarimizda qizil tulkilar genomidan qo’lga o’rganish va agressiv xatti-harakatga javobgar regionlarni aniqlashga harakat qilgan edik, biroq bu uchun asos, namuna bo’ladigan genom kerak edi, bunda itlarning genomidan ham foydalansak bo’lar edi. Shunday bo’lsada tulkilarning genomi xulq-atvorni genetik jihatdan tadqiq etish uchun eng yaxshi resurs hisoblanadi”.

Qizil tulki genomi to’liq tadqiq etilganidan so’ng, doktor Kukekova va uning jamoasi xonakilashtirilgan, agressiv va fermalarda yetishtirilayotgan oddiy tulkilar populyatsiyadagi tulkilar genomidagi xulq-atvor bilan bog’liq genetik nuqtalarni aniqlashdi.

Har bir populyatsiyadan 10 tadan individ genomi o’rganildi va ularni avval boshda tadqiq etilgan to’liq tulki genomi bilan solishtirib chiqildi. Natijalarga ko’ra ushbu uchta populyatsiya individlarida qo’lga o’rganish va agressivlikka javobgar genom regionlarida 103 ta farq aniqlandi. Bundan tashqari tadqiqotchilar ushbu 103 genetik regionni qizil tulkilar xulq-atvoriga yaqin bo’lgan boshqa sutemizuvchilar genomi bilan ham solishtirib chiqishdi.

Masalan, olimlar qizil tulkilardagi qo’lga o’rganishga javobgar geni itlardagi xuddi mana shu gen bilan deyarli o’xshash bo’lishini qayd etishdi. Qolaversa ushbu gen odamlardagi haddan ziyod o’zini parvarishlash, o’taketgan do’stona xatti-harakat bilan ifodalanuvchi genetik kasallik Vilyams-Beuren sindromiga javobgar gen regioni bilan bir xil ekanligini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari xalqaro “Nature Ecology & Evolution” ilmiy jurnalida chop etildi.

Bundan oldin saytimizda kitsimon akulalarning hozirda mavjud soni va kamayib ketish sabablari haqida maqola berilgan edi.

Bo'limlar: Genetika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.