O’simlik hujayrasida lizosoma bormi?

O’simlik hujayrasida lizosoma bormi?

Belgiyalik sitolog va biokimyogar Kristian de Dyuv  hujayradagi ayrim moddalarning fermentativ faolligini uzoq yillar o’rgangach, ilmiy tadqiqotlari natijasida 1955 yilda hujayrada lizosoma mavjudligini kashf etdi. U 1971 yilda «hujayraning strukturaviy va funksional tuzilishi bilan bog’liq kashfiyotlari uchun» Nobel mukofotini qo’lgan kiritdi.

Xalqaro ilmiy konvensiyaga ko’ra hayvon hujayrasidagi vezikulyar organoidlarni lizosoma deb, o’simlik, zamburug’ va suvo’tlardagi vezikulyar organoidlarni esa vakuola deb nomlash qabul qilingan (ayrim hayvon hujayralarida ham vakuolalar mavjud). Lekin 1970-yillarga kelib o’simlik hujayrasidagi kashfiyotlar yuqoridagi ta’rifni shubha ostida qoldira boshladi. O’simliklardagi vezikulyar organoidlar tarkibiga ko’ra avval o’ylanganidek sodda emasligi aniqlandi. Boisi ayrim o’simlik vakuolalari o’zining xususiy gidrolitik fermentlariga egaligi bilan klassik lizosomalarning ayni o’zi ekanligini bir necha ilmiy tadqiqotlar ochib berdi. Bu esa ushbu vakuolalar hayvon hujayrasidagi lizosomalar bajaradigan funksiyaning ayni o’zini bajarishini bildiradi.

Lizosoma kashfiyotchisi de Dyuv lizosomaga ta’rif berar ekan, quyidagicha fikrni aytib o’tadi: «agar u hujayra ichidagi parchalanish jarayonida bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi tizimning bir bo’lagi sifatida ko’riladigan bo’lsa, lizosoma termini fiziologik birlik bo’lishi kerak«, mana shu bois ham aksariyat botaniklar o’simliklardagi vakuolalar ayni lizosomalarning o’zi deb hisoblashadi. Lekin, o’simlik hujayrasidagi vakuolalarda lizosomalardagi kabi ayrim maxsus fermentlar, fagotsitoz va ekzositoz xususiyatlari mavjud emasligi uchun bu holat hamon bahs mavzusi bo’lib qolmoqda.

Saytimizda ushbu maqolaga aloqador Lizosomalar va ularning turlari haqida ham maqola berilgan edi.

Atamalar: de dyuv, hujayra, lizosoma

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.