O’simlik hujayrasida sitokinez qanday kechadi?

O’simlik hujayrasida sitokinez qanday kechadi?

O’simliklarda hujayra devori mavjudligi sabab ulardagi sitokinez jarayoni hayvon hujayrasidagi sitokinez jarayonidan farq qiladi. Hayvon hujayrasida o’rtasida qisqaruvchi halqa shakllanar va u asta-sekin qisqarib borib hujayrani teng ikkiga bo’lar edi. O’simliklarda esa mana shu qisqaruvchi halqa o’rniga hosil bo’layotgan ikki yosh qiz hujayraning o’rtasida hujayra plastinkasi deb nomlangan, tarkibida pektin moddasi saqlaydigan to’siq hosil bo’ladi.

Hujayra plastinkasining hosil bo’lish jarayoni quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi:

1) hujayra plastinkasining hosil bo’lish jarayonini boshqaradigan va jarayonni qo’llab-quvvatlaydigan ko’plab mikronaychalardan iborat fragmoplast hosil bo’ladi;

Shu yerda fragmoplast nima ekanligiga ozgina izoh berib o’tsam, u endoplazmatik to’rning hosilasi bo’lib, hujayra plastinkasining ikki tomonida uni tutib turadi. Xuddi stolning uzun-uzun oyoqlari kabi tasavvur qilish mumkin. Oyoqlar bu o’sha fragmoplast va u endoplazmatik to’rning tarkibiy qismi.

2) bo’linayotgan hujayraning ikkala tarafidan sitoplazmadagi vakuolalar hujayraning bo’linish yuzasiga keladi va ularning o’zaro qo’shilishi hisobiga vakuolyar naychalar tizimi shakllanadi;

3) membrana naychalarining qo’shilishi davom etib, so’ng ular asta-sekinlik bilan membrana varaqlariga aylanadi, ushbu varaqlar yuzasida dastlab o’simlik polisaxaridi bo’lgan kalloza yotqiziladi, xuddi devorni shuvalgandek shu modda dastlabki membrana yuzasiga qoplanadi, undan so’ng selluloza va membranaga xos bo’lgan boshqa moddalar qoplanadi.

4) hujayra plastikasi hosil bo’lishida qatnashayotgan ortiqcha moddalar va ortib qolgan membrana bo’laklarining hujayra tomonidan qaytadan ishlanadi;

5) Va hosil bo’lgan hujayra plastinkasi ona hujayra devori bilan birlashadi.

Sitokinez jarayonida fragmoplast mitoz jarayonidagi bo’linish urchug’i qoldiqlari hisobiga shakllanadi va ular sitoplazma bo’ylab tarqalib yurgan vakuolalarning bo’linish yuzasiga kelishini ta’minlaydi. Ushbu vakuolalar tarkibida yangi qiz hujayralarning membranasi hosil bo’lishida qatnashuvchi turli xil lipid, oqsil va uglevodlar bo’ladi. Tadqiqotlar hujayra plastinkasining hosil bo’lishida asosiy manba bo’lib xizmat qiluvchi ushbu vakuolalarning manbai Golji majmuasi ekanligini ko’rsatgan.

Yuqoridagilardan ko’rinib turibdiki, o’simliklarda sitokinez jarayonining sodir bo’lishi uchun Golji majmuasi ham, endoplazmatik to’r ham bir xilda faoliyat ko’rsatadi. Aynan hujayra plastinkasi Golji majmuasidan hosil bo’lgan vakuolalar hisobiga yuzaga keladigan bo’lsa, ana o’sha vakuolalarni hujayraning bo’lish yuzasiga to’plab, jarayonni tashkil qiladigan fragmoplastlar esa endoplazmatik to’rning hosilalari hisoblanadi.

Bundan avvalgi maqolamizda hosil qiluvchi to’qima va uning xillari haqida so’z yuritgan edik.

Bo'limlar: Botanika

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.