O’zbekistonda mo’jizaviy steviya o’simligini o’stirish istiqbollari

Sojida Qulmamatova
Termiz davlat universiteti

biologiya yo’nalishi 2-bosqich talabasi

Hozirgi paytda mamlakatimizning farmatsevtika, biologiya va qishloq xo’jaligi sohasi oldida yirik muammolar o’z yechimini kutib turibdi.

O’zbekistonda sog’lom turmush tarzini to’g’ri tashkil etish va insonning barqaror salomatligini ta’minlash uchun mahalliy sharoitda iqlimlashtirilgan dorivor, shifobaxsh hamda iqtisodiy samaradorligi yuqori bo’lgan o’simliklardan oqilona foydalanish dolzarb vazifa hisoblanadi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida O’zbekistonda bir nechta qonun xujjatlari qabul qilingan. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 17 iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori imzolangan.

Shunday istiqbolli dorivor giyohlardan biri steviya o’simligidir. Hozirgi vaqtda 15 dan ortiq davlatlar (AQSh, Angliya, Frantsiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Kanada, Rossiya, Ukraina va boshqalar) steviyani ko’paytirib, qandolatchilik, shirin ichimliklar, parhez taomlar, konservalar va dori-darmon tayyorlashda keng miqyosda foydalanib kelmoqdalar. Yer yuzida steviya o’simligining 300 ga yaqin turi bo’lib, farmatsevtika sanoatida keng miqyosida faqatgina stevia rebaudiana Bertoni turining barg xom-ashyosidan olinadigan turli mahsulotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Aslida bu o’simlikning vatani Paragvay davlati hisoblanib, u yerning mahalliy tub aholisi 15 asrdan beri undan “Steviya choyi” va boshqa dori shakllari ko’rinishida foydalanishmoqda.

O’zbekistonaholisi esa 1987 yildan buyon bu o’simlikni taniydilar va steviyaning dorivorlik va shifobaxshlik xususiyatlarini biladilar.

Xo’sh, steviya qanday o’simlik ekan?

Steviya ko’p yillik o’t o’simlik bo’lib, qoqio’tdoshlar (Asteraceae) oilasiga mansub.  Janubiy Amerikaning tropik mintaqasiga moslashgan bu o’simlikning bargida shirin ta’m beruvchi 6-7% steviozid moddasi mavjud bo’lib, u iste’mol qilinadigan shakarga nisbatan 200-300 marotaba shirin bo’lsada past kaloriya beradi, quvvat manbaiga ega emas. Xalqaro bozorda steviyaning 1 kg quruq bargi 340 dollar, 1 kg suyuq kontsentrati 306 dollar va 1 kg kontsentrlangan ekstrakt tabletkalari 4990 dollarda baholanadi.

Bizga ma’lumki, olimlar tomonidan har qanday yangi topilgan o’simlikning ilmiy nomlanishi va botanik xususiyatlarini o’rganish natijasida olingan ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Xalqaro botanik olimlar guruhining talabiga ko’ra tabiatda o’simlikni kim birinchi bo’lib aniqlagan va botanik tavsifini ilmiy jihatdan tushuntirib bergan bo’lsa o’sha muallifning nomi bilan yuritiladi. Shu nuqtai nazardan 1887 yilda Paragvay davlati hududi sharoitida o’simlikni Italiyalik tabiatshunos olim Moezis Santiogo Bertoni aniqlagan. Shuningdek 1899 yilda Paragvaylik kimyogar Rebaudi sharafiga o’simlikni yangi tur sifatida nomlanib, botanika jurnalida (Asunsonda) stevia rebaudiana Bertoni deb e’lon qilingan. Stevia so’zi esa XVI asrda yashagan buyuk ispan vrachi Esteve nomiga berilgan.

1901 yillarda Paragvayning poytaxti Asunsonda Britaniya elchisi bo’lgan K. Gozlingning yozishicha, Guarani hindulari bu o’simlikni “kaa-exe” deb atagan bo’lib, “shirin o’t” yoki “asal barg” ma’nosini bildirgan. Shuningdek, o’simlikning bir nechta mahalliy nomlari: Stevia, Sweet, leaf of Paraguay, caa-he-ee, kaa jhee, sweet-herd, honey leaf, candy leaf lar mavjud.

O’zbekiston uchun steviya o’simligining qanday ahamiyati bor?

Yana o’rinli savol paydo bo’ladi. Shunday javob berish mumkinki,  O’zbekistonda yana bitta istiqbolli o’simlik iqlimlashtirildi va keng plantatsiyalarda parvarish qilinmoqda. Shunday holatga yetib kelguncha va O’zbekistonda “Steviya iqlimlashtirildi” deyish uchun  juda katta mashaqqatli sinov va mehnat talab etilgan. Bu holatlarni Termiz davlat universiteti Botanika kafedrasining mudiri, dotsent, biologiya fanlari nomzodi Abdusamat Begmatovning “Botanika” fanidan o’qigan ma’ruza va amaliy mashg’ulot darslarida va ilmiy konferentsiyalar paytida tadqiqot natijalarini asoslab berish jarayonida ko’rib, eshitib  tushunib olganman.

Meni qiziqtirgan tomoni shuki, o’simlikning bargi va poyasida shirin ta’m beruvchi moddalarning to’planishi, hattoki 6-7 dona bargidan foydalanib  shirin “Steviya choyi”ni bir zumda tayyorlash mumkin.

Men steviya o’simligi bo’yicha olingan tadqiqot natijalarini o’rganish jarayonida quyidagi ma’lumotlarni: O’zbekistonda birinchi marta  dotsent
A. Begmatov tomonidan O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining “Botanika” ilmiy-ishlab chiqarish markazida “Surxondaryo viloyati sharoitida stevia rebaudiana Bertoni ning bioekologik xususiyatlari” nomli dissertatsiya ishi muvaffaqiyatli himoya qilinganligi va hozirgi paytda Toshkent farmatsevtika institutida turli dori shakllarini olish bo’yicha tadqiqotlar davom etayotganligini aniqladim.

O’zbekistonga  steviya o’simligining nihollari birinchi marta 1987 yilda ya’ni professor G.Ye. Shmaraev tomonidan Paragvaydan O’zbekiston O’simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot institutiga olib kelingan hamda ular bu dargohda vegetativ yo’l bilan issiqxona va ochiq dala sharoitida o’stirish yo’llarini o’rganishgan. Keyinchalik tadqiqotlar O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Genetika va o’simliklar eksperimental biologiyasi” ilmiy tekshirish instituti, O’zbekiston Milliy universitetining “Genetika va sitombriologiya” kafedrasida olib borilgan. Hozirgi paytda steviya o’simligini O’zbekiston sharoitida iqlimlashtirilganligi va keng ochiq dala maydonlarida parvarish qilinayotganligi zamirida ko’pgina buyuk insonlarning jumladan, Akademik J.A. Musaev, professorlar J.Yu. Tursunov, I.V. Belolipov, dotsent A.M. Begmatov, o’qituvchi B. Boyqobilov va “Olloxyoroxun-steviya eksperimental fermer xo’jaligi” rahbari  H. Olloyorovlarning katta hissalari borligini angladim.

Bugungi kunda Surxondaryo viloyatining Sho’rchi tumani hududida tashkil etilgan fermer xo’jalikning 1 gektar yerida “steviya urug’ko’chati” o’stirilmoqda va ochiq dalaga esa mart oyi oxirida o’tqazilishi rejalashtirilgan. Tekshirishlarimizda termostat sharoitida 2018 yil noyabr oyida steviya urug’ining unuvchanligini 87±0,3% va dalada esa urug’larning o’z-o’zidan unib chiqish ko’rsatkichi 36±0,2% tashkil etdi.

Aynan shu sharoitda yetishtirilgan steviya bargi tarkibidagi steviozid moddasi miqdorining (shirinligi) ancha yuqori 12,5-13% ekanligi aniqlandi. Bunday yuqori miqdordagi ko’rsatkichning sababini bevosita iqlim omillarini (yuqori harorat) ta’siri natijasi deb izohlash mumkin. Steviozid miqdori (diterpen glikozid) ning ko’rsatkichi hattoki vatani bo’lgan Paragvayda
6-7%, Rossiyada esa 10% ni tashkil etadi.

Xulosa

Shunday qilib, O’zbekistonning mukammal 2017-2021 yillarga mo’ljallangan harakatlar strategiyasidagi “Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari”ga muvofiq hozirgi paytda “Steviya choyi” va qandli diabet bilan og’rigan bemorlarga “Steviyali non” ishlab chiqarish yo’lga quyilgan. Istiqboldagi rejalar esa steviya maydonlarini 1000 ga yetkazish va tayyor mahsulotlarni shu yerning o’zida ishlab chiqarish, qadoqlash va startaplarni amalga oshirishdan iborat.

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.