Palinologiya – o’simlik changini o’rganuvchi fan

Palinologiya – o’simlik changini o’rganuvchi fan

Biologiyaning, xususan botanika fanining o’simlik changlari va sporalarini tadqiq etuvchi alohida bo’limi mavjud, bu palinologiyadir. Palinologiya mustaqil fan sifatida dunyoga kelganiga yetarli vaqt bo’lgan. Mikroskop kashf etilganidan so’ng XVII asrda birinchilardan bo’lib Neemiya Gryu o’simlik changlari haqida yozib qoldirgan. U ilk marotaba o’simlik chang hujayralarini tadqiq etar ekan, ular o’simliklar ko’payishida muhim o’rin tutishini ko’rsatib bergan. «Palinologiya» atamasi esa keyinchalik 1944-yilda H.A.Hayd va D.A.Uilyams tomonidan «Pollen Analysis Circular» sahifasida geolog Ernest Antevs bilan suhbatdan keyin kiritildi. Fanni nomlash uchun Hayd va Uilyams yunon tilida «sachratmoq», to’g’ridan-to’g’ri ma’nosi «chang» bo’lgan paluno so’zini tanlashadi

Palinologiya bilan shug’ullanuvchi kishilar palinolog deb ataladi. Klassik palinolog havo, suv, yer jinsi, qazilma holdagi qoldiqlardagi (ularning necha yoshda bo’lishi ahamiyatsiz) chang va spora donachalarini tahlil qiladi. Chang donachalarining holatini, identifikatsiyasi, organik va anorganik tuzilishiga qarab mutaxassislar o’sha davr hayoti haqida kengroq tushunchaga ega bo’lishadi. Chang donachalari asosida yerda hayotning qanday rivojlanganligini tadqiq etadigan alohida olimlar jamoasi mavjud.

Palinologiya bo’limlari

Palinologiya o’z ichiga bir qancha boshqa bo’limlarni birlashtiradi. Quyida mana shular bilan tanishib o’tamiz:
Palinomorfomologiya – palinologiyaning asosiy tarmoqlaridan biri bo’lib, spora va chang donachalarining shakli, tuzilishi, rivojlanishini o’rganadi. Asosan ushbu donachalarning yuzasini qoplab olgan ekzosporiyasini tadqiq etadi. Ushbu qobiqlar asosiy morfologik belgilar hisoblanib, spora va chang tahlilida chang va sporalarni aniqlashda muhim o’rin tutadi.
Palinotaksonomiya – o’simliklar sistematikasida palinomorfologik solishtirma tadqiqotlar bilan shug’ullanadi.
Melittopalinologiya – asal tarkibidagi gul changi tarkibini o’rganadi.
Tibbiyot palinologiyasi – bir qancha allergiya kasalliklarining kelib chiqish sabablarini o’rganadi.
Jinoyat palinologiyasi – kriminalistikada o’tkaziladigan spora va chang tahlillarini tadqiq etadi.

Mazkur fan ayni vaqtda qazilma holdagi yer qatlamlaridagi palinomorf moddalar, jumladan, o’simlik changlari, sporalar, orbikulalar, dinosistalar, akritarxilar, xitinozoalar, skolekodontlarni tadqiq etadi. Shu bilan birga shuni ham qayd etish lozimki, palinologiya qazilmalar tarkibidagi diatomlar, foraminiferalar, hujayra qobig’i kremniy va ohaktoshdan iborat bo’lgan mayda organizmlarni tadqiq etmaydi. 

Palinomorflar tuzilish jihatda juda mayda moddalar bo’lib ularning o’lchami 5 – 500 mikrometrga yetadi. Palinomorf tuzilmalarga dinosistatlar, akritarxilar, sporalar, o’simlik changlari, zamburug’ sporalari, skolekodontlar, bo’g’imoyoqlilar organlari (masalan, hasharotlarning og’iz aparati), xitinizoalar va mikroforalar kiradi.

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.