Bundan oldingi biologiyadan dunyo yangiliklari xabarida yangi parazitoid yaydoqchi turi kashf qilinganligi haqida yozgandan keyin, parazit va parazitoid tushunchalari orasida farq borligi haqida Sizlarga ham ma’lumot berish kerak deb o’yladim. Haqiqatdan ham, bu ikki termin bir-biridan biroz farq qiladi. Quyida ularning har birini alohida ta’rifini keltiraman.
Parazit – bu turlarning o’zaro antogonistik munosabati bo’lib, bunda bir tur ikkinchi bir boshqa xo’jayin turdan yashash muhiti, ozuqa sifatida foydalanadi va unga albatta ziyon keltiradi. Parazitlikning muhim jihati shundaki, bunda parazit xo’jayin turni halok qilmaydi. Tipik parazitlarga sodda hayvonlar, tasmasimon chuvalchanglar, ayrim halqali chuvalchanglar, molluskalar, bo’g’imoyoqliklarni misol qilib keltirish mumkin.
Masalan, ko’pchiligimiz bilgan qoramol tashmasimon chuvalchangi to’liq holatda parazit holda yashaydi va xo’jayin organizm hisobiga uzoq vaqt davomida yashashga harakat qiladi. Parazitlikda xo’jayin organizm ham o’z parazitiga moslashib boradi, bu esa koevolutsiya jarayoniga yaqqol misol bo’la oladi. Bu haqida boshqa postlarda batafsil aytib beraman.
Parazitoid – ushbu munosabat turi parazitlikdan farq qilib, bunda hayvonning ma’lum bir rivojlanish davri (asosan lichinkalik davri) parazitlik bilan kechadi, parazitdan farqi parazitoid o’z xo’jayinini halok qilish bilan tugatadi. Parazitoid atamasini 1913 yilda nemis yozuvchisi O.M.Reyter qo’llagan, uni aynan biologiya faniga ingliz mirmekologi (mirmekologiya – chumolilarni o’rganuvchi fan) Uilyam Uiler kiritgan.
Masalan, yaydoqchilarni tipik parazitoid desak bo’ladi. Chunki ular tuxumini aynan boshqa hasharotlarning qurti ichiga qo’yadi. Tuxum qurt ichida rivojlanib, uning ichki qismi bilan oziqlanadi va oxir-oqibat uni halok qiladi. Halok bo’lgan qurt ichidan voyaga yetgan yaydoqchi chiqadi. Voyaga yetgan hasharot esa parazitlik qilmaydi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.