Qon guruh sistemalari

Qon guruh sistemalari

Xalqaro qon quyish jamiyati hozirgi vaqtda 36 turdagi qon guruh sistemalari mavjudligini qayd etgan. Barchaga ma’lum ABO va rezus sistemadan tashqari qizil qon tanachalari yuzasida juda ko’p antigenlar aniqlangan. Qon guruhi eritrotsitlardagi barcha qon guruhi sistemalarini o’z ichiga oladi. Qon guruhlari bilan ishlashda faqat ularning qon quyishdagi ahamiyati emas, balki eritrotsitlar yuzasidagi antigenlarga aloqador kasalliklarni ham e’tiborga olish lozim. Karl Landshteyner 1900-yilda ABO qon guruhlar sistemasini kashf etdi (Bu ishi uchun 1930-yilda Nobel mukofoti bilan taqdirlandi). Keyinchalik, Yan Yanskiy inson qon guruhlarini 4 ga ajratdi.


Qon guruhlari. Hozirda 36 turdagi qon guruh sistemasi mavjud bo’lib, 346 dan ortiq antigenlar aniqlangan. Bu qon guruh sistemalarining deyarli barcha genlari avtosomal, ba’zilari esa ham X ham Y xromosomada joylashgan. Bu antigenlar integral oqsillar (rezus[Rh], Kell), glikoproteinlar yoki glikolipidlar (ABO) bo’lishi mumkin.


ABO sistemasi
36 ta qon guruhlari sistemasi ichida ABO sistemasi qon quyishda va organni ko’chirib o’tkazishda eng muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. 6 oylikdan katta bo’lgan har qanday odamning qonida ko’p miqdorda anti-A va/yoki anti-B antitanalari mavjud. O qon guruhiga(1-qon guruhi) ega kishilarning qonida A, B antigenlari bo’masada, ularda ikki xil antitana mavjud.
H antigen. H antigen ABO qon guruhining antigenlari uchun prekursor(turtki) vazifasini bajaradi. Qaysi qon guruhiga mansub bo’lishidan qati nazar u barcha qizil qon tanachalarida mavjud. Kamyob Bombey fenotipida H genlarining gomozigotaligi (HH) uchun ular eritrotsitlarda mavjud bo’lmaydi. Uning yo’qligi A va B antigenlarning ham yo’qolishiga sabab bo’ladi.

Rezus sistemasi.

Rezus sistemasi ABO sistemasidan keyin ikkinchi muhim sistema hisoblanadi. Hozirda bu tizimga aloqador 50 ta antigen o’rganilgan bo’lib, shundan 5 tasi muhim ahamiyatga ega. Qizil qon tanachalarining(QQT) yuzasida Rh faktor (immunogen D- antigen) bo’lishi yoki bo’lmasligi mumkin. Shunga ko’ra qon guruhi Rh-musbat yoki Rh-manfiy bo’ladi. ABO tizimidan farqli ravishda D-manfiy eritrotsiti bor odamning qonida anti-Rh antitanalari mavjud emas. Qachonki, qonda D-musbat antigen paydo bo’lsa bunday antitanalar shakllanadi. Anti-Rh antitanalar immunoglobulin G (IgG) tabiatiga egaligi uchun yo’ldoshdan o’ta oladi.


MNS antigen sistemasi
Birinchi marta Landshteyner va Levin bu sistemani tavsiflagan bo’lib, bu sistema 2 ta genga asoslangan : Glikoforin A va Glikoforin B. Bu qon guruhi 4-xromosomada joylashgan avtosomal genlar va 1 juft kodominant allellar LM va LN tomonidan boshqariladi. Anti-M va Anti-N antitanalari odatda IgM tipida bo’lib, qon quyishdagi reaksiyalarga juda ham kam bog’liq.


Luteran sistemasi
Luteran sistemasi 4 juft allel antigenlardan iborat bo’lib, 19-xromosomada joylashgan gendan sintezlanadigan Luteran glikoproteinining bitta aminokislotasi almashishi bilan namoyon bo’ladi. Bu qon guruhiga nisbatan antitanalar hosil bo’lishi kamdan kam kuzatiladi va klinik ahamiyatga ega emas.

Kell sistemasi
Bu eritrotsitlar antigeni 3-eng muhim qon guruh sistemasi hisoblanadi( ABO va Rh dan keyingi). Bu qon guruh sistemasi anti-K antitanasi bilan bog’liq. 25 ta Kell antigeni aniqlangan. Anti-K antitanasi homilada va yangi tug’ilgan chaqaloqda og’ir gemolitik kasallik va qon quyish bilan bog’liq gemolitik reaksiyalarga sabab bo’ladi.

Qon quyishda muhim qon guruhlari
Hozirgi vaqtda asosiy 8 tipdagi qon mavjud bo’lib, ular turlicha tarqalgan.
I Rh+ 35% I Rh- 13%
II Rh+ 30% II Rh- 8%
III Rh+ 8% III Rh- 2%
IV Rh+ 2% IV Rh- 1%

Bo'limlar: Fiziologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.