Qon tomirlar katta-kichik shakldagi naylar tizimidan tuzilgan bo’lib, qonni barcha a’zo va to’qimalarga yetkazib berish va qonni faqat qon tomirlarda oqishini ta’minlaydi. Qon tomirlarga arteriyalar, arteriolalar, qon kapillyarlari(gemokapillyarlar), venullalar, venalar va arteriolavenullar anastomozlar kiradi.
Tomirlar devorining tuzilishi. Kapillyarlardan tashqari boshqa qon tomirlarining devori bir xil qavatlardan iborat bo’ladi. Ammo, ular ham bir biridan bir necha xil xususiyatlari bilan farqlanadi. Tomirlar devori qavatlari:
Ichki – tunica intima;
O’rta – tunica media;
Tashqi – tunica externa seu adventitia.
Tomirlar devorining ichki tuzilishi
Tomirlarning ichki qavati endoteliy, endoteliy osti qavati va elastik tolalardan iborat. Endoteliy epiteliy to’qimasining maxsus turi bo’lib, qon va to’qima suyuqligi o’rtasida yarimo’tkazgich vazifasini bajaradi. Endoteliy bazal membranada yotadi. Tomirlar ichki devorida bir tekis joylashadi, yadrosi bor qismi bo’rtib turadi. Tomir endoteliysining vazifalari turlicha:
- O’zidan antitrombotik omil ishlab chiqaradi. U qonning qon tomirlar ichida ivib qolmasligini ta’minlaydi.
- Mahalliy qon tomirlari tonusini va qon oqishini ta’minlab turadi.
- Ular immun hamda yallig’lanish jarayonlarida ishtirok etadi. Ular maxsus moddalar ishlab chiqaradi, ular interleykinlar deyiladi. Ular yallig’lanish o’chog’ida leykotsitlarning faollashishini ta’minlaydi.
Endoteliy osti qavati siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qimadan tashkil topgan bo’lib, o’zida ko’p miqdorda yulduzsimon hujayralar ham tutadi. Bu qavatda shuningdek, ko’ndalang yo’nalgan mushak hujayralarini ham uchratish mumkin.
Endoteliy osti qavatidan chuqurroqda siyrak elastik tolalar qavati joylashgan bo’lib, ular halqasiman va bo’ylama tartibda joylashgan.
Tomirlarning o’rta qavati halqasimon joylashgan mushak tolalari va ular orasidagi elastik va to’rsimon tolalardan iborat.
Tomirlarning tashqi ya’ni adventitsial qavati shakllanmagan biriktiruvchi to’qimadan tuzilgan bo’lib, unda ko’p miqdorda kollagen va elastik tolalar bo’ladi. Tomirlarning tashqi qavati boshqa a’zolarning biriktiruvchi to’qimasi bilan qo’shilib ketadi. Tashqi qavatda tomirlarning tomiri(vasa vasorum) va nervi(nervi vasorum) joylashgan bo’ladi. Ular tomir devorining oziqlanishi va inervatsiyasini ta’minlaydi.
Arteriyalar devorining tuzilishiga ko’ra 3 guruhga bo’linadi: elastik tipdagi, mushak-elastik tipdagi va mushak tipidagi arteriyalar.
Qon tomirlarning solishtirma xossalari
Qon tomir tipi | Diametri | Ichki parda | O’rta parda | Tashqi parda | Ahamiyati |
Elastik tipdagi arteriyalar | 10 mm | Endoteliy, subendoteliy, elastik tola qavati | Darchali elastik membranalar, oz miqdorida mushak tolasi | Siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qima, tomirlarning tomiri va nervi | Elastik xususiyati tufayli qonning yuqori bosimidan keyin shaklini qayta tiklay oladi. |
Mushak tipidagi arteriyalar | 10-1 mm | Endoteliy, subendoteliy, elastik membrana | Spiral yo’nalgan muskul tolalaridan | Siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to’qima, tomirlarning tomiri va nervi | Ko’p miqdordagi muskul tolalari a’zolarning to’liq qon bilan ta’minlaydi va qonni arteriolalarga o’tkazib beradi |
Mayda arteriyalar | 1-0,1 mm | Endoteliy, biriktiruvchi to’qima, muskul hujayralari | 3-10 qavat mushak hujayralari | Shakllanmagan biriktiruvchi to’qima, lekin tomirlarning tomirlari yo’q | Qonni arteriolalarga o’tkazib beradi |
Arteriolalar | 100-10 µm | Endoteliy, biriktiruvchi to’qima | 1-3 qavat mushak hujayralari | Yupqa shakllanmagan biriktiruvchi to’qima | Kapillyarlarga qon o’tishini ta’minlaydi |
Kapillyarlar | 10-4 µm | Faqat endoteliy | Faqat peritsitlar | Yo’q | Moddalar almashinuvi sodir bo’ladi |
Venullalar | 10-100 µm | Faqat endoteliy | Siyrak muskul tolalari | Yo’q | Kapilyarlar ularga quyiladi, Leykotsitlarni biriktiruvchi to’qimadan ajratadi |
Mayda venalar | 0,1-1 mm | Endoteliy, biriktiruvchi to’qima, muskul tolalari | 2-3 qavat mushak tolalari | Siyrak tolali biriktiruvchi to’qima | Qonni venullalardan qabul qiladi |
O’rta kattalikdagi venalar | 1-10 mm | Endoteliy, biriktiruvchi to’qima, mushak hujayralari, klapanlar mavjud | 3-5 qavat mushak tolalari | Bo’ylama yo’nalgan mushak hujayralari | Qonni mayda venalardan yig’adi |
Yirik venalar | 10 mm | Endoteliy, biriktiruvchi to’qima, mushak hujayralari, klapanlar mavjud | 5 qavat mushak hujayralari, ular orasidagi kollagen tolalar | Siyrak tolali biriktiruvchi to’qima, ko’ndalang yo’nalgan mushak hujayralari | Qonni yurkka haydaydi |
Kapillyarlarning qaysi a’zoda joylashishiga ko’ra bir necha xil bo’ladi. Birinchi turi uzluksiz kapillyarlar bo’lib, uzluksiz joylashgan endoteliy va bazal membranadan iborat. Ular terida, mushakda va nerv sistemasida bo’ladi. Ikkinchisi fenestrlangan kapillyarlar bo’lib, devori kichik teshikchalar tutgan endoteliy va uzluksiz bazal membranadan iborat. Fenestrlangan kapillyarlar ichak vorsinkalarida, endokrin bezlarida va buyrak koptokchalarida bo’ladi. Uchinchisi sinusoid kapillyarlar bo’lib, ilma-teshik endoteliy va uzuq-yuluq bazal membrana tutadi. Bu turdagi kapillyarlar suyak ko’migida, taloqda va ba’zi endokrin bezlarida uchraydi. Jigar hujayralarida sinusoid kapillyarlarning maxsus turi uchraydi. Ularning bazal membranasi umuman yo’q.
Arteriol-venulyar anastomozlar, u shunday tizimki, arteriyalarda oqayotgan qon kapillyarlarga quyilmasdan to’g’ridan to’g’ri venalarga o’tib ketadi. Tomirlardagi qon oqimining boshqarilishida va qon bosimini me’yorida ushlab turishda katta ahamiyatga ega. Ular tufayli qon a’zolarga keraklicha yetkaziladi.
Muallif haqida
Izoh yozish
Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.