Quruqlikda uxlovchi o’pkali baliqlar

Quruqlikda uxlovchi o’pkali baliqlar

Baliqlarning aksariyati suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Lekin ular orasida jabrasidan tashqari o’pkasi bilan ham nafas oluvchi vakillari mavjud. Jumladan, muguztishsimonlar (Ceratodontiformes) turkumiga mansub baliqlar jabrasi bilan nafas olishdan tashqari o’pkasi bilan ham nafas oladi. Ushbu turkumga bugungi kunda 6 ta tur baliq kiradi. Ularning bittasi muguztish (Neoceratodus forsteri) Avstraliya endemigi bo’lib, jabrasiga qo’shimcha ravishda bitta o’pkasi bor. Yana bitta turi – Amerika tangachalisi yoki lepidosiren (Lepidosiren paradoxa) Janubiy Amerikada Amazonka daryosi havzasida uchraydi. Qolgan to’rt turi – ptotopterlar Afrikada tarqalgan bo’lib, Amerikada tarqalgan tur bilan birgalikda jabrasiga qo’shimcha ravishda ikkita o’pkasi bilan nafas oladi.

Afrikadagi ikki xil nafas oluvchi baliqlar protopter (Protopterus) urug’iga mansub bo’lib, unga quyidagi baliq turlari kiradi: katta yoki olachipor protopter (Protopterus aethiopicus), qo’ng’ir yoki Ga’rbiy Afrika protopteri (Protopterus annectens), kichik yoki Sharqiy Afrika protopteri (Protopterus amphibius) va dog’li protopter (Protopterus dolloi).

Protopterlar nisbatan yirik baliqlar bo’lib, ularning uzunligi 50 sm dan (kichik protopter) to 2 metrgacha (katta protopter) yetadi. Ushbu baliqlar Nil va Kongo daryolarining turli havzalarida tarqalgan bo’lib, ularga xos xususiyatlardan biri – suv havzasida suv qurib qolgan vaqtda mavsumiy uyquga ketishidir. Ular odatda suvi oqmaydigan ko’llarda yashaydi. Voyaga yetgan protopter doimiy ravishda suv yuzasiga ko’tarilib, atmosfera havosidan nafas oladi. U qabul qiladigan kislorodning 2 foizini jabralari orqali, qolgan 98% foizini o’pkasi orqali qabul qiladi. Asosan yakka holda hayot kechiradi, kamdan-kam hollarda gala bo’lib yurgan protopterlarni uchratish mumkin.

Protopterlarning uyquga ketishga tayyorgarlik ko’rishi

Yuqorida aytilganidek, protopterlarga baliqlar olamidagi boshqa hech bir baliqlarda uchramaydigan holat – mavsumiy uyquga ketish xosdir. Afrikadagi, ayniqsa uning markaziy qismidagi oqmaydigan ko’llarning aksariyati mavsumiy bo’lib, yilning ma’lum vaqtida quriydi. Ana shunday ko’llarda yashovchi protopterlar havza qurishi bilan uyquga ketadi. Lekin boshqa tomondan suvi qurimaydigan suv havzalarida yashovchi protopterlarda bunday mavsumiy uyqu kuzatilmaydi. Odatda voyaga yetkan protopterlar suv havzasidagi suv 10 sm atrofida qolganda, yoshlari esa 3-5 sm qolganda uyquga ketishga tayyorlanadi. Protopterlarning uyqu davomiyligi muhitning sharoitiga bog’liq ravishda o’rtacha 6-9 oy davom etadi, qurg’oqchilik vaqtlarida esa bu muddat yanada uzoqroq cho’zilishi mumkin. Hozirgacha qayd etilgan rekord ko’rsatkich 4 yilga teng.

Protopterlar suv havzasida suv kamayishni boshlashi bilan o’zlariga uxlash uchun maxsus chuqurcha qazishni boshlashadi. Bunda protopter havza tubidagi balchiqni og’zi bilan kavlaydi. Kavlar ekan, og’zi bilan uzib olgan tuproqni jabra ravoqlari orqali chiqarib yuboradi va dumi bilan uni chetroqqa “supurib” tashlaydi. Protopter uyasining og’zi yumaloq, chetlari silliq bo’lib, uning diametri baliqning o’lchamiga mos ravishda 5 sm to 25 sm gacha borishi mumkin. Uyaning kirish qismi tor, lekin ichki qismi baliq tanasi sig’adigan darajada keng bo’ladi. Uya ichidagi baliqning og’zi uyaning teshiga qaragan bo’lib, tanasini bukib, dumini og’zi barobar yetkazib oladi. To suv havzasidagi suv batamom qurib qolguncha vaqti-vaqti bilan boshini uya teshigidan chiqarib atmosfera havosidan nafas olib turadi. Havzada suv batamom qurigach baliq uya ichida bukilgan holatda qattiq uyquga ketadi. Suvi qurigan havza tubini sinchikovlik bilan kuzatib turib, yerdagi teshilardan protopterlarning uyalarini payqab olsa bo’ladi. Uyaning og’iz qismi baliq tomonidan berkitilsa-da, lekin nafas olish uchun kichik teshik qoldirilgan bo’ladi. Baliq o’sha teshikka og’zini to’g’rilab yotadi. Teshikdan kiradigan havo bilan nafas oladi.

Protopterlarning pillasi

Uyquga ketish bilan birga protopterlarda boshqa baliqlarda umuman uchramaydigan yana bir holat – pilla hosil qilish xususiyati mavjud. Uyquga ketayotgan baliq tanasidan ajralib chiqqan shilimshiq modda uya ichidagi tuproq bilan birgalikda qalinligi 0,05-0,06 mm keladigan yupqa qobiqni hosil qiladi. Ushbu pilla baliq tanasi zich holatda mahkam yopib turadi. Pilla va baliq terisi oralig’ida bo’sh joy qolmaydi. Pillaning ichki tomoni nam bo’lib, u baliq terisining nam holatda saqlanishini ta’minlaydi. Pilla mustahkam va yaxlit bo’lib, faqatgina baliqning o’g’iz qismidagina 1-5 mm ketadigan kichik teshigi bo’ladi xolos. Ushbu teshik orqali baliq nafas olib turadi. Pillaning hosil bo’lishi bir necha kunga cho’ziladi. Suv havzasi qurishi bilan to pilla batamom shakllanishigacha bo’lgan davr o’rtacha bir haftani tashkil qiladi.

Uyqu davridagi protopterlarning fiziologik holati, ularning uzoq vaqt davomida uxlashiga yordam beruvchi omillar biologlar uchun har doim qiziq bo’lgan. Boshqa umurtqali hayvonlar mavsumiy uyqu vaqtida tanasidagi yog’ qatlami hisobiga o’zining tirikligini saqlasa, protopterlarda bu jarayon muskul massasi hisobiga amalga oshadi. Uyquning boshlang’ich vaqtida baliq tanasidagi metabolizm faol tarzda kechsa-da, asta-sekinlik bilan u sekinlashadi va keyinchalik organizm energiyani qat’iy tejash rejimida sarflashga o’tadi. Uyqu davrida muskul hisobiga tirikligini saqlaydigan protopterlarning tana uzunligi va vazni uyqudan keyin o’zgaradi. Masalan, olti oylik uyqu davridan so’ng uzunligi 40 sm, og’irligi 374 g bo’lgan protopterning uzunligi 36 sm, vazni esa 289 ga tushib qoladi.

Protopterlarning uyqudan uyg’onishi

Protopterlarning uyqudan uyg’onish jarayoni ham qiziq kechadi. Bu jarayon havza ustida yomg’ir yog’ishni boshlashi bilan, havzada suv to’planishi bilan sodir bo’ladi. Dastlab protopter uyg’ongach uyasidan suvga chiqib, atmosfera havosidan yutoqib nafas oladi. Lekin tezda yana uyasiga qaytadi. Bu jarayon har 3-5 minut orasida sodir bo’ladi. Vaqt o’tishi bilan uyasiga qaytish oralig’i cho’zilib, oradan 6-7 soat o’tgach uyasiga qaytmaydi. Dastlabki vaqtlarda mast bo’lib qolgandek harakatlanadi. Hattoki dumining qayrilib turishi ham ma’lum muddat saqlanib turadi. Oradan 12 soatga yaqin vaqt o’tgandan keyin protopter avvalgi holatiga qaytadi va yana faol tarzda hayot kechirishga kirishadi.

Uyqu davridagi protopterlarning tanasida oqsil parchalanishi hisobiga paydo bo’lgan suv faqatgina nafas olish orqali ajraladi. Uxlayotgan baliq siydik ko’rinishidagi mochevinani tashqariga ajratib chiqarmaydi, balki uni tanasida yig’adi. Ba’zan uxlayotgan protopter tanasidagi mochevina tananing umumiy 2 foizini tashkil qiladi. Uyg’onchach baliq zudlik bilan mochevinani jabra va buyragi orqali tashqariga chiqarib yuboradi. Aslida mochevina tirik organizmlar uchun xavfli zaharlovchi modda bo’lib, boshqa umurtqalilar tanasida protopternikidan ikki ming marta kam mochevina to’planib qolsa ham u organizm halokatiga sabab bo’ladi. Lekin nima uchun protopterlarda bu jarayon yuz bermasligi biologlar uchun hanuzgacha jumboqligicha qolmoqda. Protopterlar Afrikadagi mahalliy xalqlar tomonidan go’shti uchun ovlanadigan asosiy baliq turlaridan biri hisoblanadi. Mahalliy aholi suv havzasi qurib qolgandan keyin ham suv tubidagi protopterlarning uyasini topib, baliqlarni kavlab oladi. Ayni vaqtda protopterlar Xalqaro Qizil kitobga “kamroq xavf ostida bo’lgan turlar” [LC – least concern] maqomi bilan kiritilgan bo’lishiga qaramay, mutaxassislar ularning soni yildan yilga kamayib borayotganini ta’kidlashmoqda.

Bo'limlar: Zoologiya

Muallif haqida

Izoh yozish

Faqat ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchilar fikr qoldirishlari mumkin.